Britaniya bosh vaziri harbiy xarajatlar oshirilishini e’lon qildi va Tramp bilan uchrashuvga yo‘l oldi

Foto: PA MEDIA
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer jahon siyosatida so‘nggi paytlardagi o‘zgarishlarga munosabat bildirib, seshanba kuni mamlakatning harbiy xarajatlari kelgusi ikki yil ichida yalpi ichki mahsulotning 2,6 foizigacha oshirilishini e’lon qildi. BBC diplomatik sharhlovchisining ta’kidlashicha, ko‘pchilik hozirgi vaziyatda harbiy xarajatlarni YaIMning atigi 0,3 foiziga oshirish juda qat’iyatsiz qadam deb hisoblaydi.
Jamoalar palatasida nutq so‘zlagan Kir Starmer Britaniyaning harbiy xarajatlari 2027 yilga borib yiliga 13,4 milliard funtga yoki yalpi ichki mahsulotning 2,6 foizigacha o‘sishini e’lon qildi — bunda maxsus xizmatlarning harbiy xarajatlari ham hisobga olinadi.
O‘tgan yili Britaniya qurolli kuchlarga 53,9 mlrd funt (75 mlrd dollar) sarflagan.
Shu bilan birga, Starmer hukumati xorijdagi gumanitar yordam xarajatlarini qisqartiradi va bu pullarni armiya va flotga yo‘naltiradi.
Yaqin-yaqingacha Kir Starmer va uning hukumati keyingi parlament saylovlarigacha, ya’ni 2029 yilgacha harbiy xarajatlarni YaIMning 2,5 foizigacha oshirishga va’da berayotgandi. Ammo so‘nggi haftalarda jahon siyosatidagi shiddatli voqealar, birinchi navbatda, AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina mavzusidagi bayonotlari Starmerni rejalarini o‘zgartirishga majbur qildi.
Chorshanba kuni Britaniya bosh vaziri Vashingtonga uchadi. Uning yangi rejalari Donald Trampda taassurot qoldiradimi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum: Tramp yaqinda NATOning Yevropadagi a’zolari mudofaaga yalpi ichki mahsulotning 5 foizidan ko‘proq mablag‘ sarflashi kerakligini aytgandi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Starmerning qarorini ma’qullab, uni «ishonchli hamkorning kuchli qadami» deb atadi.
Hozircha NATOda 2 foizlik me’yor o‘z kuchida qolmoqda, ammo alyans bosh kotibi ham, ba’zi Sharqiy Yevropa davlatlari rahbarlari ham Rossiyani tiyib turish uchun kamida 3 foiz sarflash kerakligini aytishmoqda.
Kir Starmer seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATOning Yevropadagi barcha a’zolarini harbiy xarajatlarni oshirishga chaqirdi va Britaniya keyingi saylovlardan keyin ularni yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha oshirishga va’da berdi.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, harbiy mablag‘lar rejasini saylovoldi va’dalariga nisbatan yalpi ichki mahsulotning 0,1 foiziga oshirishga uni kirib kelgan «xavfli davr»da mamlakat duch kelgan «jiddiy tahdidlar» majbur qilgan.
Trampning bayonotlari unga ta’sir qilmadimi, degan savolga Starmer «mamlakat duch kelgan vaziyatni baholashga asoslanib», mustaqil ravishda qaror qabul qilganini aytdi. Shu bilan birga, bosh vazir so‘nggi haftalardagi voqealar uni shoshiltirganini tan oldi.
London Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) direktori o‘rinbosari Malkolm Chalmersning BBC’ga aytishicha, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlarining bunday qarorlari Tramp ma’muriyatining asosiy e’tiborni Xitoy bilan qarama-qarshilikka qaratish niyatini o‘zgartirmaydi.
«Reallik shundayki, biz mudofaa borasida nima qilsak ham, AQSh baribir boshqa tomonga buriladi, u endi yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida o‘ynagan Yevropa xavfsizligini ta’minlashdagi yetakchi rolini o‘ynamaydi», — dedi Chalmers.
Shunga qaramay, BBC diplomatik sharhlovchisi Jyeyms Landeylning fikricha, Starmerning bayonoti Trampning saylanishi bilan yuzaga kelgan geosiyosiy tahdidlarga tarixiy miqyosdagi reaksiya emas, balki Vashingtonga tashrifdan oldingi taktik harakatga o‘xshaydi.
«Yevropalik diplomatlar menga Britaniyaning mudofaa haqidagi bayonoti ularga ta’sir qilmagani, bu [xarajatlarning bu miqdordagi oshirilishi] vaziyatga ta’sir qilish uchun yetarlicha katta emasligini aytishdi. Ularning aytishicha, Britaniya tez orada o‘z kuchlarini kerakli darajaga ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun milliy boylikning kamida 3 foizini sarflashni boshlashi kerak», — deb yozadi Jyeyms Landeyl.
Uning qayd etishicha, harbiy xarajatlarning bunday o‘sishi uchun gumanitar yordam xarajatlarini kamaytirish yetarli bo‘lmaydi — ijtimoiy nafaqalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi moddalarga ham harakat qilish kerak bo‘ladi. Bunga, ya’ni urushdan keyingi Yevropa «ijtimoiy davlat» modelini isloh qilishga hozircha yevropalik siyosatchilarning faqat juda ozchilik qismigina tayyor.
Malkolm Chalmersning so‘zlariga ko‘ra, Starmer tomonidan e’lon qilingan mablag‘larning oshirilishi Britaniya qurolli kuchlariga faqat ayrim dasturlarni moliyalashtirmaslik tufayli yuzaga kelgan bo‘shliqlarni to‘ldirish va Ukrainadagi urush tufayli kamayib ketgan o‘q-dorilar zaxiralarini to‘ldirish imkonini beradi.
Xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha oshirish, Chalmersning hisob-kitoblariga ko‘ra, armiyani modernizatsiya qilish va uning jangovar qobiliyatini oshirish imkonini beradi.
London Qirollik kollejining harbiy tadqiqotlar bo‘limi ilmiy xodimi doktor Saymon Englimning fikricha, agar Britaniya Rossiyani jilovlay oladigan qurolli kuchlarga ega bo‘lishni istasa, 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 3 foizi —xarajatlarning eng maqbul darajasidir.
Agar AQSh Yevropani harbiy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga qaror qilsa, doktor Englimning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya uch foizdan ko‘proq mablag‘ sarflashi haqida ham o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

16:09 / 09.03.2025
Rishi Sunak: Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirish kerak

01:44 / 08.03.2025