Jahon | 12:40 / 31.03.2025
3678
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya neftiga ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qildi 

Qo‘shma Shtatlar Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erisha olmasa, Rossiyadan yetkazib beriladigan barcha neftga 25 foizlik ikkilamchi bojlar joriy qiladi, deya ogohlantirdi Donald Tramp.

Foto: SCANPIX

AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Moskva Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga to‘sqinlik qilsa, barcha Rossiya neftiga ikkinchi darajali bojlar kiritishga va’da berdi. «Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasak va bu Rossiyaning aybi deb o‘ylasam — men Rossiyadan keladigan barcha neftga ikkilamchi bojlar kiritaman», dedi Tramp 30 mart, yakshanba kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap 25-50 foizlik bojlar haqida ketyapti, ular istalgan vaqtda joriy etilishi mumkin hamda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tuzilmasa, bir oy ichida kuchga kiradi. «Bu agar siz Rossiyadan neft sotib olsangiz, AQShda biznes yurita olmaysiz, degani», deb tushuntirdi Tramp.

Amerika yetakchisi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiyning qonuniyligiga shubha qilganida «juda g‘azablangan»ligini aytdi. Shu bilan birga, Tramp Ukrainadagi vaziyatdan norozi bo‘lishiga qaramay, Rossiya prezidenti bilan «juda yaxshi munosabatda» ekanini va «u to‘g‘ri ish qilsa, g‘azab tezda tarqab ketishini» ta’kidladi.

Shu munosabat bilan AQSh prezidenti kelgusi haftada Putin bilan yangi telefon muloqoti o‘tkazilishini ma’lum qildi. Kreml hozircha bunday suhbat tayyorlanayotganini tasdiqlamadi va Trampning so‘zlariga izoh bermadi.

Mavzuga oid