«Akademnashr» nashriyoti Ashxobod shahrida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi

Jamiyat 15:05 / 29.09.2015 3894

«Akademnashr» nashriyoti 2015 yil 21 — 23 sentabr kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilgan “Kitob — hamkorlik va taraqqiyot yo‘li” X xalqaro ko‘rgazma-yarmarka va ilmiy konferensiya doirasida tashkil etilgan tanlovda “Eng yaxshi badiiy nashr” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib qaytdi.
Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Turkiya, Italiya, Koreya, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston kabi mamlakatlarning 140 dan ortiq nashriyot uylari, Kembrij, Oksford, Illinoys universitetlari, Ivan Fyodorov nomidagi Moskva davlat matbaachilik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi kabi sohadagi yirik ta'lim muassalari, yirik axborot va madaniyat markazlari vakkillari, shuningdek, dunyoning taniqli adabiyotshunoslari, tarjima ustalari, olimlari, bezakchi-rassomlari, jurnalistlari ishtirok etgan ushbu yirik tadbirga O‘zbekiston delegatsiyasi ham tashrif buyurishgan edi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan tanlovda yurtimiz vakillaridan biri — «Akademnashr» nashriyoti yettita yo‘nalishdan birida g‘olib deb topildi.


— Nashriyotimiz tomonidan tanlovga taqdim etilgan kitoblarimizga hakamlar tomonidan yuqori baho berildi, — dedi «Akademnashr» nashriyoti badiiy muharriri Bahriddin Bozorov. — Ayniqsa Maxtumqulining «Asarlar» kitobi noshirchilikning eng yaxshi an'analari asosida bezatilgan kitob sifatida tanlovning “Eng yaxshi badiiy nashr” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa loyiq topilgani bizni juda sevintirdi.
«Akademnashr» nashriyoti vakilining ma'lum qilishicha, xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilingan Yusuf Xos Xojibning «Qutadg‘u bilig» asari, Maxtumqulining «Asarlar»i, Abdulla Oripovning «Sohibqiron» dramasi, Rauf Parfining «Saylanma»si, Nazar Eshonqulning «Mendan mengacha» asari, shuningdek, olmon tilida chop etilgan O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari», G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asari va «Buyuk Ipak yo‘li rivoyatlari» kitoblari, «Yod olamiz, shodlanamiz» ruknida bolalar uchun chop etilgan rangli she'r kitoblar to‘g‘risida ham tadbirga tashrif buyurgan kitobsevarlar va mutaxassislar tomonidan iliq fikrlar bildirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: