Tuyamo‘yin suv omboridagi suv sathi “o‘lik daraja”dan ham pastga tushib ketdi

O‘zbekiston 11:03 / 16.08.2022 34101

Markaziy Osiyo davlatlararo suv muvofiqlashtiruvchi komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning iyul oyida Tuyamo‘yin suv omboridagi suv hajmi 4,4-5,2 kub kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yil iyul oyining birinchi o‘n kunligida 2,2 kub kilometrgacha yoki 2 barobardan ko‘proqqa kamaygan.

Ketma-ket uch yildan beri suv omborida suv miqdori "o‘lik sath" atrofida tebranmoqda. Eos.com saytidan olingan suratlarda ham suv hajmi sezilarli darajada ozayganini ko‘rish mumkin.

 

"Tuyamo‘yin suv ombori Orol bo‘yi akvatoriyasini vegetatsiya davrida suv bilan ta’minlashda mintaqa joniga oro kirardi.

Hozir esa vaziyat abgorroq. Uchinchi yildirki, Tuyamo‘yin suv ombori sathi uzoq oylar davomida "o‘lik sathdan" pastda qolib ketmoqda.

Amudaryo o‘rta oqimida turkmanlarga suv chiqib ketish hajmi ham yildan yilga kamayishiga qaramay, quyi oqimda vaziyatni nazorat qilish qiyin kechyapti.

Amudaryo suvining kamayishi oxirgi yillarda tez-tez kuzatilmoqda. 2008, 2011, 2018 va 2021 yillarda daryoda tarixiy kamsuvlilik kuzatilgan. Salbiy tendensiya iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy sabablar fonidan yuz beryapti, suvdan noto‘g‘ri foydalanish, eskirgan sug‘orish usullari, aholi soni ortishi, suv omborlar ko‘payishi, yirik kanallarda suv olish hajmining ortishi quyi oqimda vaziyatni og‘irlashtirmoqda”, deb yozmoqda gidrometeorolog Erkin Abdulahatov.

2021 yil fevral oyidan beri suv omboridagi suv hajmi hech qachon 4 kub kilometrdan oshmagan. Oxirgi 1,5 yilning aksariyat qismida suv miqdori o‘lik hajmdan kam yoki shunga teng bo‘lgan.

Tuyamo‘yin suv omboridagi suv hajmi, km3. O‘lik hajm – 2,55 km3.

Oxirgi 60 yillikda Amudaryo quyi oqimida bir qancha salbiy voqealar kuzatilgan:

  • o‘tgan asrning 60 yillari. Yirik sug‘orish kanallari qurilishi natijasida Orol dengizining sathi pasaya boshlaydi;
  • o‘tgan asrning 80 yillari. Orol yaxlit suv havzasi sifatidagi maqomini yo‘qotadi, maydoni ikki barobar qisqarib ketadi va dengizdagi tirik organizmlar nobud bo‘ladi. Oqibatda Orolqum sho‘rxoklari paydo bo‘ladi;
  • XXI asrning boshi. Orol dengizi bir nechta ko‘llarga bo‘lindi, ulardan faqat shimolidagina suv sho‘rligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshi, boshqa joylarida suvning yuqori konsentratsiyasi kuzatila boshlaydi;
  • XXI asrning dastlabki yigirma yilligi. Amudaryoning quyi oqimi suv taqchilligidan tobora ko‘proq azob chekmoqda, u yoki bu darajada suv tanqisligi doimiy hodisaga aylandi. Oxirgi 20 yillikda faqat bittagina suv toshqini (2010 yil) kuzatilgan va Orolning sharqiy qismida hech qanday qaytadan ko‘l hosil bo‘lishi ro‘y bermadi.

“Barcha prognozlar Amudaryo quyi oqimida suv taqchilligi yildan yilga og‘irlashishini ko‘rsatmoqda. Keyinchalik quyi oqimidagi vaziyat o‘rta oqimiga o‘tadi. Quyi oqimidagi suv tanqisligi yaqin yillarda kritik nol darajagacha pasayadi va bu afsuski, yashil maydonlarni sug‘orish uchun suv chiqmay qolishiga olib keladi”, deya qo‘shimcha qildi Erkin Abdulahatov.

Ko‘proq yangiliklar: