Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyati o‘zgartiriladi

O‘zbekiston 08:42 / 20.05.2022 2762

Vazirlar Mahkamasining “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirishda shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va unga nisbatan protsessual harakatlarni markazning o‘zida amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Reabilitatsiya qilishning individual dasturi doirasida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, notinch va muammoli oilalarga ega bo‘lganlarni aniqlash, manzilli ro‘yxatlarini tuzish, nizoli holatlar oldini olish hamda oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga joylashtirish, sog‘liqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasalariga belgilangan tartibda joylashtirish hamda sog‘lig‘ini tiklash borasidagi ishlar asosiy mezon sifatida qabul qilinib, ushbu ishlarning ijrosi doimiy monitoring qilinadi.

Ichki ishlar vazirligi:

  • loyiha qiymati va tegishli ishlarni moliyalashtirish manbalarini aks ettirgan holda mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan “Ye-reabilitatsiya” elektron ish yurituv tizimini yaratish, keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish bo‘yicha texnik hujjatlarning ishlab chiqilishini hamda vakolatli organlardan ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • amaldagi mablag‘ ajratilgan sanadan boshlab olti oy muddatda “Ye-reabilitatsiya” axborot tizimini yaratilishi va ishga tushirilishini ta’minlaydi.

Bunda:

  • Ichki ishlar vazirligi “Ye-reabilitatsiya” axborot tizimini yaratish va ishga tushirishda buyurtmachi etib;
  • “Ye-reabilitatsiya” axborot tizimi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi o‘rtasidagi o‘zaro elektron hamkorlik, shu jumladan “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti yurituvidagi “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali amalga oshirilishi belgilanadi;
  • reabilitatsiya markazlarida saqlanayotgan barcha shaxslarning muammolari va ularni qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan doimiy ravishda onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat olishi ta’minlanadi;
  • reabilitatsiya markazlarida saqlanayotgan shaxslarning madaniy hordiq chiqarish, moddiy-maishiy sharoitlardan, o‘quv-badiiy va axborot materiallaridan, radio, televideniye va boshqa axborot vositalaridan foydalanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi;
  • reabilitatsiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun yetishmayotgan shtat-birliklarini davlat budjeti hisobidan, erkin yollangan shtat birliklarini mahalliy budjet hisobidan tashkil etish bo‘yicha prezident administratsiyasiga taklif kiritadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda reabilitatsiya markazlarida saqlanayotgan mehnatga layoqatli shaxslarning bandligini ta’minlash choralarini ko‘rib boradi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda reabilitatsiya markazlarida saqlanayotgan ma’lum toifadagi shaxslarni “Saxovat” va “Muruvvat” uylariga joylashtirish tadbirlarini jadallashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: