Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan mablag‘laridan 95 mln dollar O‘zbekistonga qaytarilgan
Shveytsariya bilan imzolangan bitim doirasida O‘zbekistonga qaytarilgan 131 million dollar mablag‘ning bir qismiga respublikadagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olingan. BMT bu loyiha bilan mamlakatda bolalar o‘limini kamaytirishga erishishni maqsad qilgan.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
O‘zbekiston Shveytsariyadan Gulnora Karimovaning muzlatib qo‘yilgan 131 mln dollarlik birinchi transhidan 95 million dollarlik aktivlarini qaytargan. Bu haqda 24 aprel kuni Olmaliq shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi.
Shveytsariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilayotgani qayd etilgan.
2022 yil 16 avgustda O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida tegishli bitim imzolangan. Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston, Shveytsariya va BMT hamkorligida BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi huzurida «Ishonch» jamg‘armasi tashkil etilgan. Uning mablag‘larini yo‘naltirish uchun Strategik qo‘mita va Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi tuzilgan.
Bitim doirasida birinchi transh uchun 131 million dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida respublikamizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olindi. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
«Shu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitildi. Tug‘uruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 29 ta milliy protokol va qo‘llanmalar jahon standartlari asosida yangilandi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, «Ishonch» jamg‘armasi hisobidan ta’lim sohasiga mo‘ljallangan ishlar ikkita komponentga bo‘lingan holda amalga oshirilayotgani xabar qilindi.
«Birinchisi bo‘yicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali ta’lim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan. Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb etishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan», – deyiladi xabarda.
Vazirlik bayonotida Shveytsariya hududida musodara qilingan noqonuniy mablag‘lar O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qaytarilganini olqishlab, bu kelishuvga va ijtimoiy loyihalarga hissa qo‘shayotgan barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Karimovadan musodara qilingan mablag‘lar evaziga yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyihaning maqsadi 30 oy ichida mamlakatda 600 ming nafar ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni qamrab olish va kam vaznli chaqaloqlarning omon qolish darajasini hozirgi 75 foizdan 90 foizga oshirishdan iborat. Bu loyiha Gulnora Karimovadan musodara qilingan 131 mln dollarlik mablag‘ning 43,2 mln dollariga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi jinoiy aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish maqsadida 2022 yil yozida tashkil etilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari musodara qilingan 131 mln dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan, restitutsiya bitimida pullar ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va tibbiyotga yo‘naltirilishi, buni Shveytsariya tomoni va BMT qoshidagi fond nazorat qilishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid

23:08 / 24.04.2025
O‘zbekistonga Shveytsariya va Belgiyadan Gulnora Karimovga tegishli jami 290 mln dollar qaytarilishi mumkin

12:03 / 03.04.2025
Belgiya hukumati «korrupsiya va pul yuvish» jinoyatlari doirasida musodara qilingan 108 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarmoqchi

16:53 / 06.02.2025
Shveytsariya «Gulnora Karimova ishi» doirasida musodara qilingan yana 182 mln dollarni O‘zbekistonga qaytaradi

16:23 / 09.01.2025