O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning tugash bilmayotgan hujumlari tufayli G‘azoda o‘lim konveyeri vujudga kelgan. Dayr-ul-Balahdagi «Al-Aqso shahidlari» shifoxonasiga halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlari olib kelinmoqda.
Isroilning G‘azo sektorining turli joylariga qilgan hujumlari natijasida o‘tgan sutka ichida 53 nafar falastinlik halok bo‘lgani va ko‘plab insonlar yaralangani xabar qilinmoqda.
Jabrlanganlar, jumladan, ko‘plab bolalar, birinchi yordam olish uchun shifoxonaga yetkazilayotgan bo‘lsa-da, dorilar yetishmasligi va infratuzilmaning vayron bo‘lgani ularning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
2023 yil 7 oktyabrdan boshlab Isroilning G‘azo sektoridagi hujumlari natijasida 46 ming 584 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ularning 17 ming 841 nafari bolalar, 12 ming 298 nafari esa ayollardir. Yaralanganlar soni 109 ming 731 kishini tashkil qiladi.
G‘azo vayronalari ostida haligacha minglab jasadlar qolmoqda. Isroil hujumlari shifoxonalar va ta’lim muassasalarini ham nishonga olib, fuqarolik infratuzilmasiga katta zarar yetkazmoqda.
HAMAS otashkesimga ko‘ndi
HAMAS va Isroil o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga oid kelishuv loyihasi bo‘yicha katta siljish kuzatildi. Hozircha kelishuvning batafsil jihatlari muhokama qilinmoqda.
Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1-bosqich — 42 kun mobaynida garovda ushlab turilgan 33 nafar Isroil fuqarolari ozod qilinadi. Isroil armiyasi esa G‘azo hududlaridan chiqishni boshlaydi.
2-bosqich — barcha erkaklar ozod qilinib, Isroil harbiylari G‘azodan to‘liq chiqib ketadi.
3-bosqich — garovda bo‘lgan va halok bo‘lgan shaxslarning jasadlari qaytariladi, G‘azoni qayta tiklash rejasi ishlab chiqiladi hamda yangi boshqaruv tizimi yaratiladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yaqin orada imzolanishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, kelishuv loyihasi HAMAS tomonidan ma’qullangan va hozirda Isroil tomonidan tasdiq kutilmoqda.
Shu bilan birga, Isroilda hokimiyatdagi koalitsiya inqirozi kuchaymoqda. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar Netanyahu mazkur kelishuvni tasdiqlasa, koalitsiyadan chiqish bilan tahdid qilmoqda.
Ben-Gvir bu kelishuvni «Isroil uchun sharmandalik va HAMAS oldida taslim bo‘lish» deb atadi.
Isroil armiyasida ish tashlash xavfi
Taxminan 200 nafar isroillik askarlar qo‘llaridagi qurolni tashlashga tayyor ekanliklarini bildirib, ochiq xat e’lon qildi. Associated Press xabariga ko‘ra, ular G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanmasa, xizmatni davom ettirmaslikka qaror qilishgan.
28 yoshli ofitser Vilkning so‘zlariga ko‘ra, armiya etika chegaralarni kesib o‘tmoqda. Uning aytishicha, bu harakat hali kichik ko‘rinsa-da, yaqin kunlarda boshqa harbiylar ham unga qo‘shilishi mumkin.
Isroil armiyasi rahbariyati xizmatdan bo‘yin tovlayotgan harbiylarga qattiq jazo, shu jumladan qamoq bilan tahdid qilmoqda.
Shuningdek, isroillik askarlar G‘azoda harbiy jinoyatlar uchun xalqaro qidiruvda ekanliklari ma’lum qilindi. Yanvar oyida bir sobiq ofitser Braziliya prokuraturasi tomonidan ayblanganidan so‘ng mamlakatdan qochgan. Shunga o‘xshash da’volar Chili, Shri-Lanka, Tailand va boshqa davlatlarda ham ko‘rib chiqilmoqda.
Sanksiyalarning Rossiya nefti savdosiga ta’siri
Amerikaning yangi sanksiyalari Rossiyaning neft eksporti bo‘yicha erishilgan hamkorliklarini izdan chiqardi. Reuters’ning xabar berishicha, 65 dan ortiq rus neft tankerlari portlarga kira olmay, dengizda qolib ketgan. Bularning katta qismi Xitoy, Hindiston, Boltiq dengizi va Uzoq Sharq sohillarida to‘xtab qolgan.
10 yanvarda AQSh Moliya vazirligi «Gazpromneft» va «Surgutneftegaz» kompaniyalariga nisbatan sanksiya joriy qilgan va Rossiya neftini tashuvchi 183 kemani qamrab olgan cheklov choralarini joriy etdi. Bu Moskva daromadlarini cheklab, Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishni to‘xtatish maqsadida amalga oshirildi.
Endi Xitoy va Hindiston Rossiyadan neft xarid qilishni kamaytirmoqda. Xitoyning Shandong porti Rossiya tankerlarini qabul qilishni taqiqladi. Boshqa tomondan, Xitoy va Hindiston kompaniyalari neft yetkazib berish uchun Janubiy Amerika, Afrika va Yaqin Sharqdan muqobil izlashga majbur.
Brent nefti narxi 13 yanvarda barreliga 81,49 dollargacha ko‘tarildi. Bunga neft tankerlariga bo‘lgan talabning ortishi va transport xarajatlarining o‘sishi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Hindiston va Xitoydan Rossiya neftini xarid qilish hajmi keskin pasayishi kutilmoqda.
Istanbulda 38 kishi qalbaki alkogoldan zaharlandi
Turkiyaning Istanbul shahrida 6 nafar o‘zbekistonlik qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Vafot etganlar orasida 35–40 yoshdagi 5 erkak va 1 ayol bor. Ular o‘z ortida voyaga yetmagan farzandlarni qoldirdi. Bosh konsulxona barcha fuqarolarni qalbaki ichimliklardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qalbaki spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va tarqatishda ayblangan ikki nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan. Ular tayyorlangan kontrafakt spirtli ichimlikdan 38 kishi zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi, ularning 11 nafari vafot etgan.
Tergov ishlari davom etmoqda, Istanbul politsiyasi keng qamrovli choralar ko‘rmoqda.
Qozog‘istonda xorijliklar uchun bank cheklovi
Qozog‘iston hukumati norezidentlar uchun bank to‘lov kartalari muddatini 12 oygacha cheklash haqida qaror qabul qildi. Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi bu cheklovni «narkotik moddalar va raqamli aktivlarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish» maqsadida joriy etdi.
Yangi qoidalar amaldagi to‘lov kartalariga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, diplomatlar, ishbilarmonlar va investorlar uchun muddat cheklanmaydi. Agentlik mijozlarga ochiladigan kartalar sonini ham qisqartirdi.
Avvalroq, Qozog‘istonda 2022–2024 yillarda 695 ming rossiyalik mahalliy banklardan karta olgani xabar qilingandi.
Kaliforniyadagi yong‘in zararlari
Kaliforniyada davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida yetkazilgan iqtisodiy zarar 250–275 milliard dollarga yetishi mumkin. AccuWeather hisob-kitoblariga ko‘ra, bu shtatning tarixidagi eng yirik ofatlardan biriga aylanishi mumkin.
Yong‘inlar 160 km² maydonni qamrab olgan bo‘lib, Santa-Monika va Malibu oralig‘idagi eng qimmat turar joy binolarini ham xavf ostiga qo‘ygan. Alanga ushbu hududda 95,9 km² maydonga tarqalgan.
Los-Anjyelesda yong‘inlar 7 yanvarda boshlanib, 12 mingdan ziyod inshootlarni vayron qildi. Kamida 24 kishi halok bo‘lgan. Prezident Jo Bayden shtatda keng ko‘lamli ofat rejimini e’lon qildi. Yong‘in hamon to‘liq o‘chirilmagan va mahalliy biznes hamda turizm sohasiga xavf saqlanmoqda.
Braziliya maktablarida telefon taqiqlandi
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva maktablarda mobil telefonlarning foydalanishini taqiqlovchi qonunni tasdiqladi. Qonunga ko‘ra, boshlang‘ich va o‘rta maktablarda telefonlardan darslarda ham, tanaffuslarda ham foydalanish man etilgan.
Prezident Lula da Silva bu chorani «o‘ta zarur» deb atadi va bu kabi tadbirlar boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanayotganini ta’kidladi. Yangi qoidalarga ko‘ra, telefonlar faqat o‘quv maqsadlarida, o‘qituvchilar nazoratida ishlatilishi mumkin.
2024 yil oktabr oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, braziliyalik ota-onalarning 82 foizi ushbu cheklovni qo‘llab-quvvatlagan. Qonun maktablarda telefonlardan ortiqcha foydalanishning sog‘liq va ta’limga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qabul qilindi.