Sport | 11:57 / 28.02.2025
7353
3 daqiqa o‘qiladi

Velosport. 17 yoshli Samira Ismoilova – jahon va Osiyo rekordini o‘rnatdi

Malayziyada velosportning trek yo‘nalishida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik velosportchi Samira Ismoilova trek yo‘nalishining individual ta’qib poygasida jahon rekordini o‘rnatib oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Velotrek bo‘yicha Osiyo chempionatining so‘nggi kuni doirasida terma jamoamiz a’zosi Samira Ismoilova yosh qizlar o‘rtasidagi individual ta’qib dasturida eng yaxshi natijani qayd etgan holda oltin medalga ega chiqqan edi. Hamyurtimiz mazkur dasturdagi natijasi orqali O‘zbekiston, Osiyo va Jahon rekordini o‘rnatishning uddasidan chiqdi. Ismoilova individual ta’qib dasturida 3:46.800 vaqtda marrani kesib o‘tdi.

Bu esa USI xalqaro komissari Ueyn Romario tomonidan rekord sifatida tasdiqlandi. Endi yosh qizlar o‘rtasidagi individual ta’qib dasturida jahon va Osiyo rekordi 17 yoshli sportchimiz — Samira Ismoilovaga tegishli.

Xalqaro ekspert va mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Samira Ismoilova Osiyo chempionatining yangi kashfiyoti bo‘lgan.

Shu o‘rinda, milliy terma jamoa a’zosi Dmitriy Bocharov, 23 fevralda erkaklar orasida trekning skretch yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan musobaqada amaldagi jahon chempioni Kazushige Kuboki ustidan g‘alaba qozonib oltin medalni egallagani barcha sport ekspertlari qatorida velosport ixlosmandlarini ham lol qoldirdi. 

Mazkur g‘alaba trekning Man Elite kategoriyasida o‘zbek velosporti tarixida 1991 yildan buyon ilk bor erishilgan g‘alaba bo‘ldi.

Velosport milliy terma jamoasi 2025 yildagi Osiyo chempionatlarida jami 8ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shulardan 3 tasi oltin medal, qolganlari bronza medallar bo‘ldi:

  • Yoshlar o‘rtasida: Samira Ismoilova ochkolar bo‘yicha guruh poyga – bronza;
  • Yoshlar o‘rtasida: Samira Ismoilova va Nadejda Barteneva, tandem medison – bronza;
  • Kattalar orasida: Asal Rizayeva va Nafosat Koziyeva, tandem medison – bronza;
  • Kattalar orasida: Nafosat Koziyeva, omnium – bronza;
  • Kattalar orasida: Nafosat Koziyeva, ochkolar bo‘yicha guruh poyga – bronza.

«Sportchilarning tayyorgarlik olib borishida, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazishdagi eng zamonaviy texnologiya va qurilmalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish hamda eng asosiysi xorijiy (Italiya, Germaniya) mutaxassislar va murabbiylarni dunyo velosporti talablariga mos ravishda tanlab ishga jalb qilinishi 2025 yilgi mavsum doirasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida o‘z natijalarini yaqqol ko‘rsatdi», - deyiladi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi xabarida.

Mavzuga oid