O‘zbekiston | 17:15 / 05.03.2025
4330
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga olganlar yirik miqdorda jarimaga tortilishi mumkin

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shu mazmundagi modda kiritilmoqda.

Foto: Getty images

«Fuqarolar bilan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirmagan ish beruvchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada mehnat shartnomasi tuzmasdan fuqarolarni ishga jalb qilish holatlarini kamaytirish hamda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishini oldini olish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-5-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolar bilan mehnat shartnomasini qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirmaslik yoxud mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga jalb qilish fuqarolarga BHM 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — 30 baravari (11,25 mln so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Xuddi shunday huquqbuzarlik mansabdor shaxs tomonidan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHM 200 baravari (75 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilgan.

Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalar 19 martgacha qabul qilinadi.

Mavzuga oid