“Biz hayvon emasmiz-ku” – “O‘ztemiryo‘llar”ning poyezdiga chiqqan yo‘lovchilar vagon holatidan shikoyat qilishmoqda
Urganch–Volgograd yo‘nalishida poyezdga chiqqan fuqarolar vagonlarning sanitar holatidan norozi bo‘lib Kun.uz’ga yo‘llagan suratlarda derazalar toza emasligi, har tomonda suvaraklar yurgani va tilinib ketgan o‘rindiqlarni ko‘rish mumkin. Qariyb ikki yil avval rasmiylar chipta narxlari oshirilgach, sifat ta’minlanishini va’da qilgan edi.
4 mart kuni Xorazmdan Rossiyaning Volgograd shahriga poyezdda yo‘l olgan fuqarolardan Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi.
Unga ko‘ra, 2 mart kuni 14:30 da “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning Urganch shahridan Volgogradga boruvchi poyezdiga chiqqan yurtdoshlarimiz vagonlarning sanitar holati talabga javob bermasligiga guvoh bo‘lishgan.
“Urganch–Volgograd yo‘nalishida soat 14:30 da poyezdga mindik. Vagonda holat shunday achinarliki, odam tushib ketgisi keladi, ishonavering.
“Tarakan”, qurtlar – hammasidan bor. Odam yonib ketdi, issiq ham urib yotibdi. Oynalar kir, juda achinarli holatda. Shuni bir dezinfeksiya qilsa bo‘lmasmikan, talabga umuman javob bermaydi. Biz odammiz, hayvon emasmiz-ku”, – deydi tahririyatga murojaat qilgan fuqaro.
Fuqaro taqdim etgan fotosuratlardan vagon ichidagi holat qanday ekanini ko‘rish mumkin.
Kun.uz holat yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Matbuot xizmati vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil oktyabr oyidan beri “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning chipta narxlari bir necha marotaba oshirildi. Xususan, 1 fevraldan boshlab “Afrosiyob” poyezdlarida chipta narxi 25 foizga, “O‘zbekiston”, “Sharq”, “Nasaf” poyezdlari chiptasi esa 30 foizga qimmatladi. Tezyurar bo‘lmagan (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5 foizga ko‘tarilgandi.
Rasmiylar narxlar oshishi fonida soha o‘zini o‘zi qoplay boshlashini, korrupsiyaga barham berilib, sifati oshirilishini va’da qilgandi. Ammo hozircha xizmat sifati yaxshlangani sezilmayapti.
Avvalroq rossiyalik bloger Ilya Varlamov «O‘zbekiston temiryo‘llari»dagi xizmat ko‘rsatish sifatini tanqid qilgandi.
O‘shanda Varlamov “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishidagi poyezdning “lyuks” kupesi uchun chipta narxi 100 dollardan qimmat ekanini, ammo undagi sharoitlar talabga javob bermasligini aytgandi.
Keyin “Xiva - Andijon” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilarining chiptasiga konditsioner ishlashi yozilganiga qaramay, issiq havoda sovitish tizimi ishlamayotganidan norozi bo‘lishgandi. Bir guruh san’atkorlarning shu haqdagi videosidan so‘ng “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” vagonlar eskirgani va anomal issiq sabab ularda nosozlik kuzatilganini aytib, uzr so‘ragandi.
Mavzuga oid

15:23 / 01.03.2025
Gretsiyada yirik poyezd avariyasining ikki yilligi munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi

16:16 / 16.02.2025
Hindistondagi vokzalda tiqilinch yuz berdi. Kamida 18 kishi halok bo‘ldi

19:37 / 04.02.2025
Toshkent metrosiga yana 3 ta yangi poyezd olib kelindi

15:35 / 27.01.2025