Markaziy bank dekabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 14,4 foizni tashkil qilib, noyabr oyiga nisbatan 0,7 foiz bandga oshgan. Bu 2023 yilning yanvar oyidan beri qayd etilgan eng baland ko‘rsatkich.
Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (57 foiz);
- kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (56 foiz);
- valuta kursi o‘zgarishi (55 foiz);
- transport xarajatlarining oshishi ( 35 foiz).
Dekabr oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashuvini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari
Dekabr oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 13,9 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 1,2 foiz bandga oshgan.
Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- valuta kursining o‘zgarishi (52 foiz);
- kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (52 foiz);
- yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (49 foiz);
- transport xarajatlarining oshishi (34 foiz).
Valuta kursining o‘zgarishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb hisoblovchi tadbirkorlarning ulushi ham oshgan.
So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma ishlab chiqarish (16 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani maishiy xizmat sohasi vakillari (12,2 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma qurilish (14,5 foiz) sohasiga, eng optimistik kutilma esa tashish xizmatlari (11,8 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (19,1 foiz) va Farg‘ona viloyatida (16,7 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Andijon (12,4 foiz) va Xorazm viloyatida (12,7 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent (16,9 foiz) va Samarqand viloyatlarida (15,2 foiz) baland, Qoraqalpog‘istonda (11,5 foiz) esa eng past bo‘lgan.
Daromadlari 15 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada shakllangan – 18,6 foiz. Toshkent shahrida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya kutayotganlar ulushi 53 foizga yetgan.