Shveytsariyaning Lombard Odier banki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblandi

Jahon 19:17 / 29.11.2024 13824

Shveytsariya federal prokuraturasi Lombard Odier xususiy banki va uning sobiq xodimlaridan birini jiddiy jinoyatlarda aybladi. 29 noyabr kuni taqdim etilgan ayblov xulosasida prokurorlar mamlakatning eng nufuzli moliyaviy institutlaridan biri Lombard Odier O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning gumon qilinayotgan jinoiy faoliyatini yillar davomida yashirishda «hal qiluvchi rol» o‘ynagani aytiladi. Bu haqda Financial Times yozdi.

Prokurorlar da’vosiga ko‘ra, Gulnora Karimova O‘zbekiston hukumatining daromadli shartnomalarini nazorat qilib, milliardlab dollarlarni o‘zlashtirgan va tovlamachilik qilgan. Shuningdek, daromadlarni Shveytsariyada joylashgan «The Office» nomli tashkilot orqali yuvgan.

Shveytsariya prokuraturasi 2023 yilda ham Gulnora Karimovaga ayblovlar e’lon qilgan edi. Ularga ko‘ra Karimova asosan, O‘zbekistonda foydali shartnomalar tuzishdan umidvor bo‘lgan xalqaro kompaniyalardan muntazam ravishda pora olish orqali milliardlab daromadni o‘zlashtirgan.

Prokuratura e’lon qilgan yangi ayblovga ko‘ra, Lombard Odier banki jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash standartlari va ichki muvofiqlik tartib-qoidalariga rioya qilmaganlikda ayblanmoqda.

Lombard Odier banki o‘z bayonotida sobiq mijozi (Karimova) haqida o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin Shveytsariyaning pul yuvishga qarshi kurash idoralariga mustaqil ravishda xabar berganidan keyin tergov boshlanganini ta’kidladi.

«Biz [prokurorning] bankka nisbatan ayblovlarini e’tiborga oldik. Bank uchun ayblovlar asossiz. Bank o‘zini himoya qilishni rejalashtirmoqda. Jarayon 2012 yildan beri davom etmoqda va bank har doim tegishli organlar bilan to‘liq hamkorlik qilib kelgan», deyiladi bayonotda.

Dastlabki hamkorlikka qaramay, tarixi XVIII asrga borib taqaladigan bank 2016 yilda ushbu ish yuzasidan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Politsiya o‘sha yili Karimova nomiga ochilgan seyflarni tintuv qilganida O‘zbekiston hukumati mablag‘lari hisobiga olingan qimmatbaho zargarlik buyumlari hamda ko‘plab hujjatlar topilgan, prokurorlar ulardan tergovda foydalangan edi.

Qayd qilinishicha, Lombard Odier bankining sobiq xodimiga ham prokuratura ayblov qo‘ygan. Shveytsariya qonunchiligiga ko‘ra, sudgacha bu shaxsning ismi-sharifi oshkor etilmaydi. 2008 yilda Lombard Odier tomonidan ishga olinishidan oldin bu odam Karimovaning qo‘lida ishlagani ta’kidlanmoqda.

Prokurorlar uni bankning ichki muvofiqlik talablarini buzishda aybdor deb da’vo qilmoqda, bu jarayon uning uchun oson bo‘lgan. Bu shaxs 2012 yilda bankni tark etgan, o‘sha yili bank rahbariyati Karimova bilan bog‘liq xavotirlarini rasmiylarga ma’lum qilgan.

Karimova shuningdek, Shveytsariyadagi ikkinchi yirik bankrotlik ishiga ham aloqador. 2010 yilda faqat O‘zbekistonga sarmoya kiritgan va Tsug shahrida joylashgan Zeromax konglomerati qulab, o‘zidan keyin 4,6 milliard dollar qarzini qoldirgan edi. Kreditorlar Karimova undan jinoiy daromad orttirish maqsadida foydalanganini da’vo qilmoqda. Ta’kidlanishicha, Karimova boyligining katta qismi Shveytsariya banklari hisoblarida muzlatilgan holda saqlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: