Oldingi formatda bu vaqtga kelib muxlislar YeChL pley-offining barcha ishtirokchilari nomlarini bilib olgan bo‘lardi. Yangi formatda esa jamoalar umumiy jadvalda kurashadi, turlar soni esa olti emas, sakkizta. Turnir shakli o‘zgarishi bo‘yicha bahslar hamon davom etmoqda, ammo bitta narsa aniq — intrigalar ancha ko‘paygan. Quyida 7-turdan keyin qanday vaziyat yuzaga kelgani ko‘rib chiqiladi.
Chempionlar ligasining yangi formatdagi umumiy guruh bosqichi 29 yanvar kuni yakunlanadi – so‘nggi turdagi barcha o‘yinlar bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.
Jamoalar yana bittadan o‘yin o‘tkazishadi. 36 ishtirokchidan 24 tasi pley-offga yo‘llanma oladi, dastlabki sakkiz pog‘onada joylashgan sakkiz jamoa — birdaniga 1/8 finalga o‘tadi. Kimdir allaqachon bahorda ham turnirdagi ishtirokini davom ettirishini kafolatlagan, kimdir muddatidan oldin turnir bilan xayrlashgan. Shunga qaramay, ko‘pchilik hali o‘z taqdiri qanday kechishini bilmaydi.
Ochkolar teng kelib qolgan holatda amal qilinadigan reglament
Birinchi navbatda quyidagi ko‘rsatkichlarga qaraladi:
- To‘plar nisbati;
- Urilgan gollar soni;
- Safardagi gollar soni;
- G‘alabalar soni;
- Safardagi g‘alabalar soni;
- Raqiblar ishlagan ochkolar soni*;
- Raqiblar urgan va o‘tkazib yuborgan gollar nisbati*;
- Raqiblar urgan gollar soni*;
- Intizomiy balllar;
- Klub koeffitsiyent.
*gap har bir klubning barcha sakkiz raqibi haqida ketmoqda. Agar shartli «Liverpul» va «Barselona» 21 tadan ochko jamg‘arsa va dastlabki besh band bo‘yicha ko‘rsatkichlari teng kelsa, unda ularning sakkiz turdagi raqiblarining turnirning umumiy bosqichidagi natijalariga e’tibor qaratiladi. Raqiblari yaxshiroq natija qayd etgan klub yuqoriroqda joylashadi.
Kimlar turnirni tark etib bo‘ldi?
Nazariya tushunarli, endi amaliyotga o‘tamiz. Avvaliga hatto top-24’dan ham o‘rin ololmasligi 100 foizga aniq bo‘lgan jamoalar haqida:
- RB «Leypsig» 7-turda «Sporting»ni mag‘lub etib (2:1), dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi. Bu esa yetarli emas, jamoa oldinroq harakat qilishi kerak edi;
- Shuningdek, oldingi turlarda Avstriyaning «Red Bull Zalsburg» va «Shturm» klublari, shuningdek «Jirona» va «Tsrvena Zvezda»da ham shunchadan ochko bor. Ular keyingi bosqichga chiqa olmasligi allaqachon aniq bo‘lgan;
- «Slovan» va «Yang Boyz» klublari esa yetti o‘yinning barchasida yutqazdi. Bu o‘rinda izohga hojat yo‘q;
- «Sparta» Praga va «Bolonya» nisbatan yaxshiroq harakat qilib, mos ravishda to‘rt va beshtadan ochko qo‘lga kiritgan. Ammo ularga ham ochko yetmaydi.
Kimlar pley-offni hal qilib bo‘lgan?
«Liverpul»ni (21 ochko) birinchi o‘rindan tushirish uchun faqat «Barselona»da (18) nazariy imkoniyat bor. Shunga qaramay, bu ikki klub o‘zi uchun 1/8 finalni kafolatlagan. «Arsenal» va «Inter»ga (16 tadan) esa 1/16 finaldan sakrab o‘tish uchun oxirgi turda durang natija ham kifoya qiladi. Londonliklar oxirgi turda «Jirona» mehmoni bo‘ladi, milanliklar – «Monako»ni qabul qiladi.
Shuningdek, keyingi o‘rinlardagi «Atletiko», «Milan» (15 tadan ochko), «Atalanta» (14), «Bayyer», «Aston Villa», «Monako», «Feyyenoord», «Lill», «Brest» (13 tadan ochko), «Borussiya» Dortmund, «Bavariya», «Real», «Yuventus» va «Seltik» (12 tadan ochko) bahorda pley-off o‘yinlarida ishtirok etishi aniq, ammo 1/16 final yoki 1/8 finaldan qaysi birida qatnashishi oxirgi turdagi natijalarga ko‘ra aniq bo‘ladi.
«Manchester Siti», «PSJ» va «Real»da vaziyat qanday?
«Shaharliklar» 7-turdan keyin 25-o‘ringa tushib ketgan bo‘lsa ham, Gvardiola va Holand YeChLni muddatidan oldin tark etishi dargumon. Top-24 dan joy olish uchun inglizlar klubi oxirgi turda o‘z uyida «Bryugge»ga qarshi hal qiluvchi o‘yinni o‘tkazadi. G‘alaba qozongan taqdirda, «Siti» ochkolari sonini 11 taga yetkazadi («Bryugge»da ham shuncha), ammo yuqoriroqda joylashadi, chunki belgiyaliklar klubida urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati yomon. «Siti» oxirgi turda g‘alaba qozona olmasa – turnirdagi ishtirokini to‘xtatadi.
