«Sijjak» dam olish maskani O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi dam olish zonalari va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan qarorda belgilab qo‘yilgan.
Ushbu dam olish maskani Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Sijjak mavzesidagi «Sarbog‘» mahallasida joylashgan va birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnoraga tegishli edi. Maskan 2017 yilning 10 fevralida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgan. Dastlab u O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga vaqtinchalik foydalanishga berildi. So‘ngra auksion orqali sotuvga qo‘yildi.
5,38 gektar hududni egallagan va 70 milliard so‘mga baholangan obekt 2021-2022 yillarda bir necha bor sotuvga qo‘yilgan.
2023 yil 14 iyundagi prezident farmoniga ko‘ra, «Sijjak» dam olish maskani xususiylashtiriladigan obektlar ro‘yxatidan chiqarilib, 124-maktab-internatning balansida saqlanayotgan edi.