O‘zbekiston | 07:31 / 25.07.2025
730
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat buyurtmasi asosida «Yangi O‘zbekiston manzaralari» turkumidagi asarlar yaratiladi

«Yangi O‘zbekiston manzaralari», «Buyuk allomalar» va «Zamon qahramonlari» kabi turkumdagi ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi to‘g‘risida nizom loyihasi ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi har yili noyabr oyida kelgusi yil uchun davlat buyurtmasining ustuvor mavzularini quyidagi turkumlar asosida belgilaydi:

«Yangi O‘zbekiston manzaralari» – Yangi O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy, shaharsozlik va madaniy o‘zgarishlar, yurt tabiati, me’morchiligi, shahar va qishloqlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, ekologik mavzular.
«Buyuk allomalar» – milliy va dunyo tamaddunida ulkan iz qoldirgan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti, boy va bebaho merosi, tarixiy shaxslar, ularning ilmiy, ma’naviy merosi, tarixiy voqealar, madaniy davrlar.
«Zamon qahramonlari» – Yangi O‘zbekistonda zamonaviy taraqqiyot va jamiyatning turli sohalarida faollik ko‘rsatgan, davrning bor fazilatini, qiyofasini aks ettirgan fidoyi insonlar, real qahramonlar, oddiy xalq va ko‘zga ko‘rinmas fidoyilar.

Mavzularni belgilashda Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi takliflari, san’atshunoslar, jamoat arboblari va ijodkorlarning fikri hisobga olinadi.

Mavzular va yo‘nalishlar har kelgusi yil uchun noyabr oyida Badiiy akademiyaning boshqaruv kengashi tomonidan muhokama qilinib, rasmiy qaror bilan tasdiqlanadi. Badiiy akademiya tasdiqlangan mavzular asosida har yili yanvar oyida ijodkorlar uchun ommaviy axborot vositalarida rasmiy e’lon beradi.

Ijodiy asarlarni yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi dastlab Badiiy akademiyaning mas’ul tarkibiy bo‘linmasi – Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan shakllantiriladi.

Ishchi organ tomonidan shakllantirilgan ijodiy asarlarni yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi boshqaruv kengashiga tavsiya etiladi hamda boshqaruv kengashining tegishli qaroriga asosan ijodiy asarlardan davlat buyurtmasi shakllantiriladi.

Ushbu davlat buyurtmasi orqali tasviriy va amaliy san’at sohasida ijodkorlarni rag‘batlantirish, ularni aniq ijtimoiy-ma’naviy vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirish, jamiyat uchun muhim mavzularni yorituvchi ijodiy asarlar yaratilishini ta’minlash ko‘zda tutiladi.

Ishchi organning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • tasviriy va amaliy san’at sohasidagi professional ijodkorlarni xalq boy ma’naviy dunyosi, ozod va obod vatan kelajagi oldidagi mas’uliyat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yorqin asarlar yaratishga yo‘naltirish hamda bu yo‘ldagi harakatlarni rag‘batlantiruvchi muhit yaratish va tashkiliy ishlarni amalga oshirish;
  • xalq boy madaniy merosi, milliy va umumbashariy qadriyatlariga hurmat tuyg‘ularini madh etuvchi, istiqlolni ulug‘lovchi, shuningdek, yoshlar qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni vatanga muhabbat tuyg‘ulari orqali tarbiyalashga qaratilgan yorqin ijodiy asarlarni yaratishga ko‘maklashish;
  • o‘zbek tasviriy va amaliy san’atining turli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, xalqimizning ushbu nafis san’atlarga bo‘lgan estetik ehtiyojini qondirish, keng yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ijodkorlarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
  • ijodkorlarning ijodiy asarlarni yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va targ‘ib qilish maqsadida davlat buyurtmalarini shakllantirish.

Mavzuga oid