Opta tahliliy markazi superkompyuteri jamoalarning YeChL pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatlarini foizlarda hisoblab chiqqan. Superkompyuter «Siti»ning imkoniyatlarini 63,8 foizga baholamoqda.
«PSJ» YeChLning bu mavsumida unikal vaziyatga tushib qoldi. Qur’a jamoani «Arsenal» va «Bavariya»ga qarshi safarda, «Atletiko» va «Siti»ga qarshi uyda qiyin o‘yinlar o‘tkazishga majbur qildi, qolaversa, parijliklarga yaqqol autsayder jamoalar raqib bo‘lmadi (qolgan to‘rt klub «Jirona», «PSV», «Red Bull» va «Shtutgart»), jamoa Yevropaning yetakchi klublari bilan tengma-teng o‘ynadi, ammo faqat bittasida, «Siti»ga qarshi o‘yinda irodali g‘alabaga erishdi. Endi safarda Germaniyaning «Shtutgart» klubiga qarshi hal qiluvchi uchrashuv qoldi. Bu o‘yinda katta ehtimol bilan Luis Enrike shogirdlarini durang natija ham qoniqtiradi. Raqobatchilar o‘z o‘yinlarida g‘alaba qilishi mumkin, «PSJ» to‘plar nisbati bo‘yicha nemislardan (hozirda ikki jamoada ham 10 tadan ochko bor) yuqorida joylashadi. Agar «PSJ» yutqazsa, unda «Benfika» «Yuventus»ga (yirikroq hisobda) yoki «Sporting» «Bolonya»ga yutqazishi, yoki «Siti» ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak bo‘ladi.
«PSJ» pley-offdagi o‘z o‘rnini Zagrebning «Dinamo» klubiga bo‘shatib berishi imkoniyati deyarli yo‘q – buning uchun xorvatlar klubi «Milan»ni yengishi va fransuzlar mag‘lubiyatiga umid qilishi kerak bo‘ladi. Nazariy jihatdan, Germaniyada durang ro‘y berganida xorvatlarga o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish ham yetarli bo‘ladi, ammo buning uchun o‘ta yirik hisobda g‘alaba qozonish kerak.
«Real» guruh bosqichida «Liverpul», «Lill» va «Milan»ga yutqazganiga qaramay, top-8 ga kirish imkoniyatiga ega. Madridliklar sakkizinchi o‘rindagi «Bayyer»dan faqat bitta kam ochko to‘plagan. Amaldagi chempionlar kuchli sakkizlikka kirishi uchun raqobatchilar ochko yo‘qotishi, Anchelotti shogirdlari esa oxirgi turda «Brest» maydonida yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.
Qisqacha aytganda, 9 klub pley-offga chiqish uchun kurashmoqda. Oxirgi turda ularga qanday natija kerak?
• «PSV: «Liverpul»ga yutqazmaslik
• «Bryugge»: «Siti»ga yutqazmaslik
• «Benfika»: «Yuventus»ni yengish
• «PSJ»: «Shtutgart»ga ga yutqazmaslik
• «Sporting»: «Bolonya»ni yengish
• «Shtutgart»: «PSJ»ga yutqazmaslik
• «Manchester Siti»: «Bryugge»ni yengish
• «Dinamo» Zagreb: «Milan»ni yengish + boshqalar ochko yo‘qotishini kutish
• «Shaxtyor»: «Borussiya» Dortmundni yengish + boshqalar ochko yo‘qotishini kutish.
Yana qanday muhim ma’lumotlar bor?
● Sakkizta eng yaxshi jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oladi. 9-24-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar fevralda o‘tish bosqichida qatnashadi: saralanganlar (dastlabki yarmi) pley-offning javob o‘yinini o‘z uyida o‘tkazadi.
● Yangi setkada jamoalar qaysi davlatga mansubligi bo‘yicha ajratilmaydi. Portugaliya vakillari «Sporting» va «Benfika» o‘tish o‘yinlaridayoq to‘qnashishi mumkin. Shuningdek, pley-offning ilk bosqichidayoq «Lill» – «PSJ», «Siti» – «Villa» hamda «Milan» – «Inter» juftliklari to‘qnashishi mumkin. Oldingi formatda bir mamlakat jamoalari yo‘llari chorakfinalga qadar kesishmasdi.
● Faqat ikkita qur’a bo‘ladi. 31 yanvar kuni o‘tish raundi juftliklari aniqlanadi – har bir jamoada faqat ikkita ehtimoliy raqib bo‘ladi. Masalan: 9 yok 10-o‘rinni egallagan jamoa 23 yoki 24-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi o‘ynaydi – bu juftliklar g‘oliblari 7 yoki 8-o‘rinlardagi jamoalarning 1/8 finaldagi raqiblariga aylanadi. 11 yoki 12-o‘rinni egallagan jamoalar 21 yoki 22-o‘rinlardagi jamoalarga raqib bo‘ladi – buyog‘i shu formatda davom etadi.
1/8 final qur’asi 21 fevral kuni o‘tkaziladi.
«Liverpul» va «Barselona» – umumiy bosqich yetakchilari – finalgacha o‘zaro uchrashishmaydi. Albatta, ungacha yetib borishsa.
Jamoalarning ayni vaqtdagi o‘rinlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘li: