Toshkentda “UZCHARMEXPO-2022” 12-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

Jamiyat 15:33 / 26.05.2022 6397

Ko‘rgazmaning ilk kunida Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Rossiya, Germaniya, Turkiya, Ispaniya, Polsha, Xitoy kabi charm-poyabzal sanoati rivojlangan mamlakatlarning brendlari o‘z mahsulotlari namoyishini boshlashdi. Xalqaro ko‘rgazmada qariyb 5 ming nafar ishtirokchilar tashrif buyurishi kutilmoqda. Uch kun davom etadigan ko‘rgazmada mahalliy va xorijiy charm, poyabzal, jun, mo‘yna mahsulotlari taqdim etiladi va yangi shartnomalar imzolanadi.

Dunyo charm-poyabzal va moda sanoatida katta ahamiyatga ega bu ko‘rgazma “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan.

“UZCHARMEXPO-2022” 12-xalqaro ko‘rgazmasida shu sohada faoliyat yurituvchi 100ga yaqin yirik xorijiy ishbilarmonlar qatnashishdi. Ular bu yerda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatimizdagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishishni ham o‘z ichiga olgan biznes-dastur bilan tashrif buyurishgan.

Mazkur ko‘rgazma bir yilda ikki marotaba o‘tkaziladi va o‘zaro manfaatli hamkorlik, ikki tomonlama aloqalar o‘rnatish, yangi biznes loyihalar tuzish, yirik shartnomalar tuzish uchun samarali maydon hisoblanadi.

“UZCHARMEXPO-2022” xalqaro ko‘rgazmasi nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyati, balki, B2B va G2B muzokaralari uchun samarali platformadir.

“UZCHARMEXPO-2022” dasturida mahalliy dizaynerlar tomonidan tabiiy charmdan yaratilgan poyabzal, attorlik va mo‘yna mahsulotlari, zamonaviy liboslar defelesi bo‘lib o‘tdi. Unda iste’dodli dizaynerlarning charm mahsulotlaridan tikilgan yangi kolleksiyalari namoyish etildi. Ko‘rgazma 26-27 may kunlari ham davom etadi.

Ma’lumot o‘rnida: “O‘zcharmsanoat” uyushmasi chorva mollarini so‘yish, terini qayta ishlash, poyabzal, charm buyumlar, butlovchi qismlar va aksessuarlar, poyabzal sanoati uchun mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 700dan ortiq korxonalarni o‘z atrofida birlashtiradi. Uyushma charm-poyabzal sanoatida tadbirkorlik qilish istagidagi korxona va tadbirkorlarga o‘z biznes rejalarini ishlab chiqishda yaqindan ko‘mak beradi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: