Jamiyat | 14:52 / 25.02.2025
1574
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: Tibbiyot mutaxassislari endilikda yangicha tanlov asosida xorijga o‘qish va malaka oshirish uchun yuboriladi 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugungi kunda eng chekka hududlarda ham ilg‘or diagnostika va davolash usullari keng qo‘llanmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqqa yanada yaqinlashyapti. Natijada joylarda tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib bormoqda.

Ushbu masalaning oqilona yechimi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 9 avgustdagi tegishli buyrug‘iga ko‘ra, yoshlarni magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida rivojlangan davlatlarga o‘qishga hamda bilim va malaka oshirish uchun yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Xo‘sh, bu jarayon endilikda qay tartibda tashkil etilyapti? Nomzodlar uchun qanday talablar mavjud?

 — Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining xorijiy oliy ta’lim muassasalari va markazlarida o‘qishga, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining chet elda malaka oshirish (stajirovka) va qayta tayyorlashga borishi tanlov asosida tashkil qilinadi, — deydi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov.

 — Muassasamiz nomzodlar tomonidan topshirilgan hujjatlarni qabul qilish va belgilangan tartibda tanlov o‘tkazish bo‘yicha ishchi organ etib belgilangan. Mazkur jarayon shaffofligini ta’minlash maqsadida “Sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash” mas.ssv.uz axborot tizimi joriy etildi. 

Bu elektron platforma orqali 2025 yil 1 martdan 31 martgacha nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

  • til bilish sertifikati (mavjud bo‘lsa);
  • malaka oshirish (stajirovka o‘tash) va qayta tayyorlashga qabul qiluvchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasasi yoki tibbiyot markazi taqdim etgan hujjat (rasmiy xat yoki boshqa hujjat), bunda o‘qishning boshlanish muddati 2025 yil may oyidan keyinga rejalashtirilishi lozim;
  • xorijda malaka oshirish (stajirovka o‘tash, qayta tayyorlashga o‘qishga borishdan maqsad, o‘qish rejasi, vatanga qaytib kelgach, olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga tatbiq etish rejalari aks etgan insho (essay));
  • oxirgi 2 yil ichida Davlat budjeti hisobidan xorijda malaka oshirmaganligi haqida nomzodning tilxati.

Nomzodlar taqdim etilayotgan hujjatlarning haqqoniyligiga shaxsan javobgar hisoblanadi.

Hujjatlari qabul qilingan nomzodlar bilan ular topshirgan insho (essay) asosida ishchi organ huzuridagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan onlayn suhbat o‘tkaziladi.

Tanlov natijalari ishchi organning axborot tizimida va veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Bunda, tanlov g‘oliblarining magistratura va klinik ordinaturada yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlari (kontrakt puli), shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining xorijda malaka oshirish (stajirovka) va qayta tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlari Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Eslatma: Sog‘liqni saqlash vazirligining Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi tanlov g‘oliblari bilan vazirlik tomonidan belgilangan tartibda shartnoma tuzadi. Ushbu shartnomalarda malaka oshirish (stajirovka o‘tash) ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olib kelgandan so‘ng 3 yil mobaynida, qayta tayyorlash, magistratura va klinik ordinatura ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qib kelgandan keyin esa 5 yil davomida davlat tibbiyot muassasalarida uzluksiz ishlab berish majburiyati ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid