Davlat xaridlarida raqobatsiz savdolarga barham beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida davlat xaridlarida qorrupsiyaning oldini olish, raqobatsiz savdolar hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilayotgan bitimlarni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida eshituv tashkil qilindi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga hamda raqobatli savdolarni amalga oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Savdolarda elektron tender tizimiga o‘tilishi savdo jarayonlarini onlayn tarzda o‘tkazish, xarajatlarni kamaytirish va korrupsiyaga karshi kurashish imkonini bermoqda. «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani tyender jarayonlarini xalqaro standartlariga moslashtirish, raqobatning ochiq shakllarini joriy etish, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniyatlarini cheklash, savdoda ishtirok etuvchi aloqador va afillangan shaxslarni ro‘yxatga olish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Sohada shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida barcha tender savdolarining rejalari, natijalari va shartnoma baholari OAVda e’lon qilinmoqda. Bu esa jamoatchilik tomonidan mazkur sohada nazorat va monitoringni amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratmoqda.
Muhokamalarda deputatlar keyingi yillarda yurtimizda fuqarolarda davlat mablag‘larining qanday sarflanayotganiga nisbatan befarqlik hissi yo‘qolib, davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchayib borayotganini e’tirof etdi. Buni davlat organlari, vazirliklar, mahalliy hokimiyatlar yoki davlat ulushiga ega tashkilotlar tomonidan asossiz, qimmat yoki korrupsiya ehtimoli yuqori bo‘lgan xaridlar amalga oshirilganiga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotganidan ham ko‘rish mumkin. Xalq vakillarining fikricha, tender savdolarida raqobatning kuchayishi narxlarni 20-30% ga pasaytirish hamda budjet mablag‘larini oqilona sarflash imkonini beradi.
Xalq vakillari davlat xaridlari tizimini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Yangi tahrirdagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va bir qator normativ hujjatlar qabul qilingani hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik normalari kiritilgani sohani huquqiy jihatdan tartibga solishda o‘z natijalarini berayotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda davlat xaridlariga oid kamchilik va muammolar tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid ravishda moliyaviy mablag‘lardan samarasiz foydalanish, tender savdolarida raqobat va xolislikning sustligi hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilayotgan holatlar ham deputatlarning asosli tanqidiga sabab bo‘ldi. Davlat buyurtmachilari tomonidan xaridlarni raqobatli usullarni chetlab o‘tgan holda, qonun hujjatlarga zid ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish, xaridlarni yuqori narxlarda amalga oshirish, ularni qismlarga bo‘lish, ochiqlik va shaffoflik prinsipiga rioya etmaslik holatlari bo‘yicha deputatlarning savollariga mas’ul vazirlik va idoralarning javoblari olindi.
Hisob palatasining audit tadbirlarida jami 5,4 trln so‘mlik davlat xaridlarini va amaldagi boshqa qonunchilik talablarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Bundan tashqari, 3,6 trln so‘mlik xaridlar to‘g‘risidagi shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan.
Tahlillarga ko‘ra 2024 yilda davlat xaridlarining 56,8 foizi (80,3 trln so‘m) to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilgan. Bunda, budjet buyurtmachilarining 55,2 foizi va korporativ buyurtmachilarning 58,7 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida o‘tkazilgan xaridlarda ishtirok etgan. Umumiy qiymati 2,7 trln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan 6 241 ta shartnoma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan holda rasmiylashtirilgan, 61 ta davlat buyurtmachisining 122,8 mlrd so‘mlik 405 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalari qonunchilikka rioya etmagan holda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holatda yoki affillangan shaxslar ishtirok etgan savdolar orqali tuzilgani ma’lum bo‘lgan.
Shu o‘rinda xalq vakillari «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan davlat nazoratini qonunchilikka muvofiq yanada kuchaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar. Ushbu qonunning 76-moddasiga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati olib borilishi belgilangan bo‘lib, deputatlar davlat xaridlarini rivojlantirish va takomillashtirishga ko‘maklashish, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishlarining oldini olish va ularni aniqlash hamda davlat buyurtmachilarini, vakolatli davlat organlarini aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish borasida ishlar talab darajasida emasligiga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda deputatlar davlat xaridlari sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish borasida bir qancha takliflarni ilgari surdi. Xususan, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan moliyaviy nazorat tadbirlarini amalga oshirishda xalqaro standartlarni qo‘llash, davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish va sohada insofli raqobat muhitini yaratishga oid takliflar bildirildi.
Shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025 yil 5 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida davlat rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilayotgan davlat xaridlarini ikki karra qisqartirish bo‘yicha berilgan topshiriqlari ijrosidan kelib chiqib, ushbu masalalar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning takliflari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga xalq vakillari yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridini amalga oshirish, davlat xaridlarida raqobatli savdo turlarini cheklovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilishini nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish amaliyotini qat’iyan taqiqlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Muhokama yakunida deputatlar davlat xaridlari sohasidagi islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, bu borada korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha xalqaro tajribadan keng foydalanish, tender savdolarida shaffoflik va raqobat erkinligi prinsiplariga qat’iy amal qilishga oid takliflar va tavsiyalarini bildirdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp jahonda neft narxining so‘nggi yillardagi eng katta pasayishiga sabab bo‘ldi – OAV
Jahon | 17:35
-
Toshkentning Shayxontohur tumani hokimligi binosi sotuvga qo‘yildi
O‘zbekiston | 17:21
-
O‘zMUdagi xalqaro konferensiyada O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi muhokama qilindi
O‘zbekiston | 17:20
-
Reuters: Rossiya tomonida turib jang qilishga yuborilgan qariyb 600 nafar KXDR harbiysi halok bo‘ldi
Jahon | 17:12
Mavzuga oid

16:35 / 04.12.2024
Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi

14:13 / 21.09.2024
Davlat xaridlarida 4 yilgacha muddatga hadli kelishuv tuzishga ruxsat berilmoqda

22:51 / 30.09.2023