Jahon | 19:15 / 13.03.2025
2995
3 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ sobiq bosh vaziri Vardanyan ochlikni to‘xtatdi. U 23 kun davom etdi

Ruben Vardanyan o‘zining ushbu harakatini «xalqaro va Ozarboyjon protsessual qonunchiligining qo‘pol buzilishiga javob» deb atadi.

Foto: AP

Tog‘li Qorabog‘ning sobiq bosh vaziri, rossiyalik milliarder Ruben Vardanyan Ozarboyjonda o‘ziga nisbatan boshlangan sud jarayoni fonida boshlagan ochlikni to‘xtatdi. Bu haqda u Boku qamoqxonasidan turib oilasiga yo‘llagan audiomurojaatida ma’lum qildi.

Vardanyan 19 fevralda ochlik e’lon qilgandi va u 23 kun davom etdi. Ruben Vardanyan o‘zining ushbu harakatini «xalqaro va Ozarboyjon protsessual qonunchiligining qo‘pol buzilishiga javob» hamda sud jarayonidagi adolatsizlikka e’tibor qaratishga urinish deb atadi.

«Ochlik e’lon qilishda bir nechta maqsadim bor edi: sud emas, balki nohaq hukm chiqarish ketayotganini ko‘rsatish; meni emas, balki barcha armanlarni va davlatning o‘zini sud qilishayotganini ko‘rsatish va qalbida Arsaxda qolib yashashni istaganlar uchun qanday to‘lov to‘lashga to‘g‘ri kelgan bo‘lishini ko‘rsatish», — deydi Vardanyan.

Ruben Vardanyan — «Troyka Dialog» sarmoyaviy kompaniyasining sobiq rahbari, «Skolkovo» biznes maktabi asoschisi. U Forbes versiyasi bo‘yicha Rossiyaning eng badavlat insonlari ro‘yxatiga kirgan. 2022 yil sentabrda Vardanyan Rossiya fuqaroligidan voz kechib, Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tishini e’lon qilgan. U 2022 yil noyabrdan 2023 yil fevralga qadar tan olinmagan Qorabog‘ Respublikasi hukumati rahbari bo‘lgan.

2023 yil 27 sentabr kuni Vardanyan Qorabog‘dan Armanistonga chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtda Ozarboyjon chegara postida ushlangan edi. Vardanyanga bir qancha moddalar, jumladan, terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy qurolli guruhlar tuzish va faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

2023 yil sentabr oxiridan beri u Bokuda hibsda. 2024 yil 19 aprelda Vardanyan birinchi marta ochlik e’lon qilgandi — 25 aprelda u yakunlangan. Iyun oyida uning oilasi Vardanyan tergov izolyatorida qiynoqqa solinganini ma’lum qilgandi. 2025 yil yanvarda esa Ruben Vardanyan tergov o‘ziga oid ish bo‘yicha hujjatlarni soxtalashtirganini bildirdi.

 

Mavzuga oid