Dushman so‘zini eshitganda har kimning xayolida o‘ziga zarar keltiruvchi, qarama-qarshi turuvchi, yoqimsiz bo‘lgan, doim payt poylab yuradigan o‘z dushmani gavdalanadi. Dushmanning ham turli bo‘ladi. U avvalo ichki dushman va tashqi dushmanga ajraladi. Tashqi dushman sizga ko‘rinib turadi. Undan doim ehtiyot bo‘lishga urinasiz. Hushyor yurasiz. Harakatlariga monand o‘zingizni himoyalashga urinasiz. Ko‘ksingizga qadagan tig‘i ham ochiq-oshkora.
Ichki dushmanda-chi? Aslida ko‘proq qo‘rqishimiz lozim bo‘lgani ham ichki dushmanimiz emasmi? Ichki dushmaningiz o‘zini ham, sizga nisbatan adovatini ham ko‘rsatmaydi. Pichoqni-da ortdan, sezdirmaygina uradi. Pana-panada sizga tish qayrayotganini xayolingizga ham keltirmaysiz. Tasavvufda, dinda ichki dushman sifatida insonning o‘z nafsi ham ko‘rsatiladi.
Qoraqalpoq yozuvchisi Muradboy Nizanov o‘zining «Dushman» nomli romanida dushmanlikning har turini qoraqalpoq xalqi, xususan, Qudaynazar, talqinida ko‘rsatib bergan.
Syujyet:
Asarda uch avlod taqdiri ko‘rsatiladi: Otanazar, Otanazarning o‘g‘li Qudaynazar, Qudaynazarning merosxo‘ri Irisnazar. Otanazar davrida ko‘proq qoraqalpoq xalqining nisbatan tinch hayoti, ovul odamlarining bir-biriga oqibati haqida hikoya qilinadi.
Qudaynazar davrida esa qizillarning bosib kelishi, hammani yoppasiga kambag‘allashtirish siyosati, boylarning talon-toroj qilinishi va urushning boshlanishi. Ovulning bu og‘ir holatida Qudaynazar qanday tadbirlar qilganligi, xalq dardiga qanchalik malham bo‘lolganligi, el boshini birlashtirib turganligi asarda aks etgan.
Irisnazar esa ikkinchi jahon urushida qatnashadi. 7 yil yurtidan uzoqda azob chekadi. O‘zini o‘limdan asrab qolgan nemis, aslida, partizan qizi bo‘lmish Margaritani ovulga yetaklab keladi. Margarita musulmonlikni qabul qilib, Maryam ismini oladi va ovulda rus tilidan maktabda dars bera boshlaydi.
Tez orada biladiki, bolalar rus tilidan hech narsani bilishmaydi. 9-sinf o‘quvchilar 1-sinf biladigan narsalardan ham bexabar. Hamma narsani boshidan boshlamoqchi bo‘lgan Maryam maktab direktori bo‘lgan va u kelguncha rus tilidan bolalarga ta’lim bergan Jo‘ldas muallimning tazyiqiga uchraydi.
Maryamning qat’iyatli qaroridan qaytmaganini ko‘rgan direktor endi pastkashlik yo‘liga o‘tadi. Urushni keltirib chiqargan nemis fashistlaridan alamzada xalqni qayrashga o‘tadi. Butun ovulga Maryam nemis millatiga mansubligini e’lon qilib, bolalarni ham unga qarshi qayraydi. Maryam maktabga borolmay qoladi. Har yoqdan tazyiqqa duch kelavergach ketib qoladi. Uni Irisnazar qaytarib olib keladi. Xalqqa nemis millatining hammasi ham yomon emasligini, Maryam esa nemislardan uzoq manzillarda tug‘ilib o‘sganligini, hech qanday dushman emasligini tushuntirishga urinadi.
Qudaynazarga bu hodisalar og‘ir botadi va ovuldan bosh olib chiqib ketadi. Bir qancha vaqt o‘tgach qadrdon zaminidan, ota-bobolari ruhi yurgan manzillardan xesh-aqrabolardan uzoqlashish yaxshi emasligini tushunib yetadi. Ovulga qaytishni vasiyat qilib o‘lim topadi.
Asarda Abdukarim obrazi ham alohida ahamiyat kasb etgan. U boylarni yo‘qotish siyosatida faol ishtirok etadi. Hukumatning «iti»ga aylanadi. Xalq uchun «o‘zingdan chiqqan balo» edi u. Ovuldagi barcha boylarni chaqqan ham shu, qamatib, o‘ldirtirgan ham shu, urush vaqti eri o‘lgan juvonni yo‘ldan urgan ham shu edi. Ammo asar so‘ngida ma’lum bo‘ladiki, uning ham o‘z haqiqati bor…
Tahlil:
Asar qoraqalpoq xalqining an’ana-yu urf-odatlarini, amal qilib keladigan qadriyatlarini chiroyli tarzda o‘zida aks ettirgan. Katta yoshlilar o‘ziga yarasha bosiq; tadbirli, fahmli, yoshlar qiziqqon, g‘ayrati jo‘shgan, tutgan yerini kesadigan; ayollari farosatli, chaqqon va qanoatli qilib tasvirlangan.
Romanda ham dushmanlarning har xilini uchratish mumkin. Umumiy xalqning tashqi dushmani qilib fashistlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, xalq ichidan chiqqan ichki dushman Abdukarimdir. Yana bir shaxsiy dushman qilib Jo‘ldas muallim berilgan. Yanayam ochiqlansa, Jo‘ldas muallimning-da o‘z ichki dushmani bor edi: hasad, ichiqoralik. Abdukarimning ichki dushmani – qasos edi. Qasos, adovat uni har qanday pastkashlikka tayyor qilib ulgurgandi.
Bundan tashqari asar dushmanlik millat bilan belgilanmasligini ham isbotlaydi. Maryam garchi nemis millatidan bo‘lsa-da qalban shu odamlarga yaqin edi. Musulmonlikni qabul qildi, tilini, urf-odatlarini o‘rganadi. Ana shu xalq bolalariga jon kuydirib, harakat qiladi. Ammo xalq bitta ichiqoraning gapiga uchib Maryamni dushmanlikda ayblaydi. Haqiqiy dushmanni ajratolmay qoladi.
Odamni odamdan ajratishda uning millatiga, tashqi ko‘rinish yoki mavqeyiga qarash mutlaqo xato narsaligini yozuvchi mahorat bilan ko‘rsatib berolgan. Avvalo insonning qalbiga, shaxsiyatiga, niyatiga qarash lozim. Bu dunyoga hech kim o‘z tanlovi asosida kelmaydi. Millati-yu ota-onasini tanlolmaydi. Odamzod boshiga kulfatlar solishni odat qilib olgan nokaslar kasriga begunohlar azob tortishi adolatdan emas…
Gulasal Qodirova