Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi va joriy yilning 1 iyunidan:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro‘yxatga olinadi;
tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkazilib, inspektor tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.
Shuningdek, tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning reyestri yuritiladi va tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.
2024 yil 1 iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2024 yil 1 oktyabrdan respublikaning qolgan barcha hududlarida birlamchi ko‘mak xonalari faoliyat boshlaydi. Ularda zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlar va ularning farzandlari 3 sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi. Ularga shoshilinch birinchi yordam, ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi, yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi.
2024 yil 1 oktyabrdan himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
2025 yil 1 yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
2024 yil 1 dekabrdan bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.
Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish haqida gapirgan edi.