Sport | 01:40 / 27.03.2025
10672
2 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» egalari yana bir klubni sotib olmoqchi

Fransiyaning «PSJ» klubiga egalik qiluvchi Qatar kompaniyasi Ispaniya futbol klublaridan birini sotib olishga qiziqish bildiryapti.

Foto: Reuters

Fransiyaning «PSJ» futbol klubiga egalik qiluvchi Qatar Spors Investmens kompaniyasi Ispaniyaning ikkinchi divizionida o‘ynovchi «Malaga» klubini sotib olmoqchi.

Nashr manbasining ta’kidlashicha, qatarliklarning xohishi Malaga shahri 2030 yilda Jahon chempionati o‘yinlarini qabul qilishi bilan bog‘liq. Kompaniyadagilar bu yana bir jozibador bozor ochilishini anglatishiga ishonmoqda.

«PSJ» — Fransiya chempionati yetakchisi. Jamoa 26 ta o‘yindan so‘ng 68 ochko to‘plagan bo‘lib, eng yaqin ta’qibchidan 19 ochko oldinda.

«Malaga» — Andalusiyadagi eng taniqli jamoalardan biri bo‘lib, kuchli yoshlar akademiyasiga ega va Ispaniya futbolida muhim o‘rin tutadi. Klub o‘zining eng yorqin davrini 2010 yillarning boshida, qatarlik shayx Abdulloh bin Nosir Al-Tani klubni sotib olganidan keyin boshdan kechirgan. Biroq moliyaviy muammolar sababli 2018 yilda La Ligadan tushib ketgan va hozirda yuqori divizionga qaytish uchun kurashmoqda. Hozirda klub Ispaniya futbolining ikkinchi divizionida 15-o‘rinni egallagan. 32 ta o‘yindan keyin jamoa hisobida 42 ochko mavjud.

2030 yilda futbol bo‘yicha Jahon chempionati Marokash, Portugaliya va Ispaniyada bo‘lib o‘tadi. O‘yinlarning uchtasi Janubiy Amerikada — Urugvay, Paragvay va Argentinada o‘tkaziladi.

Mavzuga oid