Iqtisodiyot | 16:58 / 19.02.2025
26353
6 daqiqa o‘qiladi

Pensiyani avtomatik tayinlashga o‘tilmoqda. Asosiy savollarga javoblar

1 martdan boshlab, O‘zbekistonda yoshga doir pensiyani fuqaroning murojaatisiz, avtomatik ravishda tayinlashga o‘tiladi. Pensiya jamg‘armasi mas’uli Mansur Qo‘chqorov Kun.uz bilan suhbatda bu yangilik bilan nima o‘zgarishi, pensiya miqdoridan norozi bo‘lganlar qanday yo‘l tutishi va avtomatik tayinlov yana qaysi pensiyalarga nisbatan tatbiq etilishi haqida ma’lumot berdi.

Yoshga doir pensiyalarni tayinlash proaktiv tizimga o‘tyapti. Bundan odamlar nimani tushunishi kerak?

– Shu kungacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, yoshga doir pensiya tayinlash uchun fuqaroning o‘zi pensiya jamg‘armasiga murojaat etishi ko‘zda tutilgan. Oldingi davrlarni ko‘radigan bo‘lsak, fuqaroning o‘zi pensiya jamg‘armasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri borib, to‘liq hujjatlarni taqdim etishi kerak edi. 2024 yil 1 yanvardan Davlat pensiya jamg‘armasi, davlat xizmatlari markazi yoki my.gov orqali murojaat qilish ko‘zda tutilgandi. [Joriy yil] 1 martdan kuchga kiradigan tartibga ko‘ra, yoshga doir pensiya proaktiv tizim asosida tayinlanadi, bunda “Fuqarolarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga asosan, erkaklar 60, ayollar 55 yoshga to‘lgandan keyin alohida murojaatsiz pensiya tayinlash ko‘zda tutilyapti.

Umuman, odamlar uchun nima o‘zgaradi? Pensiya oladigan odamlar ko‘payadimi yoki kamayadimi?

– Oshadi, chunki ko‘plab fuqarolar mehnat daftarchamni yo‘qotib qo‘yganman [deyishi] yoki hujjatlarni yig‘ishda ovoragarchiliklarga [duch kelishi mumkin]. Byurokratiya yo‘qolib, hamma ma’lumotlar raqamlashganidan keyin, fuqaroning murojaatisiz [uning staji haqidagi ma’lumotlarni] axborot tizimlari orqali olish imkoniyati tug‘iladi.

Pensiya proaktiv tayinlangandan keyin to‘lov qaysi shaklda amalga oshirilishi fuqaroning xohishiga qarab bo‘ladi. U xohlasa naqd, xohlasa tijorat banklari orqali kartalar ochilsa, kartaga tushirib beriladi. Hozir ko‘pchilik SMS borganidan keyin plastik ochtirishga ulgurmasligi mumkin, bunda Xalq bankidan naqd pul olishi mumkin. Agar xohlasa, keyinroq kartaga o‘tkaziladi.

Fuqarolarga proaktiv tarzda pensiya tayinlanganidan keyin ular mehnat faoliyatini davom ettirishi mumkinmi?

– Albatta. Tayinlangan pensiya miqdori bunga ta’sir qilmaydi.

Agar fuqaro pensiya tayinlanishiga rozi bo‘lmasa, pensiya kamligi yoki ish staji to‘liq bo‘lmagani uchun “yana ishlayman, oyligim yaxshi, keyinroq pensiyaga chiqishni mo‘ljallayapman”, desa, Pensiya jamg‘armasiga 10 kun ichida murojaat qilishi mumkin.

2019 yilgacha 1-2-guruh nogironi bo‘lmasa, ishlab pensiya oluvchilarga 50 foiz pensiyasi to‘langan. 2019 yildan keyin pensioner ham pensiyani, ham oyligini to‘liq olishi mumkin bo‘ldi. Bunda muammo yo‘q.

Fuqarolarga qo‘shimcha ma’lumotlarni yetkazish bo‘yicha qanday xabar beriladi?

– Fuqaroning mobil telefoniga SMS xabar yuboriladi, ya’ni pensiya yoshiga to‘lganidan keyin “pensiya tayinlandi” degan xabar boradi. Agar fuqaroning o‘zining nomida telefon raqami bo‘lmasa, pochta orqali uyiga xabar yuborishimiz mumkin.

Oldingi davrlarda, masalan, 90-yillarda yoki SSCR paytida ishlagan, armiya xizmatida bo‘lgan fuqarolar bor. Ularning ish staji qanday tartibda ro‘yxatga olinadi yoki hisoblanadi?

– Agar fuqaro hozir ishlayotgan bo‘lsa, mehnat faoliyatining butun davri Yagona milliy mehnat tizimiga ishxonasi tomonidan kiritib berilishi kerak. Agar kiritilmagan davrlar bo‘lsa, pensiya tayinlanganidan keyin fuqaro qo‘shimcha hujjat taqdim etishi mumkin va hisobga olinmagan davrlar qayta hisob-kitob qilinadi.

Yoshga doir pensiyadan tashqari, yana qaysi pensiyalar tayinlanishi proaktiv tizimga o‘tkaziladi?

– Bu yil birinchi navbatda yoshga doir pensiyani o‘tkazamiz. Keyin nogironlik va imtiyozli pensiyalar (zararli ishlarda ishlayotgan fuqarolarga oldindan pensiya tayinlash)ni bosqichma-bosqich o‘tkazish joriy qilinadi.

Ular ham xuddi shunday tartibda bo‘ladi. Chunki hozir bosqichma-bosqich o‘tkazishda fuqarolarning oylik ish haqi, staji raqamlashtirilgan holda kelyapti. Keyinchalik zararli ishda ishlaydiganlarning lavozimi, o‘tkaziladigan attestatsiyalar, kerakli hujjatlar raqamlashtirilgach, proaktiv shaklda amalga oshiriladi.

O‘zi pensiya jamg‘armasi proaktiv tizimga o‘tishga tayyormi? Qaysi tashkilotlar bilan ishlayapsizlar?

– Tayyor. Avvalambor, Personallashtirish markazi bilan ishlaymiz, birinchi navbatda fuqaroning pasport ma’lumotlari, ikkinchidan, YaMMT – fuqaroning oylik ish haqi va staji haqidagi ma’lumotlarni olamiz. Undan keyin Xalq banki, Adliya vazirligi tomonidan FHDYo yoki 2016 yildan keyingi soliqqa oid ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasidan olamiz.

Madina Ochilova,
Doston Ahrorov.

Mavzuga oid