Xorijda tibbiyot sohasida o‘qigan talabalarning 545 nafari testdan o‘tib, o‘qishni O‘zbekistonda davom ettiradigan bo‘ldi

Jamiyat 11:34 / 07.09.2021 8267

O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 15 iyuldan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy ta'lim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy ta'lim muassasasiga ko‘chirish tartibi joriy qilingan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan “Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlangan.

Mazkur hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 2 avgustda 2021/2022 o‘quv yilida tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga talabalar (klinik ordinatorlar) o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash jarayonlarini tashkillashtirish haqida 183-sonli buyrug‘i qabul qilinib, unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida xorijiy va nodavlat oliy ta'lim muassasalarining mos va turdosh ta'lim yo‘nalishlaridan tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirishda test sinovlari bo‘yicha o‘tish bali 100 ball etib belgilandi.

Joriy yil Davlat test markazining transfer.dtm.uz elektron tizimi orqali Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu masala bo‘yicha 6 372ta ariza kelib tushdi.

Test natijalariga ko‘ra, 100 ball va undan yuqori ball to‘plagan talabalar soni 545 nafarni, 56,7-99,9 ball to‘plaganlar 2 853 nafarni, 56,6 va undan past ball to‘plaganlar soni esa 2 764 nafarni tashkil etdi.

Ariza topshirganlarning 210 nafari esa turli sabablarga ko‘ra sinovlarda ishtirok etmagan.

«Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, bugun ko‘pchilik xorij tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan va o‘qishini yurtimiz tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish istagida bo‘lgan yoshlar orasida xorijiy va nodavlat oliy ta'lim muassasalarining mos va turdosh ta'lim yo‘nalishlaridan tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirishda test sinovlari bo‘yicha o‘tish bali 100 ball etib belgilangani biroz tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Avvalo shuni aytish kerak, tibbiyot yo‘nalishi inson salomatligi va hayotiga daxldor soha bo‘lgani va bu ish g‘oyat mas'uliyatli ekani bois, joriy yildan ana shunday yangi tartib o‘rnatildi. 

Ya'ni mazkur qoida mamlakatimiz tibbiyot tizimiga yetuk va malakali kadrlarni yetkazib berish, sohada chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, ushbu yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim sifatini yanada oshirish, bu orqali aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida qabul qilindi.

Shunday ekan, tibbiyot yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lishni istagan yoshlar uchun bilim sinovlari hech qanday murakkablik tug‘dirmaydi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: