«Bu mag‘lubiyatning tan olingani» – Ilhom Aliyev Armaniston bosh vaziri Putindan yordam so‘ragani haqida gapirdi

Jahon 20:15 / 01.11.2020 35528

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putindan yordam so‘ragani haqida gapirar ekan, buni mag‘lubiyatning tan olingani deb atadi. Pashinyan kecha, 31 oktabr kuni Putinga Armanistonni qo‘riqlashni iltimos qilib xat yozgan edi.

«Bu xat, aslida, mag‘lubiyatning tan olinishi. Ular Rossiyadan harbiy yordam so‘rashdi, lekin bunga hech qanday asos yo‘q. Armanistonning qurolli kuchlari tezda Qorabog‘dan tinch yo‘l bilan olib chiqilishi kerak. Bu ish muhokamalarda hal qilinmasa, Boku oxirigacha boradi», – degan Aliyev Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu bilan uchrashuv vaqtida.

Pashinyanning xatidan so‘ng Rossiya tomoni bu holatga javob bergan va qachonki Armaniston hududida harbiy harakat olib borilsa, vaziyatga aralashishi mumkinligini aytgandi. Biroq Ilhom Aliyev Ozarboyjonning Armaniston hududida harbiy harakat olib borish niyati yo‘qligini aytgan.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Qorabog‘dagi janglar 27 sentyabrdan buyon davom etmoqda. Ozarboyjon harbiy harakatlarni Armaniston Qorabog‘dan chiqib ketgan taqdirdagina to‘xtatishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: