O‘zbekiston | 22:45 / 26.02.2025
3644
6 daqiqa o‘qiladi

26 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yangi tayinlangan tuman hokimlari, Pokiston bilan imzolangan hujjatlar, bolani stulga skotchlagan tarbiyachi va tezkor tadbirlarda qo‘lga olingan ashyolar va jinoyatchilar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

To‘rt hokim, bir hokim o‘rinbosari va vazir tayinlandi

Bugun Samarqand viloyatining uchta tumanida hokim almashdi. Jomboy tumani hokimi etib Xurshid Nazarov tayinlandi. U tayinlovgacha Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Nurobod tumaniga Maqsud Erkinovich Bo‘ronov hokim etib tayinlandi. U shu paytgacha «Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab ketayotgandi.

Paxtachi tumaniga esa Qayum Xushbaqov hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar Samarqand viloyati hokimligi axborot-tahlil guruh rahbari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumaniga ham yangi hokim tayinlandi. Shu paytgacha «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filiali direktori lavozimida ishlab kelgan G‘olib Murodov tumanning yangi rahbari bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida ham tayinlov amalga oshirildi. Abror Abduazimovich Xidirov Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Kecha respublika miqyosida ham tayinlov amalga oshirildi. Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev ishdan ketdi. Uning o‘rniga Prezident farmoni bilan MIBning sobiq direktori, so‘nggi vaqtlarda harbiy prokuror lavozimida ishlab kelgan Botir Qudratxo‘jayev tayinlandi.

Pokiston bilan hamkorlik kuchaymoqda

O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘nalishlarini muhokama qildi. 2024 yilda o‘zaro savdo hajmi 400 mln dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi.

Muzokaralarda savdo, transport, energetika, sanoat va moliyaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Imtiyozli savdo bitimi doirasida tarif va bojxona tartiblarini soddalashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Transafg‘on temiryo‘li loyihasini ilgari surish, transport-logistika sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Madaniy-humanitar aloqalarni rivojlantirish maqsadida Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Shuningdek, xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotgan terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini 2025 yilda o‘tkazishga kelishib olindi.

Toshkentda bog‘cha tarbiyachisi bolani skotchlab qo‘ydi

Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida tarbiyachi bolani stulga skotchlab qo‘ygani aniqlandi. Yunusobod tumanidagi First Daycare bog‘chasida 21 fevral kuni tarbiyachi S.A. va uning yordamchisi X.M. bolani ovqat yemagani uchun jazolagan. Hodisadan so‘ng bog‘cha ma’muriyati ularni ishdan bo‘shatdi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi voqeani tasdiqladi. Hozirda tuman prokuraturasi surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Bunga o‘xshash holat avval Sergeli tumanida ham sodir bo‘lgandi — bog‘cha tarbiyachisi bolaning oyog‘i sinishiga sababchi bo‘lgan, ammo avvaliga buni bolaning o‘zi yiqilib tushgani bilan izohlagan. Ammo kuzatuv kameralari yozuvlari boshqacha manzarani ko‘rsatgan edi.

Cobalt — eng ko‘p ishlab chiqarilgan avto

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar oyida eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil Cobalt bo‘ldi — 5 660 dona (o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 68 foizga ko‘p).

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bu davrda Damas (2765 dona), Kia (1978 dona), Onix (1462 dona), Tracker (1334 dona), BYD (802 dona), Chery (594 dona) va Haval (373 dona) avtomobillari ham ishlab chiqarildi.

Umumiy hisobda maxsus yengil avtomobillar soni 643 donani tashkil qildi.

Biroq yanvar oyida yengil avtomobil ishlab chiqarishning umumiy hajmi kamaygani qayd etilgan.

Tezkor tadbirlarda qurollar, narkotik va jinoyatchilar qo‘lga olindi

Toshkentda «Xavfsiz va sog‘lom poytaxt» oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 1 ta jangovar qurol va 21 ta pnevmatik qurol noqonuniy muomaladan olindi.

15 yanvardan 15 fevralgacha Toshkent shahar IIBB, DXX, prokuratura va Milliy gvardiya hamkorligida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda 801 ta giyohvandlik bilan bog‘liq holat aniqlandi, 21 kg 818 gr giyohvandlik vositalari va 28 790 ta kuchli ta’sir qiluvchi dorilar noqonuniy muomaladan chiqarildi.

Shuningdek, 488 ta jinoyat «issiq izidan» fosh etildi, 160 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 45 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topildi.

Bir oy davomida yo‘l harakati qoidalariga 102 ming 404 marta rioya etilmagani aniqlandi. Mast holda avtomashina boshqarish — 366 ta, qizil chiroqqa rioya qilmaslik bo‘yicha 83 ta holat qayd etildi.

Mavzuga oid