Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining:
2024-2030 yillarda har yilga mo‘ljallangan bolalar uchun mashhur allomalarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi haqida ular tomonidan yozilgan hamda ularning ibratli hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus, ixcham asarlar dasturini ishlab chiqish va dastur doirasida bolalar uchun 50 nomda asarlar yaratishni nazarda tutish;
Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish;
yaratilgan yangi asarlar bilan ta’lim muassasalari va kutubxonalar fondini bepul to‘ldirib borish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.
Ishchi guruhga:
- har yili dasturga kiritiladigan asarlar ro‘yxatini shakllantirishda bolalar yozuvchi va shoirlarini keng jalb etish hamda ularga aniq ijtimoiy buyurtmalar berish;
- dastur bajarilishining doimiy monitoringini olib borish, asarlarni yaratishga jalb etilgan bolalar yozuvchi va shoirlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- keyingi yillar uchun yaratilishi mo‘ljallangan asarlar ro‘yxatini har yili 1 fevralga qadar ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish;
- kitobxonlar, ota-onalar, noshirlar va ta’lim muassasalari mutaxassislarining taklif-mulohazalarini umumlashtirish, kitob mahsulotlari milliy bozori ehtiyojlarini muntazam o‘rganib, zarur hollarda dasturga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotni har olti oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish vazifalari yuklanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Respublika bolalar kutubxonasi bolalar o‘qishi zarur bo‘lgan asarlar ro‘yxatini ishlab chiqib, ehtiyojdan kelib chiqqan holda adadini belgilash va bu haqdagi ma’lumotlarni har yili 10 yanvarga qadar ishchi guruhga kiritib boradi.
Belgilanishicha:
- dastur doirasida yaratiladigan asarlar mualliflariga qalam haqi Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;
- asarlarni nashrga tayyorlash, chop etish va tarqatish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
- Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi har yili chop etiladigan asarlarni nashrga tayyorlash va chop etish uchun eng maqbul takliflar asosida nashriyot va matbaa korxonalarini aniqlaydi;
- chop etilgan asarlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar va bolalar kutubxonalari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va uning tizimidagi axborot-kutubxona markazlari hamda Respublika bolalar kutubxonasiga bepul tarqatiladi.