G‘azodagi qirg‘indan shokka tushgan BMT, taslim bo‘lmayotgan husiychilar va hibsga olingan Istanbul meri - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
BMT G‘azodagi qirg‘indan shokda
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlaridan keyin G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamlarini tiklashga chaqirdi.
BMTning matbuot kotibi Farhan Haq ma’lum qilishicha, Guterrish «o‘ldirilgan tinch aholi sonidan larzaga kelgan» va hamma tomonlarni zudlik bilan tinchlik kelishuviga chaqirgan.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari Folker Turk ham «Isroilning intensiv hujumlari»dan qattiq tashvishda ekanini bildirdi.
«Bu urush tugashi kerak. Qatliomni to‘xtatish uchun xalqaro hamjamiyat tezkor chora ko‘rishi shart», — dedi Turk.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham Isroilning G‘azoga uyushtirgan tungi hujumlaridan keyin tinch aholi orasidagi qurbonlar sonidan dahshatga tushganini ma’lum qildi.
«Jabrlanuvchilar soni juda ko‘p. Bu qon to‘kilish to‘xtatilishi kerak», — deb yozdi Lemmi o‘zining X sahifasida.
U taraflarni asirlarni almashish, insonparvarlik yordamlarini oshirish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chorladi.
Lemmi parlamentda so‘zlab, Isroil 15 kundan beri G‘azoga yordam yetkazilishini to‘sib kelayotganini va bu xalqaro huquqlarning poymol qilinishi ekanini ta’kidladi.
Isroil armiyasi chodirli lagerlar, maktablar va uy-joylarni nishonga olgan. Hujumlar Binyamin Netanyahu va Israel Kats buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.
19 yanvardan beri amal qilgan tinchlik kelishuvi buzilgach, Isroilning yangi aviahujumlari sabab G‘azoda 436 falastinlik halok bo‘ldi, 670 dan ortiq kishi yaralandi. Qurbonlar va jabrlanganlarning katta qismi yosh bolalar va ayollardan iborat ekani aytilmoqda.
Netanyahu: «Bu hali boshlanishi»
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoga berilgan yangi aviazarbalarni «bu hali boshlanishi», deb atadi va bu yog‘iga muzokaralar otishmalar davom etayotgan holda olib borilishini ta’kidladi.
«Biz HAMASga qarshi urushni yanada kuchaytirib boramiz. Barcha maqsadlarimizga erishgunimizcha to‘xtamaymiz», — dedi Netanyahu.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tinchlik kelishuvini saqlab qolishga harakat qilgan, biroq HAMAS Amerika va Qatar taklif qilgan bitimni rad etgan.
Bu orada Isroil armiyasi G‘azoda «aniq yo‘naltirilgan» yerusti operatsiyasini boshladi. Isroil harbiylari matbuot kotibi Avixay Adraining ma’lum qilishicha, qo‘shinlar G‘azoning markaziy hududidagi Netsarim yo‘nalishini to‘liq nazoratga olib, shimol va janub o‘rtasida bufer zona yaratishni maqsad qilgan.
Tel Avivda esa minglab isroilliklar hukumatga qarshi namoyish o‘tkazib, bosh vazir Binyamin Netanyahuning qarorlarini qoraladi. Ular G‘azoni bombalashni darhol to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilishni talab qildi.
Husiychilar yana AQSh aviatashuvchisini nishonga oldi
Husiychilar Isroilning Nevatim aviabazasiga ballistik raketa otdi va AQShning USS Harry Truman aviatashuvchisini nishonga oldi. Bu 72 soat ichida husiychilar tomonidan AQSh harbiy kemalariga qilingan to‘rtinchi hujumdir.
Husiychilarning harbiy vakili Yahyo Sariy «Falastin-2» raketasi Nevatim aviabazasiga borib urilganini ma’lum qildi va agar G‘azodagi harbiy harakatlar to‘xtamasa, Isroilga yangi hujumlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Isroil armiyasi esa raketaning Saudiya Arabistoni osmoni uzra yo‘q qilinganini iddao qilmoqda.
AQShning aviatashuvchi kemasiga qilingan hujum Vashingtonning Yamandagi husiychilar nazoratidagi hududlarga yangi zarbalar bergani fonida sodir bo‘ldi.
Tramp Putin bilan muzokaralarni ijobiy baholadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani va uni «juda yaxshi, samarali» deb baholaganini ma’lum qildi. Garchi tahlilchilar Putin amalda 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmagani, bu muloqot Ukrainada tinchlikka erishish uchun biror jo‘yali kelishuvga olib kelmaganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da.
Biroq Trampning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qilgan. Rossiya va AQSh Ukrainadagi energetika va neft infratuzilmasiga zarbalar berishni to‘xtatishga kelishib olgan. Shuningdek, mojaroni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha qadamlar muhokama qilingan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Rossiya 30 kunlik otashkesim taklifini amalda rad etganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva qo‘shilganidan bir necha soat o‘tib, Ukrainadagi fuqarolik obektlariga yangi hujumlar boshladi.
«Putin to‘liq otashkesim taklifini rad etdi. Bugungi tunda Rossiyaning navbatdagi raketalari Ukraina energetika infratuzilmasi va fuqarolik obektlariga zarba berdi», — dedi Zelenskiy.
Vashington Ukrainada 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasini ilgari surmoqda. Kiyev rozilik bergan, ammo Vladimir Putin Donald Tramp bilan suhbatda G‘arb yordamlari to‘liq to‘xtatilmasa, tinchlik kelishuvi amalga oshmaydi, degan pozitsiyani bildirgan.
Tramp Zelenskiy bilan ham telefonlashdi
Putin bilan ikki soatlik suhbat qurgach, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Oq uy ma’muriyati suhbat bir soat davom etganini va uning asosiy mavzusi Ukrainadagi mojaroni bartaraf etish ekanini ma’lum qildi.
Tramp Zelenskiy bilan muloqotining ko‘p qismi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kechagi muzokaralar natijalariga asoslanganini aytdi. Trampning ta’kidlashicha, AQSh tinchlik yo‘lida ilgari siljib bormoqda.
Oq uy bayonotiga ko‘ra, prezidentlar Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi borasida fikr almashgan va mojaroni mustahkam tinchlik bilan yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Zelenskiy Tramp va Putin muloqotidan keyin Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U shuningdek, Trampdan Rossiya bilan kelishuvlar haqida batafsil ma’lumot olishga umid qilganini ta’kidlagan.
Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li hibsga olindi
Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv doirasida hibsga olindi. Turkiya prokuraturasi unga nisbatan jinoiy guruhni boshqarish, noqonuniy mablag‘larni yo‘naltirish va Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilik tashkiloti faoliyatiga ko‘maklashish kabi og‘ir ayblovlar qo‘ymoqda.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Imomo‘g‘li 83 nafar mansabdor bilan birga noqonuniy moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etgan. Ular tadbirkorlardan pul talab qilish, noqonuniy mablag‘ yuvish va tenderlarga manipulyatsiya qilish orqali moliyaviy manfaatdorlikka erishishda gumon qilinmoqda. Hattoki Imomo‘g‘lining universitet diplomi ham bekor qildirilgan.
Tergov xulosalariga ko‘ra, Imomo‘g‘li shahar hokimiyatida o‘ziga sodiq shaxslarni yuqori lavozimlarga tayinlash orqali korrupsion sxemalarni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, u shahar ma’muriyati budjetini noqonuniy mablag‘ aylanmalarida qo‘llagan. Shishli va Beylikduzu tumanlari merlari ham qo‘lga olingan.
Jumhuriyat xalq partiyasi vakili bo‘lgan 54 yoshli Akrom Imomo‘g‘li bo‘lajak prezidentlik saylovlarida Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgandi. 2023 yilgi saylovlarda ham u o‘ziga nisbatan jinoyat ishi ochilganligi sabab saylovlarda ishtirok eta olmagandi. Istanbulda Imomo‘g‘lining hibsga olinishidan norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tgan.
Kennedini Moskva o‘ldirmaganmi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Kennedilar va Martin Lyuter King qotilliklari bilan bog‘liq barcha maxfiy hujjatlarni oshkor etishni buyurdi. Milliy arxiv 1963 yilda o‘ldirilgan Jon Kennediga oid yuz minglab sahifalarni e’lon qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Federal tergov byurosi va Markaziy razvedka boshqarmasining o‘sha davrdagi faoliyatiga oid hujjatlar ochiqlandi. Ular orasida Kennedining qotili deb topilgan Li Xarvi Osvaldning SSSR va Kuba bilan aloqalariga oid ma’lumotlar bor. 1991 yilgi bir hujjatda KGB amaldori Osvald «sovet josusi bo‘lmagan»ini ta’kidlagan.
Shuningdek, Kuba yetakchisi Fidel Kastro rejimiga qarshi MRB amalga oshirgan maxfiy operatsiyalar haqidagi hujjatlar ham ochildi.
Hujjatlar Trampning va’dasiga muvofiq e’lon qilingan bo‘lsa-da, tahlilchilar sensatsion faktlar paydo bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.
Pashinyan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyor
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tomonlar hujjat matni bo‘yicha to‘liq kelishib olgan.
«Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi loyihasi kelishildi va imzolanishni kutmoqda. Men uni imzolashga tayyorman», — deb yozdi Pashinyan X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bu bayonot Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning 13 martda kelishuv matni to‘liq kelishib olingani haqidagi xabaridan so‘ng paydo bo‘ldi.
Bayramovga ko‘ra, Armaniston konstitutsiyasidagi Ozarboyjonga nisbatan hududiy da’volar olib tashlanishi shart. Shuningdek, vazir Minsk guruhi tugatilishini talab qildi.
Mavzuga oid

13:12 / 19.03.2025
G‘azoni yana bombalayotgan Isroil, Tramp va Putin muloqoti va Ukraina uchun 30 davlatdan iborat koalitsiya - kun dayjesti

13:16 / 18.03.2025
Husiychilarning hujumi, Tramp va Putin muloqotiga tayyorgarlik va Ozodlik haykalini qaytarishni so‘ragan fransuz - kun dayjesti

13:14 / 17.03.2025
Yamanga hujum, Ilon Maskka qarshi namoyishlar va armiya Bosh shtabi rahbarini almashtirgan Ukraina - kun dayjesti

13:41 / 15.03.2025