Oilaviy nizo va kelishmovchiliklarni hal etishda mediatsiya usulini qo‘llash amaliyotga joriy etiladi. Bu xususida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan “Oilaviy mediatsiya” mavzusidagi tadbirda so‘z bordi.
Ma'lum qilinishicha, o‘z-o‘zini boshqarish organlari huzuridagi oilaviy nizolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi yarashtiruv komissiyalarining hozirgi faoliyati o‘zini oqlamayapti. Komissiya faoliyatida primitiv va noprofessional metodlardan foydalanilmoqda. Shu bois “Oila” markazi tomonidan nizolarni hal etishda zamonaviy mediatsiya usulini joriy qilish taklif qilinmoqda.
Ma'lumot uchun, mediatsiya (lotincha “mediatio” ─ “o‘rtadagi vositachilik” so‘zidan olingan) betaraf va xolis uchinchi tomon (mediator) yordamida nizolarni hal etish uslubi sanaladi. Mediatsiya turli nizolarni sudga murojaat qilmay yoki ish sudda bo‘lsa, sud qaror qabul qilgunga qadar hal etishni maqsad qiladi. Mediatsiya ixtiyoriylik, tomonlarning teng huquqligi, mediatorning mustaqil va xolisligi, mediatsiya jarayoniga o‘zga shaxslar aralashuvining bo‘lmasligi, maxfiylik, iroda erkinligi kabi prinsiplar asosida o‘tkazilishi talab etiladi.
“Jamiyat rivojining zamonaviy bosqichida oilaviy nizolar shaxsiy hayotga aralashmaslik, betaraflik, konfidensiallik huquqiga rioya qilgan holda hal etilishi lozim. Mediatsiya amaliyoti oilaviy nizo va kelishmovchiliklarni hal etishning yangi va muqobil usuli sifatida tatbiq etilishi zarur. Bunda 2018 yil 3 iyulda qabul qilingan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan ish ko‘riladi. Oldimizda turgan vazifa ushbu usulni mediatorlar va yarashtiruv komissiyalari tomonidan oilaviy nizolarni hal etish amaliyotida qo‘llashdan iborat”, ─ deydi anjumanda so‘zga chiqqan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, senator Dilorom Toshmuhammedova.
Ma'lum qilinishicha, yarashtiruv komissiyalari faoliyatiga mediatsiya usulini tatbiq etishda Germaniya, Bolgariya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ekspertlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. “Oila” markazi o‘z-o‘zini boshqarish organlari tarkibidagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarni oilaviy nizolarni hal etishda mediativ texnikalardan foydalanish bo‘yicha tizimli o‘qitishni rejalashtirgan.
“Oila” markazi mutaxassisi Gulnora Eshonxonovaga ko‘ra, oilaviy mediatsiyada ikki tarafning roziligi olinishi, mediatorni taraflar tanlashi, tomonlarning o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda bir qarorga kelishi, jarayonning maxfiy kechishi, taraflarning do‘stona munosabatini saqlab qolish kabi prinsiplar asosida ish ko‘riladi.
“Oilaviy mediatsiyani qo‘llash natijasida oila a'zolari o‘rtasidagi munosabatlar, oilaviy muhit yaxshilanadi. Er-xotin ajrashgan taqdirda ham ularning farzand tarbiyasidagi huquq va majburiyatlari to‘g‘ri taqsimlanishiga erishiladi”, ─ deydi Eshonxonova.