O‘zbekiston | 20:34 / 28.02.2025
2499
6 daqiqa o‘qiladi

28 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ramazon oyining boshlanishi, Sirdaryodagi tayinlovlar, so‘nggi ikki yilda yomonlashgan biznes muhiti va bolalar kaltaklangan bog‘chada ishlar «yopdi-yopdi» qilinayotgani — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ramazon oyi 1 martdan boshlanadi

O‘zbekistonda 2025 yilda muborak Ramazon oyi 1 martdan boshlanadi. Prezident farmoniga ko‘ra, oy ichida milliy qadriyat va an’analarga muvofiq tadbirlar o‘tkaziladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida ehtiyojmandlar va ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish muhitini kuchaytirish va hurmat-mehr an’analarini targ‘ib etish kabi vazifalar belgilandi.

Shuningdek, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chat ekish hamda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratiladi.

Ramazon oyida o‘qiladigan tarovih namozlari tufayli Toshkent shahridagi bir necha ko‘chalar oy davomida tungi vaqtlarda vaqtincha yopilishi ham e’lon qilindi.

Sirdaryodagi tayinlovlar

Bugun Sirdaryo viloyatida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.

Sirdaryo viloyati hokimi v.b. Erkinjon Turdimovning tegishli qarori bilan Faxriddin Qo‘shoqov viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Mirzaobod tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Orif Rahmonqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Abdurahim Abdulhamidovich Umarov nomzodi deputatlar tomonidan Mirzaobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Guliston tumanida ham hokim almashdi. Shu kunga qadar tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan Olimjon O‘rozaliyevich Jo‘rayev nomzodi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Sirdaryo tumaniga ham yangi rahbar tayinlandi. Shu kunga qadar Sirdaryo viloyati yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan Azizbek Mahammatqul o‘g‘li Turdimurodov nomzodi deputatlar tomonidan tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Oqoltin tumaniga esa shu kunga qadar tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan Husniddin Yaxshilikovich Suvonov nomzodi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Biznes muhiti so‘nggi ikki yilda yomonlashdi

So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda korxonalar soni 25 foizga kamaydi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 fevral holatiga faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 431,5 mingtani tashkil etgan, bu esa ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 25 foizga kam.

Eng katta qisqarish sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida kuzatilgan — bu yo‘nalishlarda korxonalar soni 40 foizgacha kamaygan.

Shu bilan birga, yangi tashkil etilgan korxonalar soni ham pasaymoqda: 2021 yilda 103 ming yangi korxona ochilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 80 mingga tushib ketdi.

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, tadbirkorlar biznes muhitining yomonlashganini qayd etmoqda. Ishlab chiqarish korxonalarining quvvatlaridan foydalanish darajasi pasayib, tadbirkorlar asosiy muammo sifatida elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, soliq qiyinchiliklari va yoqilg‘i narxining oshishini ko‘rsatmoqda.

Toshkentda bolalar kaltaklangan bog‘cha rahbari amaldorning qarindoshimi?

Toshkentdagi «Tanzilandiya» xususiy bog‘chasida bolalar muntazam ravishda kaltaklangani ma’lum bo‘ldi. Holat ota-onalardan biri farzandining o‘yinchog‘iga ovoz yozuvchi moslama o‘rnatganidan so‘ng aniqlangan.

Yig‘ilgan dalillarga qaramay, ota-onalar ish bosdi-bosdi qilinmoqda, degan xavotir bildirishmoqda. Bog‘cha egalari yuqori lavozimli amaldorlardan birining qarindoshi ekani haqida da’volar bor.

Hozirda mazkur ish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Bolalarga yetkazilgan zararni aniqlash uchun tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Shunga qaramay, jabrlangan bolalarning ota-onalari ishlar «yopib qo‘yilayotgani» haqida shikoyat qilmoqda.

Bahorda 300 mingta daraxt ekiladi

O‘zbekistonda 2025 yil bahorida 121 ta shahar va tumanlarda «Yoshlar yashil bog‘lari» tashkil etilib, 300 ming dona daraxt ko‘chatlari ekiladi.

Nurafshon shahrida «Mahalla yoshlarining ma’naviyat bog‘i» barpo etildi. U yerda 8,5 gektar maydonga pavloniya, oqterak, majnuntol va boshqa manzarali daraxtlar ekildi. Ushbu tashabbus «Yashil makon» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda o‘tkaziladigan ko‘chat ekish tadbirlarida 50 mingga yaqin yoshlar, ekofaollar, blogerlar, san’atkorlar va sportchilar qatnashishi kutilmoqda.

Mavzuga oid