Jahon | 09:49 / 10.04.2025
3869
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Isroil Eronga qo‘shma zarba berishda yetakchi bo‘ladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy kelishuvga qaytmasa, unga harbiy choralar ko‘rishi bilan yana tahdid qildi.

Foto: AP

AQSh va Eron rasmiylarining yadroviy kelishuvga qaytish bo‘yicha rejalashtirilgan uchrashuvidan bir necha kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron uning ultimatumini qabul qilmasa, harbiy harakatlar boshlash niyatida ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda Tramp 9 aprel, chorshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi, deya xabar beradi Associated Press.

Tramp Eronning gullab-yashnashi va «buyuk bo‘lishini» istashini, biroq mamlakatning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Tehron go‘yo buni tushunadi, dedi AQSh prezidenti. U, shuningdek, agar kerak bo‘lsa, harbiy kuch ishlatishga va’da berdi va Isroil ehtimoliy hujumda ishtirok etishini aytdi.

«Agar buni harbiy yo‘l bilan qilish kerak bo‘lsa, biz buni harbiy yo‘l bilan qilamiz. Isroil bu borada juda faol bo‘lishi aniq. Ular bu borada yetakchi bo‘ladi. Lekin bizni hech kim yetaklamaydi. Biz xohlaganimizni qilamiz», — deb ishontirdi Tramp.

Eron Trampning takroriy tahdidlariga javoban AQShga «qattiq javob» berishni va’da qildi va Vashingtonni keskinlashuvdan voz kechishga chaqirdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Washington Post gazetasi ruknida: "Biz prezident Trampning Yaqin Sharqdagi halokatli urushga botgan yana bir AQSh prezidenti bo‘lishni xohlayotganini tasavvur qila olmaymiz", deb yozdi.

Tramp o‘zining birinchi muddatida Qo‘shma Shtatlarni yadroviy kelishuv deb nomlanuvchi 2015 yildagi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasidan bir tomonlama olib chiqdi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Tehron kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajarmayotganini ta’kidlab, kelishuvning o‘zini «yomon» deb atadi.

Mavzuga oid

E`lonlar