G‘azoni yana bombalayotgan Isroil, Tramp va Putin muloqoti va Ukraina uchun 30 davlatdan iborat koalitsiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil G‘azoni yana bombalay boshladi
Isroil G‘azo sektoriga kamida 35 ta aviazarba berdi. HAMAS bu harakatni erishilgan muvaffat sulhni bir tomonlama buzish deb baholab, Netanyahu ma’muriyati garovga olinganlarning taqdirini xavf ostiga qo‘yganini bildirdi.
Jangovar harakatlar oldidan Isroil AQSh bilan maslahatlashgan. Vashington rasmiylari Isroilning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, HAMAS, husiychilar va Eron terrorizm uchun javobgar ekanini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bombalashlar oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 400 dan oshgan, yaradorlar 562 nafarni tashkil etmoqda. Qurbonlar orasida ko‘plab go‘daklar va ayollar bor.
Isroil armiyasi hujumlar «HAMAS terrorchi obektlari»ga qaratilganini ta’kidlamoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Israel Kats urush maqsadlarini amalga oshirish va barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.
Isroil rasmiylari «dushmanlarga hech qanday rahm-shafqat qilinmasligi»ni bildirib, urushni to‘xtatish uchun barcha garovga olinganlar qaytarilishi kerakligini aytdi.
Netanyahu urush boshlab, suddan qochyaptimi?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoga havo orqali hujumlarini boshlagan kuni sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortdi. U bu qarorini «xavfsizlik bo‘yicha shoshilinch maslahatlar» bilan izohlab, prokuratura ham uning so‘rovini ma’qullaganini ma’lum qildi.
19 yanvardan beri amal qilib kelayotgan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muvaqqat otashkesimga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarning ikkinchi qismi 2 martdan boshlab ozod etilishi kerak edi. Biroq Isroil G‘azodan o‘z qo‘shinini olib chiqib ketishni rad etgach, muzokaralar to‘xtagan.
Netanyahu mamlakatdagi siyosiy inqiroz fonida urushni kuchaytirdi. Muxolifat uni 7 oktyabrdagi hujumlar uchun javobgarlikdan qochish va Qatar bilan aloqalari bo‘yicha tekshiruvni to‘xtatishga urinishda ayblamoqda.
Darvoqe, Isroilda Qatar bilan bog‘liq yangi ulkan korrupsiya mojarosi boshlangan. Netanyaxu ma’muriyatidagi ayrim amaldorlar Qatardan pora olganlikda ayblanmoqda. Ish davlatga xiyonatgacha borib taqalishi mumkin.
Netanyaxu bu ishni «kavlayotgan» Shabak xavfsizlik xizmati rahbari Ronen Barni lavozimidan chetlatdi. Ammo Isroil tarixida ilk marta Shabak boshlig‘i bosh vazirga bo‘ysunmasligini e’lon qildi. U Netanyaxuning shaxsiga emas, davlatga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Muxolifat ham Barni qo‘llab-quvvatladi.
Netanyahu azaliy korrupsiya bo‘yicha uch ishda ayblanmoqda: 700 ming dollarlik qimmatbaho sovg‘alar olish, matbuot bilan maxfiy kelishuv va telekommunikatsiya kompaniyasiga imtiyoz berish evaziga media yordam olish.
Tramp husiychilar tufayli Eronga tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Tehronga qarshi keskin bayonot berib, endi husiychilarning har qanday hujumi Eron zarbasi sifatida baholanishini ma’lum qildi.
«Eron o‘zini terrorchilardan jabrlangan davlat sifatida ko‘rsatmoqchi. Lekin ular boshqalarni ahmoq deb o‘ylamasligi kerak. Tehron husiychilarni qurol-yarog‘, moliya va harbiy texnologiyalar bilan ta’minlayapti. Endi Eron husiychilar tomonidan qilingan har bir zarba uchun javobgar bo‘ladi», — dedi Tramp.
Xush, Trampning Eronga tahdidlari haqqoniymi yoki yolg‘ondakam?
AQSh qo‘shinlari bir necha kundan beri Fors ko‘rfazidagi Eronning Bushahr AES hududini kuzatmoqda. Shu bilan birga, AQSh va Isroil yaqinda keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Unda strategik bombardimonchi uchoqlar, havo tankerlari va bir nechta jangovar samolyotlar ishtirok etdi.
Vashington ayni paytda Isroil harbiy-havo kuchlarini yirik partiyadagi bunkerbuzar aviabombalar bilan ta’minlamoqda. Bu qurollar asosan G‘azoda emas, boshqa potensial nishonlarda qo‘llanishi mumkin.
Bu orada AQShning Yamandagi yangi aviahujumlaridan bir necha soat o‘tib, Sanoda minglab yamanliklar falastinliklarga hamdardlik bildirish uchun mitingga chiqdi. Husiychilar esa Isroilga qarata raketa uchirishdi.
Putin va Trampning telefon orqali muloqoti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning uzoq anons qilingan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ikki soatlik suhbat asosan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishga bag‘ishlangan.
Kreml bayonotiga ko‘ra, Putin Trampning urushni to‘xtatishga bo‘lgan intilishini olqishlab, muzokaralar kompleks va uzoq muddatli bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Tramp 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini bildirgan, Putin buni qisman ma’qulladi va Ukraina energiya inftratuzilmalariga zarba berishdan tiyilish borasida Rossiya harbiylariga tegishli ko‘rsatma berishini aytgan. Keyinroq bu tashabbusni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Rossiya tomoni ukrain armiyasiga majburiy mobilizatsiyani to‘xtatish va qayta qurollanishni cheklash masalasini ko‘targan. Kiyevning oldingi kelishuvlarni buzgani va terrorchilik harakatlariga oid xavflar muhokama qilingan.
Putin Kursk oblastida qurshovda qolgan ukrain harbiylariga taslim bo‘lishni taklif qilib, ularning hayoti kafolatlanishini yana bir bor takrorlagan. Shuningdek, 19 mart kuni 175 ga 175 nisbatda asirlar almashtirilishi va 23 ukrain harbiysi humanitar sabablarga ko‘ra qaytarilishi ma’lum qilingan.
Ikki yetakchi Qora dengizdagi kemachilik xavfsizligi va Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Ular strategik barqarorlik va yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan.
Oq uy bayonotiga ko‘ra, Donald Tramp va Vladimir Putin Ukrainadagi mojaro ancha oldin tugatilishi kerakligini ta’kidlagan. Ular urushni to‘xtatish yo‘li energetika va infratuzilma obektlariga zarbalarni bas qilishdan boshlanishini qayd etgan.
Yetakchilar Qora dengizda kelishuvga erishish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishishgan va bu jarayonni Yaqin Sharqda zudlik bilan boshlashga qaror qilingan. Shuningdek, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va geosiyosiy barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlari muhokama qilingan.
Prezidentlar, shuningdek, Eron hech qachon Isroilni yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerakligini yakdil ta’kidlashgan.
Ukraina uchun 30 davlatdan iborat koalitsiya
Britaniya Ukrainadagi mojaroni barqarorlashtirish maqsadida 30 dan ortiq davlatni o‘z ichiga olgan tinchlikparvar koalitsiyani shakllantirmoqda. London, Parij va Kanberra tinchlikparvar kuchlarni yuborishga tayyorligini bildirgan, ammo missiya xavfsizligini faqat AQSh harbiy yordami kafolatlashi mumkinligini ta’kidlagan.
Daniya va Shvetsiya o‘z qo‘shinlarini joylashtirish ehtimolini muhokama qilmoqda. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi agar Rossiya sulhni rad etsa, G7 yangi sanksiyalar va muzlatilgan aktivlarni musodara qilish orqali Moskvaga bosimni kuchaytirishini bildirdi.
Yevropa va Britaniya harbiy bosimni oshirishni rejalashtirmoqda. 20 mart kuni Londonda «istaganlar koalitsiyasi» davlatlari, shu jumladan Avstraliya, Kanada va Yaponiya ishtirokida muzokaralar o‘tkaziladi.
Britaniyaning rejasiga ko‘ra, missiya 30 minggacha harbiyni o‘z ichiga olishi mumkin. Bu Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy talab qilgan 100 ming tinchlikparvar qo‘shindan uch barobar kam. AQSh harbiy yordami yo‘qligidan xavotirlangan koalitsiya NATO birdamligiga tahdid soluvchi xavflarni qayd etdi.
Rossiya va Tojikiston harbiy hamkorlikni mustahkamlaydi
Moskva va Dushanbe 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi va uni 2028 yilgacha amalga oshirish rejasini imzoladi. Bu borada Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Rossiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida kelishuvga erishildi.
Vladimir Putin muzokaralar davomida Markaziy Osiyo xavfsizligi, xususan, Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlar muhokama qilinganini ta’kidladi. Rossiya mintaqada barqarorlikni saqlashda Tojikistonda joylashgan 201-Rossiya harbiy bazasi imkoniyatlaridan foydalanishda davom etadi.
2023 yilda Tojikistonda Rossiya mablag‘lari hisobiga zamonaviy chegara posti qurilgani eslatildi. Ikki davlat mudofaa, terrorizmga qarshi kurash, kiberjinoyatchilik va giyohvand moddalar savdosiga qarshi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.
Imomali Rahmon muzokaralar natijalaridan qoniqish bildirib, Tojikiston Rossiya bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga intilishini ta’kidladi.
Mavzuga oid

13:16 / 18.03.2025
Husiychilarning hujumi, Tramp va Putin muloqotiga tayyorgarlik va Ozodlik haykalini qaytarishni so‘ragan fransuz - kun dayjesti

13:14 / 17.03.2025
Yamanga hujum, Ilon Maskka qarshi namoyishlar va armiya Bosh shtabi rahbarini almashtirgan Ukraina - kun dayjesti

13:41 / 15.03.2025
Oq uydan HAMASga ogohlantirish, Putin bilan muloqot qilgan Tramp va Rossiya neftidan voz kechayotgan Xitoy - kun dayjesti

13:51 / 14.03.2025