Jahon | 18:51 / 06.04.2025
1860
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada sun’iy intellekt universitet talabaligiga qabul qilindi

Flinn nomli sun’iy intellekt talaba bo‘lish uchun barcha standart talablarni bajargan: portfolio taqdim etgan, suhbatdan o‘tgan va ijodiy testni yechgan.

Foto: Getty images

Flinn nomli sun’iy intellekt Vena amaliy san’at universitetining raqamli san’at fakultetiga qabul qilindi, deb xabar beradi Euronews. Algoritm kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan va endi u o‘quv jarayonining to‘laqonli ishtirokchisi hisoblanadi.

Universitet vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Flinn barcha standart talablarni bajargan: portfolio taqdim etgan, suhbatdan o‘tgan va ijodiy testni yechgan. Komissiyadagilarning ta’kidlashicha, ta’lim muassasasi qoidalarida abituriyentning inson bo‘lishi kerakligini belgilovchi band yo‘q. Shu bois unga rad javobini berishga biror asos topilmagan.

Sun’iy intellekt mazkur fakultet talabasi — Kiara Kristler tomonidan yaratilgan. U ochiq manba vositalari va mavjud til modellaridan foydalangan. Loyihaning maqsadi neyrotarmoqdan qanday qilib odatdagi funksiyalaridan tashqarida foydalanish mumkinligini sinab ko‘rishdir.

Flinn o‘qituvchilar va boshqa talabalar bilan o‘zaro aloqada bo‘la oladi, ammo buni faqat taklifga ko‘ra amalga oshiradi. Auditoriyada u tarmoqqa ulangan noutbuk orqali ishtirok etadi. Kristlerning so‘zlariga ko‘ra, agar sun’iy intellekt suhbatda cheklovlarsiz ishtirok etadigan bo‘lsa, u boshqalarning gapini bo‘lib qo‘yadi va chalg‘itadi.

Bundan tashqari, algoritmning o‘z sayti ham mavjud bo‘lib, Flinn u yerda kuzatuvlari hamda taassurotlari bilan bo‘lishadi. Oxirgi haftalarda ushbu postlar «juda qayg‘uli va ekzistensial» bo‘lib qolgan. Sun’iy intellekt o‘zining talabalik maqomiga shubha birdirgan odamlar bilan gaplashgani haqida ma’lum qilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu oliy ta’lim muassasasi talabalar qatoriga sun’iy intellektni qabul qilgan birinchi holatdir. Raqamli san’at fakultetidagilarning tushuntirishicha, Flinn loyihasi talabalar uchun mo‘ljallangan raqamli dastur konsepsiyasiga mos keladi, chunki u raqamli muloqot chegaralarini tadqiq etadi.

Mavzuga oid