Sport | 08:40 / 27.03.2025
20093
4 daqiqa o‘qiladi

«Osiyoda bo‘lsak, biz ham JChga aniq yo‘llanma olardik» - Qozog‘iston MTJ bosh murabbiyi

Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ali Aliyev «Osiyo futboli darajasini ortiqcha yuqori baholash kerak emasligi»ni aytib o‘tgan.

Foto: KFF

Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ali Aliyev Lixtenshteynga qarshi o‘yindan so‘ng (2:0) o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy jamoasining ilk bor jahon chempionatiga yaqin ekanligi haqida fikrini bildirdi.

— Lixtenshteynga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Qozog‘iston biror marta ham darvoza tomon zarba bera olmadi, bu paytda esa qo‘shnilarimiz — O‘zbekiston va Qirg‘iziston jiddiy natijalar ko‘rsatmoqda. Qirg‘iziston Qatarni mag‘lub etdi, O‘zbekiston esa jahon chempionatiga chiqishga yaqin...

— G‘alaba muhimligini tushunaman. Biroq chindan ham dastlabki qirq daqiqada biror marta ham darvoza tomon zarba bera olmadik — bu fakt. Ha, biz o‘zimizni qo‘shnilar bilan solishtiramiz: Qirg‘iziston Qatarni mag‘lub etdi, O‘zbekiston esa Jahon chempionati final bosqichiga chiqish arafasida. Qirg‘iziston ham, O‘zbekiston ham uch markaziy himoyachi bilan o‘ynab, o‘z imkoniyatlarini qidirdi.

Agar biz ham Osiyo mintaqasida bo‘lsak, Jahon chempionatiga aniq yo‘llanma olamiz. Ammo Osiyo futboli darajasini ortiqcha baholash kerak emas. Uels va Shimoliy Makedoniyaning o‘yiniga qarang.

Bugun biz ikki gol urdik va yoshlarga o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berdik. Mag‘lubiyatlar seriyasidan so‘ng g‘alaba — bu albatta oldinga siljishdir.

Biz Kenjyebekni maydonga tushirdik, Satpayev va Jagorovga ham imkoniyat berdik. Bir necha yil avval ular qayerda o‘ynaganini eslash kerak. Bu masalada biroz sabrli bo‘lish zarur. O‘yinda biz to‘liq to‘pga egalik qildik. Masalan, Lixtenshteyn Shimoliy Makedoniyaga qarshi mutlaqo boshqacha o‘yin ko‘rsatgandi.

Futbol bo‘yicha Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ali Aliyev taktika bo‘yicha ayrim mas’uliyatlarni o‘z zimmamga olishini, lekin maydonda asosiy rol ijrochilarda ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u milliy jamoa yangilanayotgani, ko‘proq yoshlar bilan ish olib borilayotgani, bu esa vaqt talab qilishini ta’kidlagan.

«Natija, shubhasiz, muhim. Biz bu haqda kecha jamoa bilan gaplashdik. Bugun uch ochko bor va biz bu natija bilan keyingi o‘yingacha faxrlanishimiz mumkin. Shimoliy Makedoniyaga qarshi navbatdagi o‘yin jamoa uchun yangi sinov bo‘ladi», — deya Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ali Aliyevning so‘zlarini keltirgan Spors.kz sayti.

Qozog‘iston milliy jamoasi UEFA saralash «J» guruhidan o‘rin olgan. Guruhda qozoqlar Shimoliy Makedoniya, Uels, Belgiya va Lixtenshteyn bilan JCh-2026 yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. 22 mart kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda Qozog‘iston mehmonda Uelsga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi turda yaqqol autsayder Lixtenshteyn ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keyingi turlarda Qozog‘iston Shimoliy Makedoniya va Uelsni o‘z uyida qabul qiladi.

Mavzuga oid