Jahon | 08:43 / 05.03.2025
3842
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Tramp bilan yangi muzokaralar o‘tkazishni xohlayotganini aytdi

Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan muzokara stoliga qaytishga tayyorligini aytdi. Ukraina prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z rejasini ilgari surdi va resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolashni taklif qildi.

Foto: Brian Snyder/REUTERS

Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan muzokara stoliga qaytishga va Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z rejasini ilgari surishga tayyorligini aytdi. Ukraina rahbari bu so‘zlarni 4 mart, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Zelenskiy: Tramp rahbarligida ishlashga tayyorman

«Ukraina barqaror tinchlikni yaqinlashtirish uchun imkon qadar tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor. Tinchlikni ukrainaliklardan ko‘ra ko‘proq hech kim xohlamaydi. Men va mening jamoam prezident Trampning kuchli rahbarligi ostida mustahkam tinchlikka erishish uchun ishlashga tayyormiz», deb yozgan Zelenskiy.

«Biz urushni tugatish uchun tezda ishlashga tayyormiz va keyingi so‘nggi bosqichlarga raketalar, uzoq masofali dronlarga taqiq, mahbuslarni ozod qilish aylanishi mumkin», dedi Ukraina prezidenti.

U Ukrainaga ko‘rsatgan yordami uchun AQSh va shaxsan Trampga yana bir bor minnatdorchilik bildirdi va 28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar «kutilganidek o‘tmaganini» tan oldi. «Afsuski, shunday bo‘ldi. Hamma narsani tuzatish vaqti keldi. Biz kelajakdagi hamkorlik va muloqot konstruktiv bo‘lishini istardik», deb yozadi Zelenskiy.

«Yer osti boyliklari va xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga kelsak, Ukraina uni istalgan vaqtda va istalgan qulay formatda imzolashga tayyor. Biz bu kelishuvni xavfsizlikni oshirish va ishonchli xavfsizlik kafolatlari sari qadam deb bilamiz va uning samarali ishlashiga chin dildan umid qilaman», — deya xulosa qildi siyosatchi.

Mavzuga oid