«Xitoyning talablari izchil, u doimo asosiy manfaatlarni o‘zaro hurmat qilish tarafdori. AQSh Xitoyning ichki ishlariga aralashmasligi, Xitoyning rivojlanishini tiymasligi darkor, ular shuningdek Pekinning XXR suvereniteti, xavfsizligi va taraqqiyoti manfaatlariga oid „qizil chiziqlar“ni kesib o‘tmasligi lozim», — degan Van I.
Xitoy TIV rahbari Xitoy va AQSh munosabatlari hali ham «salbiy omillar» sinoviga uchrayotganiga qaramay, barqarorlasha boshlaganini qo‘shimcha qilgan.
«[AQSh va Xitoy o‘rtasidagi] munosabatlarda salbiy omillar kuchayib, o‘sishda davom etmoqda, bu munosabatlar turli buzilishlarga duchor bo‘lmoqda», — deya qayd etgan Van I.
«Xitoyning rivojlanishga bo‘lgan qonuniy huquqlari asossiz ravishda bostirilmoqda, bizning asosiy manfaatlarimiz qiyinchiliklarga duch kelmoqda», — degan u.
XXR rahbari aynan qanday qiyinchiliklar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan, ammo ayni vaqtda ushbu ikki superderjava o‘rtasida ayrim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud, jumladan ularning Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha pozitsiyalari farqlanishi, AQSh Tayvandagi hukumatni qo‘llashi hamda Xitoydagi inson huquqlari buzilishi atrofidagi masalalar.
O‘z navbatida, Blinken o‘z so‘zlarida ancha ehtiyotkorlik qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin va Vashington «faol diplomatiya» orqali ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun mas’ul.
Shu bilan birga, u o‘zi «dunyodagi eng muhimi» deb atagan munosabatlarda noto‘g‘ri hisob-kitoblarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar haqida aniq va to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirishini ta’kidlagan.
Ushbu kelishmovchiliklarning ayrimlari shu hafta boshida, Vashington Tayvanni ham harbiy jihatdan qo‘llashni nazarda tutuvchi yordam paketini ma’qullaganida yaqqol ko‘zga tashlangandi. Bu Pekin tomonidan keskin tanqidga sabab bo‘lgan, xitoylik rasmiylar Vashingtonning harakatlarini «„yagona Xitoy siyosati“ tamoyilini jiddiy buzish» deb atagandi.
Blinkenning ushbu yurtga safari agar Xitoyning ByteDance kompaniyasi ilovani to‘qqiz oy ichida sotmaydigan bo‘lsa, TikTok Amerika hududida taqiqlanishi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi.
Juma kuni Entoni Blinken XXR raisi Si Jinping bilan ham uchrashdi. XXR rahbari Xitoy va AQSh «raqiblar emas, hamkorlar» bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va mag‘lubiyatsiz hamkorlikni AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning «uchta ustuni» deb atadi.
Kuzatuvchilar fikricha, qator masalalardagi kelishmovchiliklarga qaramay, mazkur tashrif Pekin va Vashington o‘rtasidagi muloqot hamda diplomatiyani faollashtirishning muhim qismidir.