O‘zbekiston | 21:23 / 25.02.2025
9120
2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlar vaziriga general-mayor harbiy unvoni berildi

Prezident farmoniga muvofiq Botir Qudratxo‘jayevga general-mayor harbiy unvoni berildi.

Botir Qudratxo‘jayev

Prezident farmoni bilan bosh prokuror o‘rinbosari — harbiy prokuror Botir Qudratxo‘jayev favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. FVV matbuot xizmatiga ko‘ra, vazirlikning yangi rahbariga prezident farmoni bilan general-mayor harbiy unvoni berilgan.

Botir Qudratxo‘jayev faoliyati davomida Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, viloyat prokurori bo‘lib ishlagan (2014−2016), keyin Toshkent shahri prokurori bo‘lgan (2016−2017), 2017 yil iyunidan 2020 yil oktyabriga qadar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori lavozimida ishlagan. 2020 yildan Xorazm viloyatiga prokuror bo‘lgan, 2022 yil noyabrida esa Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri va DXX raisining bir nafardan o‘rinbosarlari hamda ikki qo‘mondonga general-mayor unvoni berilgandi. Shuningdek, o‘shanda bosh prokuror o‘rinbosarlaridan biri va Qoraqalpog‘iston prokuroriga «III darajali davlat adliya maslahatchisi» maxsus unvoni topshirilgan edi.

Joriy yilning yanvarida esa O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovga general-polkovnik harbiy unvoni berilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid