Qorabog‘ safari: Jafokash Fuzuliy va yangilanayotgan Zangilon

Jahon 22:22 / 08.11.2024 5962

Ozarboyjonning Qorabog‘ hududiga qilgan ijodiy safarimizda Ag‘dam tumanidan keyingi manzillar ishg‘ol ostida bo‘lgan Fuzuliy va Zangilon tumanlari bo‘ldi.

Bu yerlarda ham hududlar minalardan tozalanib, keng va ravon yangi yo‘llar solingan. Zangilongacha yangi temiryo‘l o‘tkazilgan. Eron bilan chegaradosh bo‘lgan bu tumanlarni Araz daryosi bo‘lib turadi. Manzara juda chiroyli: Araz daryosidagi Xudofarin suv ombori ham o‘zgacha manzara kasb etmoqda.

Jafokash Fuzuliy

Biz dastlab Fuzuliy tumaniga bordik. Bu tumanning katta qismi 1992 yildan buyon armani ishg‘oli ostida bo‘lgan. Jumladan, tuman markazi bo‘lgan Fuzuliy shahri ham ulkan talafot ko‘rgan. Urushgacha 20 ming kishi istiqomat qilgan Fuzuliy shahri esa bosqin yillarida arvoh-shaharga aylangan.

2020 yilning 17 oktyabrida Ikkinchi Qorabog‘ urushida Ozarboyjon shahar va tuman ustidan nazoratni qaytarib olgan.

Urush davrida vaqtinchalik tuman markazi bo‘lgan Horadiz shahridan Qorabog‘ tog‘lari etagidagi bu jafokash shaharga kirib boraverar ekansiz, vayron bo‘lgan binolarga ko‘zingiz tushadi.

Katta-katta dalalar, bog‘lar, uzumzorlar 28 yil davomida qarovsiz qolib ketib, qamishzorlarga aylangan.

Shaharda birorta sog‘ uy qolmagan. Vaziyat shu qadar bo‘lganki, Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘tarish uchun shaharda birorta tomi bor uy topa olishmagan.

Ozarboyjonning ANAMA agentligi hududlarni minalardan tozalash borasida humanitar operatsiya o‘tkazayotgani haqida hikoya qilgan edik. Fuzuliy tumanidagi to‘qnashuv chizig‘i ham zich minalashtirilgan hududlardan biri hisoblanadi.

ANAMA ma’lumotlariga ko‘ra, zafar qozonilgan 2020 yilning 10 noyabridan 2024 yilning 30 sentabrigacha minalashtirilgan hududlarda 226 marta mina portlashi hodisasi ro‘y bergan. 381 kishi zarar ko‘rgan. Ularning 311 nafari yarador bo‘lgan, 70 kishi halok bo‘lgan. Shu sabab ishg‘oldan ozod bo‘lgan hududlarda yo‘l chetida minadan ogohlantiruvchi belgilar hamon turibdi.

Fuzuliy shahrida amalga oshirilayotgan yirik obodonchilik ishlari shu kunlarda tingani yo‘q. Qariyb 30 yil davomida qarovsiz qolib ketgan xalqaro aeroport butunlay yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy turarjoy binolari barpo etilgan.

Biz uchun eng muhimi O‘zbekiston xalqi nomidan 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli o‘rta maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur maktabning ochilish marosimida O‘zbekison Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev o‘z rafiqalari bilan ishtirok etdi.

Maktabga kiraverishda Mirzo Ulug‘bek va o‘zbek mutafakkirlarining panno haykali o‘rnatilgan. Maktabda o‘zbek tilida ham yozuvlar tushirilgan. O‘quvchilar ham o‘zlarining chizgan suratlarida Ozarboyjon-O‘zbekiston do‘stligini tarannum etgan.

Maktab o‘ta zamonaviy, aniq fanlar sinf kabinetlari barcha laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Maktab sport zali ham keng va shinam, ko‘plab sport turlari bilan shug‘ullanishga imkon beradi.

Fuzuliydagi 1-maktab direktori Hojar Mahmudova o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi:

«30 yilga yaqin ishg‘ol ustida bo‘lgan tuproqlarimizni qaytarib oldik. Bu tuproqlarimizda ortiq o‘t ochish va mina ovozlari emas, sevinch saslari, bolalar kulgisi ovozlari yangramoqda. Maktabimizda qo‘g‘iroq ovozi yangray boshladi.

Maktabimiz o‘tgan yilning avgust oyidan to‘liq qurib ishga tushirildi va sentabr oyining 15-sanasidan maktabimizda qo‘ng‘iroq chalinib, ish boshladi.

Bu yerda Ozarboyjon-O‘zbekiston do‘stligi burchagi tashkil qilganmiz. Mana bu ulkar xaritada esa O‘zbekiston va Ozarboyjon yashil rang bilan ajratib ko‘rsatilgan».

Fuzuliyda hayot shiddit bilan o‘z o‘zaniga tushib bormoqda. Bu yerda 2040 yilga qadar 50 ming kishi istiqomat qiladigan shahar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Fuzuliyning armani bosqini yillarida vayron qilingan qismi kelgusi avlodlar uchun ochiq osmon ostidagi 14 gektarlik Zafar muzey sifatida saqlab qo‘yilar ekan. Shuningdek, katta istirohat bog‘i, sun’iy ko‘l barpo etish ham nazarda tutilmoqda.


 

Yangilanayotgan Zangilon

Jabroil tumani ham bosqinda jabr ko‘rgan tumanlardan biri va u Fuzuliy hamda Zangilon tumanlari orasida joylashgan. Biz u yerga bormadik, keyingi manzilimiz Zangilon tumanidagi Ag‘ali aqlli qishlog‘i bo‘ldi.

Eron chegarasida joylashgan Ag‘ali ham yer bilan yakson bo‘lgan aholi punktlaridan biridir. Mahalliy aholi armani bosqinini juda yaxshi eslaydi va Araz daryosining suvi to‘silib, sayozlashtirilgani uchun odamlar Eron hududiga qochib o‘tib armanlar qirg‘inidan omon qolishgan ekan. Yo‘qsa, bu yerda ham Xo‘jali qirg‘ini kabi fojia ro‘y bergan bo‘lardi.

Ag‘ali ayni paytda mutlaqo yangidan zamonaviy qiyofada qad rostlamoqda.

«Buyuk qaytish» dasturi bo‘yicha namunaviy tarzda 2021 yilda tamal toshi qo‘yilib, butunlay boshqatdan barpo etila boshlangan aqlli shaharcha bir yil-u bir oy, bir kundan so‘ng 2022 yil aprelining 27-sanasida shaharcha ochilgan. 2023 yilning iyul oyidan boshlab shaharchaga ilk turg‘unlar ko‘chib kela boshlagan. Ayni paytda aqlli shaharchada 175 oila va 871 nafar aholi istiqomat qilmoqda.

Biz shaharchadagi bolalar bog‘chasi hamda 1-sonli o‘rta maktabni ko‘rdik. Zamonaviy bolalar bog‘chasida maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar uchun barcha sharoitlar hozirlangan. Bolalarni parvarishlash bilan birga, ularga ta’lim berib kelinmoqda.

1-maktabda esa darslar o‘tilmoqda. Bolalar 8 noyabr — Zafar kunini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishayotgan ekan. Mahalliy aholining shevasi o‘zbek tiliga juda yaqinligi bizni hayratga soldi, albatta.

Bizni eng hayratlantirgani – «Shahidlar o‘lmas, Vatan bo‘linmas» shiori ostida Zangilon tumanidan Birinchi va Ikkinchi Qorabog‘ urushida halok bo‘lgan askarlarning har birining surati ism-familiyasi bilan maktabda stend qilingan.

Albatta, Vatan ozodligi uchun jon bergan qahramonlar yosh avlod xotirasida doimiy saqlanib qolishi uchun qilinayotgan bu ishlar kishini to‘lqinlantirmasdan qo‘ymaydi.

Umuman, Ozarboyjondagi har bir qishloqda urushda halok bo‘lgan yoki yaralangan jangchilar bor. Aholi punktlari oralab borar ekansiz, katta yo‘l yoqasida — qishloqlarga kiraverishda halok bo‘lgan jangchilarning portretlari, ism-familiyasi katta harflarda yozilgan. Surat ostiga gulchambar qo‘yilgan va Ozarboyjon bayrog‘i osib qo‘yilgan. Ozarboyjonliklar jangda halok bo‘lgan o‘z shahidlarining birortasini unutmasdan, nomma-nom yod etib, ehtirom ko‘rsatishi tahsinga sazovor.

Ag‘ali qo‘rg‘oniga qaytsak, bu aqlli shaharcha zamonaviy shaharsozlik qoidalari bo‘yicha barpo etilmoqda hamda BMTning aqlli shaharchalar borasidagi talablariga to‘liq mos keladi.

Shaharchaning har qanday chekkasidan uning markazigacha uzog‘i 15 daqiqada piyoda yetib kela olasiz. Bundan tashqari, shaharcha bo‘ylab veloyo‘laklar qilingan.

Qurilayotgan uylar ham energiya tejamkorlik bo‘yicha barcha talablarga javob beradi. Uylar izolyatsion materiallardan barpo etilganki, yozda issiqni ichkariga kiritmaydi, sovuq qish fasllarida esa issiqlik uyni tark etmaydi. O‘ziga xos termos uylar. Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishga ham katta e’tibor berilgan.

Bundan tashqari, «Buyuk ko‘chish» dasturi bo‘yicha qaytadan barpo etilayotgan aholi maskanlari, jumladan Ag‘ali shaharchasiga kelib yashayotganlar kommunal to‘lovlar, jumladan elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda ichimlik suv to‘lovlaridan ozod qilingan ekan.

Ag‘aliga ko‘chib kelgan oila xonadonida mehmon bo‘ldik. Oila bekasi Ag‘alidagi o‘rta maktabning ozarboyjon tili va adabiyoti o‘qituvchisi Nazrin Baxshaliyeva shunday dedi:

«Biz oktyabrning 28-sanasida ko‘chib keldik. Davlatimiz tarafidan sharoiti yuksak saviyada, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan yangi uy bilan ta’minlandik. Bu yerda otam, onam man va qarindoshlarim bilan ko‘chib keldik. Ikki qardoshim shaharda qolgan. Otam va men ish bilan ta’minlandik. Har bir ish yuksak saviyada tashkillashtirilgan. Bizning kamchiliklarimiz va muammolarimiz bilan sutkaning 24 soatida shug‘ullanishadi. Biror narsa zarur bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilsak, muammo hammaning oldida hal etiladi. Ya’ni juda yuksak saviyada bu yerda ham davlat nazorati bor, hamda fuqarolarning ehtiyojlari o‘rganiladi».

Uning onasi Gulshan Mammedova Ag‘alini tark etganida 8 yoshli qiz bo‘lgan ekan. Gulshan opa tug‘ilib o‘sgan Vatanining ozod bo‘lishi, ungacha bo‘lgan kechinmalarini to‘lqinlanib gapirib berdi.

«Shuncha vaqt shaharda yashaganimizda bizga berilgan qochqin statusi biroz odamning qalbiga botar edi, lekin shaharda yashovchilar biz nimalarni ko‘rib, vatanimizni tashlab borganimizni bilishmagan. Ammo shukrki, bugungi kunda shu yerdamiz. Alloh prezidentimizning jonini omon aylasin, shahidlarimizni rahmatiga olsin, g‘oziylarimizga jon sog‘lig‘i bersin, prezidentimizning siyosati natijasida, shahidlarimizning qoni hisobiga bu tuproqlar olindi.

Odamlar endi endi ko‘chib kelishmoqda. Inshaalloh, kelajakda butun qishloqlarimiz, shaharlarimiz obodlashadi, go‘zallashadi, yangi uylar tiklanadi, butun qochqinlarning hammasi o‘z eliga, vataniga qaytib kelishgadi va qochqin statusidan inshaaloh xalos bo‘lishadi».

Ozarboyjonda g‘alabadan so‘ng ishg‘oldan ozod etilgan hududlarda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Infratuzilma obektlari qurib bitkazilgan. Fuzuliy, Jabroil, Zangilon orqali Lochin va Shushaga eltuvchi yangi yo‘llar barpo etilmoqda.

Biz ko‘rsatuvimizning navbatdagisida Lochin, Shusha va Xonkendi shaharlari haqida hikoya qilamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: