Davlat xaridlarida 4 yilgacha muddatga hadli kelishuv tuzishga ruxsat berilmoqda

O‘zbekiston 14:14 / 21.09.2024 1601

21 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qonunda ikki bosqichli davlat xaridlari, kichik qiymatdagi xarid uchun soddalashtirilgan tartib, markazlashgan davlat xaridlari va hadli kelishuv kabi yangi mexanizmlar joriy qilinishi nazarda tutilgan.

Davlat xaridlari «barqarorlik» prinsipi bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat buyurtmachilari qisqa, o‘rta va uzoq muddatli iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy ta’sirlarni hisobga olgan holda barqaror davlat xaridlarini amalga oshirishi nazarda tutilmoqda.

Davlat buyurtmachisi, shu jumladan, budjet buyurtmachisi zaruratga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari bo‘yicha 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatga hadli kelishuv tuzishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun bilan elektron do‘kon hamda auksion savdolarida zaxira g‘olibi bo‘lish mumkinligi, agar g‘olib tomonidan shartnoma tuzish rad etilgan hollarda ularga shartnoma tuzish taklifi berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik asoslari qonunda aniq ko‘rsatilmoqda.

«Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari tizimini takomillashtirish orqali ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishiga, sohada raqobat muhitining yanada kuchaytirilishiga, davlat buyurtmachilari uchun qulay imkoniyatlar yaratilishiga hamda davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlarni keng jalb qilishga xizmat qiladi», — deyiladi Senat xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: