O‘zbekiston | 20:35 / 24.02.2025
4453
5 daqiqa o‘qiladi

24 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Haydovchilar uchun yangi qonun, keskin qisqargan avtomobil importi, Farg‘onada o‘pirilgan yo‘l va chegaralari o‘zgarayotgan Samarqand shahri — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Haydovchilar uchun yangi qonun: yo‘l bezoriligi jazolanadi

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining to‘xtash talabini bir necha bor buzgan haydovchilar bir yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi va 11,25 mln so‘m jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, «Yo‘l bezoriligi» deb nomlangan yangi modda joriy etildi. Yo‘llarda drift qilish, tezlikni saqlagan holda transport vositasini sirpantirish, yo‘l yo‘laklarini keskin o‘zgartirish yoki harakatga qasddan to‘sqinlik qilish kabi holatlar uchun 1 yildan 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish va 9,3 mln so‘mgacha jarima belgilandi. Agar bu huquqbuzarlik haydovchilik guvohnomasisiz sodir etilsa, qariyb 19 mln so‘m jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga transport vositalarini mast holda boshqarishga oid yangi modda kiritildi, unga ko‘ra, bunday holatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Avtomobil importi keskin kamaydi

2025 yil yanvar oyida O‘zbekistonga 31 mln dollarlik 1796 dona yengil avtomobil import qilindi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan miqdor jihatdan 5,6, qiymat jihatdan esa 7 barobar kam.

Eng katta pasayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan — 31 barobar. Elektromobillar 6,7 barobarga, benzinli yengil mashinalar esa 2,5 barobarga kamaygan.

Mutasaddilar bu holatni 2024 yil 1 noyabrdan kuchga kirgan yangi texnik sinov talablari bilan bog‘lamoqda. Chunki avtomobillar endilikda bojxona hududida emas, Piskent poligonida tekshirilmoqda. Avtopoligonning cheklangan quvvati va elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvining joriy etilishi import hajmini keskin kamaytirgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Farg‘onada yo‘l o‘pirilishi oqibatida Damas ag‘darildi

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida halqa avtomobil yo‘lining bir qismi o‘pirilib tushdi. Bunga yo‘l yoqasidan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanalining suv sathi oshgani va suvning yo‘l tagiga sizib kirgani sabab bo‘lgan.

Hodisa 24 fevralga o‘tar kechasi 286-kilometrda sodir bo‘ldi. Yo‘lda harakatlanayotgan Damas ag‘darilib ketgan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan. Harakat vaqtinchalik cheklanib, aylanma yo‘l tashkil etildi.

Ushbu yo‘l 2024 yil avgustda ta’mirlangan bo‘lib, sutkasiga 30-35 ming transport vositasi harakatlanadi. Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi ta’mirlash ishlari 24 fevral soat 18:00 ga qadar yakunlanishini ma’lum qildi.

Buzilayotgan uy-joylar uchun to‘liq kompensatsiya kafolatlanadi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 martdan ko‘p kvartirali uy-joylarni renovatsiya qilish tartibi joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, renovatsiya faqat barcha mulkdorlar bilan notarial kelishuv imzolangandan so‘ng amalga oshiriladi.

Mulkdorlar kompensatsiyaning uchta turidan birini tanlashi mumkin:

1. Yangi turar joy bilan ta’minlash — maydoni kamaymagan, yashashga tayyor kvartira va qurilish davrida ijara xarajatlarini to‘liq qoplash.

2. Bozor qiymatiga teng pul kompensatsiyasi — turar va noturar joylar uchun.

3. Boshqa kelishilgan variant — renovatsiya tashabbuskori bilan kelishuv asosida.

2025 yil 1 maydan qurilish jarayoni to‘liq onlayn tarzda «Shaffof qurilish» tizimi orqali amalga oshiriladi. Ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirishda faqat Qurilish inspeksiyasi va yong‘in nazorati xulosasi talab qilinadi.

Samarqand shahri va tumanlari chegaralari o‘zgartiriladi

Samarqandda Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab 10 mlrd dollarlik «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi qurilishi sabab shahar va tuman chegaralari o‘zgarishi belgilandi.

Senat qaroriga ko‘ra, Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer Samarqand shahriga qo‘shiladi. Natijada «Shirin» mavzesi 665 gektarga kengayib, 180 ming aholiga mo‘ljallangan 60 ming xonadonli 254 ta ko‘p qavatli uylar, 45 ta ijtimoiy obekt quriladi.

Ushbu loyiha shaharning me’moriy qiyofasini yaxshilash, turizm va investitsiya salohiyatini oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid