Husiychilarning hujumi, Tramp va Putin muloqotiga tayyorgarlik va Ozodlik haykalini qaytarishni so‘ragan fransuz - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
AQSh baribir G‘azo aholisini ko‘chirmoqchi
Saudiya, Misr va Iordaniya ta’siri ostida G‘azodan falastinliklarni ko‘chirish masalasidan chekingandek bo‘lgan AQSh baribir Isroil bilan birgalikda g‘azoliklarni Sudan, Somali yoki Suriyaga ko‘chirish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb xabar bermoqda CBS News.
Bu variant AQShning Isroil-HAMAS ziddiyatini bartaraf etish va G‘azoni tiklash rejasi doirasidagi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Biroq, Suriya hukumati bunday taklif olmaganini ma’lum qilgan, Somali elchisi esa AQSh yoki Isroildan bu borada hech qanday rasmiy murojaat bo‘lmaganini aytgan. Sudan hukumati esa bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh o‘zining bu maqsadiga qarshilik qilgan Misrga bosim o‘tkazish maqsadida Qohiraga harbiy yordam ko‘rsatilishini to‘xtatib qo‘ygan edi.
BMT Isroilga qarshi sanksiya talab qilmoqda
BMT maxsus ma’ruzachisi Maykl Fahri Isroilni G‘azoda insonparvarlik yordamlarini bosim vositasi sifatida ishlatishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zamonaviy tarixdagi eng tez rivojlanayotgan ommaviy ocharchilik holatidir.
Faxri Jyenevadagi BMT Huquq kengashida so‘zlab, Isroil hujumlarini to‘xtatmasdan, yordamlarga cheklov qo‘yayotganini ta’kidladi.
«Bu hech qanday otashkesim emas. Odamlar ochlik va kasallikdan halok bo‘layotgan paytda, yordamlar siyosiy vosita sifatida ishlatilmoqda», — dedi u.
Uning fikricha, bu nafaqat humanitar inqiroz, balki genotsiddir.
Xalqaro sud BMTga Isroilga sanksiya qo‘llash vakolatini berganini ta’kidlagan Fahri, xalqaro jamoatchilikni keskin choralar ko‘rishga chaqirdi.
Husiychilar va AQSh zarbalar almashishdi
Husiychilar AQShning Yamanga uyushtirgan havo hujumlariga javob sifatida Amerikaning USS Harry S. Truman aviatashuvchi harbiy kemasiga ballistik va dron zarbalari berganini e’lon qildi.
Husiychilar harbiylari rasmiy vakili Yahyo Sariyga ko‘ra, Qizil dengiz shimoliy qismida joylashgan aviatashuvchi kema bir necha soat davomida raketalar va dronlar bilan nishonga olingan. Sariyga ko‘ra, bu hujum AQSh uchoqlarining qo‘shinlarining Yamanga navbatdagi zarbasini to‘xtatgan. Shuningdek, u Isroil G‘azoga humanitar yordam kiritishni ta’minlamasa, mintaqadagi dengiz qamali davom etishini ta’kidladi.
Husiychilar Isroilning humanitar yo‘lakni to‘sganiga javoban Qizil dengizda yangi hujumlarni boshlab yuborgan edi. 15 martga kelib Tramp husiychilarga qarshi katta hujumga buyruq berdi.
Husiychilar tomonining ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Britaniya zarbalaridan so‘ng Yamanda 53 kishi halok bo‘lib, 98 nafar odam yaralangan.
17 mart kuni AQSh Yamanning Hudayda va Jauf viloyatlariga yana olti bor aviazarba berdi. Al Masirah telekanaliga ko‘ra, ikki zarba Hudayda viloyatidagi Zebid shahridagi zavodga, yana to‘rtta zarba Jaufdagi hukumat majmuasiga qaratilgan. Halok bo‘lganlar va yetkazilgan zarar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Donald Tramp esa husiychilarning hujumini Eron uyushtirayotganini ta’kidlab tvit yozib, tahdid qildi. Eron hukumati bu iddaolarni rad etdi.
AQShning husiychilarga yo‘naltirilgan aviahujumlari ortidan jahonda neft narxlari keskin oshdi. Haftaning ilk savdo sessiyasida Brent nefti 1,42 foizga qimmatlashib, barreliga 71,58 dollarga yetdi, WTI esa 1,5 foizga ko‘tarilib, barreliga 68,19 dollarni tashkil etdi.
Tramp va Putin Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkazadi
AQSh prezidenti Donald Tramp 18 mart kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishi va Ukrainadagi urushni tugatish imkoniyatlarini muhokama qilishini bildirdi.
U Birinchi raqamli bort sahnida jurnalistlarga bergan bayonotida muzokaralar davomida «ayrim aktivlar — jumladan, hududlar va Zaporijjya atom elektrostansiyasini bo‘lish» masalasi ham muhokama etilishi mumkinligini aytdi.
Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar o‘zining «kritik nuqtasi»ga yaqinlashayotganini ta’kidladi. U Rossiya Ukraina bilan 30 kunlik otashkesim imzolashiga tayyorligiga baho berar ekan, «ular rozi bo‘lishadi», dedi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar 18 mart kuni bo‘lib o‘tishini tasdiqladi. Putin avvalroq AQSh taklif qilgan 30 kunlik otashkesim kelishuvini, garchi bu haqda u to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lum qilmagan bo‘lsa ham, amalda rad etgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari uning Floridadagi Mar-o-Lago qarorgohida bu borada faol ish olib borilgan.
Shu bilan birga, AQSh Rossiyaga neft savdosiga oid sanksiyalarni yanada kuchaytirishi mumkin. Jumladan, sanksiyalarga duchor bo‘lgan rus banklari orqali neft sotib olish uchun berilgan litsenziyalar bekor qilinishi mumkin. Bu cheklov Yevropa davlatlariga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor.
AQSh yana Rossiyani qo‘llab yubordi
Vashington Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlarini tergov qiluvchi xalqaro guruhdan chiqishga qaror qildi. Bu qaror AQShning Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartirayotganidan dalolat beradi, deb yozmoqda The New York Times.
Jo Bayden ma’muriyati Rossiyani Ukrainadagi jinoyatlarda ayblagan, ammo Donald Tramp ma’muriyati bu tergovda qatnashishdan bosh tortdi.
AQSh 2023 yilda Yevropa va Ukraina bilan birgalikda maxsus tergov guruhiga qo‘shilgan edi, bu tashkilot Rossiyaning ittifoqchilari — Belarus, Eron va Shimoliy Koreya bilan hamkorligini ham o‘rganayotgan edi.
Shuningdek, AQSh 2022 yilda tashkil etilgan WarCAT (jang jinoyatlarini tergov qiluvchi guruh) faoliyatini qisqartirishga qaror qildi.
Kiyev sanksiyalarni bekor qilish shartlarini sanadi
Ukraina rasmiylari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor, agar bu mamlakatda xavfsiz va adolatli tinchlikni ta’minlashga yordam bersa. Bu haqda Ukraina prezidentining sanksiyalar siyosati bo‘yicha vakili Vladislav Vlasyuk Politico nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan biznes yurituvchi xalqaro kompaniyalarning bozorga qaytishi faqat vaqt masalasi, ammo bu jarayon ma’lum shartlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Vlasyuk sanksiyalarning asosiy maqsadi Moskvani agressiyani to‘xtatishga va barqaror tinchlik kelishuviga majbur qilish ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u hozircha sanksiyalarni bekor qilish haqida gapirish erta ekanini, avval Rossiyaning tinchlik muzokaralarida jiddiy qadamlar qo‘yishi zarurligini ta’kidladi.
Investorlar Rossiya iqtisodiyotiga oid mavjud sanksiyalarning ehtimoliy yumshatilishi borasida taxminlar qilib, rossiyalik kompaniyalar obligatsiyalariga va rublga sarmoya kiritishni muhokama qilmoqda, deb xabar bermoqda Financial Times. Bu esa rubl kursiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda 1 AQSh dollarining birja kursi 82-83 rublgacha tushib ketgan.
Yevropada AQSh tovarlariga qarshi boykot
AQSh prezidenti Donald Tramp boshlagan savdo urushiga javoban, Yevropada Amerika mahsulotlarini boykot qilish harakati keng quloch yoymoqda. Mintaqaning turli davlatlarida iste’molchilar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlab, AQSh tovarlaridan voz kechmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda boykotga chaqiruvchi guruhlar faol targ‘ib qilib, McDonald’s, Levi’s, WhatsApp kabi brendlarni mahalliy mahsulotlarga almashtirishga chaqirmoqda. Teslaning Yevropadagi sotuvlari 45 foizga kamaydi, Fransiyada WhatsApp va X platformalaridan voz kechish holatlari ortib bormoqda.
Shuningdek, Norvegiya Amerika kemalariga yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatdi, Kanadada AQSh ichimliklariga cheklov kiritildi. Google’da «boykot AQSh» so‘rovi keskin oshgani kuzatilmoqda. Daniya va Lyuksemburgda mahalliy mahsulotlar sotuvi keskin o‘sdi.
Italiyada yirik supermarketlar Yevropa mahsulotlarini alohida belgilab qo‘ymoqda. Ispaniyada esa Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalar boshlangan.
AQShdan Ozodlik haykalini qaytarish so‘raldi
Fransiyaning Yevroparlamentdagi vakili Rafael Glyuksman AQShni demokratiya va ozodlik qadriyatlaridan chekinganlikda ayblab, Ozodlik haykalini qaytarishni talab qildi. Unga ko‘ra, shu kunlardagi Amerika endi bu ramzga munosib emas.
Glyuksman bu da’vatni Place Publique partiyasi yig‘ilishida bildirdi va AQShni avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilishda hamda ilmiy erkinlikni cheklashda aybladi.
Ozodlik haykalini Fransiya 1886 yili AQSh mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan hadya qilgan. Glyuksman Nyu Yorkdagi Gudzon qo‘ltig‘ida joylashgan orolda o‘rnatilgan haykalning originalini Fransiyaga qaytarishni talab qilib, Parijdagi kichik nusxa uni almashtira olmasligini ta’kidladi.
Bu bayonot Fransiya matbuotida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Parij rasmiylari hozircha rasmiy izoh bermagan, ammo bu holat AQSh-Fransiya munosabatlaridagi keskinlikni kuchaytirishi mumkin.
Mavzuga oid

13:12 / 19.03.2025
G‘azoni yana bombalayotgan Isroil, Tramp va Putin muloqoti va Ukraina uchun 30 davlatdan iborat koalitsiya - kun dayjesti

13:14 / 17.03.2025
Yamanga hujum, Ilon Maskka qarshi namoyishlar va armiya Bosh shtabi rahbarini almashtirgan Ukraina - kun dayjesti

13:41 / 15.03.2025
Oq uydan HAMASga ogohlantirish, Putin bilan muloqot qilgan Tramp va Rossiya neftidan voz kechayotgan Xitoy - kun dayjesti

13:51 / 14.03.2025