Konya-2021. O‘zbekiston velosport terma jamoasi 11ta medal qo‘lga kiritdi, Olga Zabelinskayada oltin het-trik

Sport 15:37 / 16.08.2022 7384

Velosport bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi o‘zini yaxshi ko‘rsatdi va delegatsiya umumiy jamg‘armasi uchun hozircha eng ko‘p medallarni taqdim etdi. Ular hisobida 11ta medal mavjud — 3ta oltin, 4ta kumush va 4ta bronza.

Islom birdamlik o‘yinlarini aynan velosportchilar o‘z chiqishlari bilan ochib berishdi va O‘zbekiston ilk medalni ham aynan shu sport turida qo‘lga kiritdi.

Trek dasturi skretch guruh poygasida ishtirok etgan Sofiya Karimova «Kolumb» vazifasini bajardi — u bronza medalini qo‘lga kiritdi. Keyin trekdagi yakkalik dasturida Yanina Kuskova 2-o‘ringa sazovor bo‘lib, jamg‘armaga ilk kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Xuddi shu dasturda erkaklar o‘rtasidagi poygada Aleksey Fomovskiy bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston velosport terma jamoasi

Ayollar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasida shohsupaning birdaniga ikkita o‘rni o‘zbekistonlik sportchilarga nasib etdi. Olga Zabelinskaya eng yaxshi natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi, Yanina Kuskova esa jamoaga yana bir kumush medal keltirdi.

Trekdagi musobaqaning to‘rtinchi va oxirgi kunida velosportchilar yana bir bronzani taqdim etishdi. 4ta dasturdan iborat bo‘lgan omnium poygalari natijalariga ko‘ra, Aleksey Fomovskiy bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston velosport terma jamoasi

Shundan so‘ng medallarga boy bo‘lgan veloshosse bo‘yicha musobaqalarga start berildi. Yakkalik poygalarida O‘zbekiston velosport jamoasi medallarning to‘liq jamlanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Olga Zabelinskaya hamda Yanina Kuskova egallashdi. Erkaklar o‘rtasida Aleksey Fomovskiy 3-ko‘rsatkichni qayd etib, yana bir bronza medalini o‘ziniki qilib oldi.

91km masofaga teng bo‘lgan guruh poygasida Olga Zabelinskaya Islom birdamlik o‘yinlaridagi 3-oltin medalini qo‘lga kiritib,
«het-trik»ni qayd etdi. Yana bir o‘zbekistonlik velosportchi Margarita Misyurina marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi Islom birdamligi o‘yinlarida ayni vaqtda 40ta oltin, 28ta kumush va 44ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinda bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: