Rossiya G‘arbda muzlatilgan aktivlari Ukrainani qayta tiklash uchun yo‘naltirilishiga ruxsat berishi mumkin
RF qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin G‘arb davlatlari Rossiyaning 300 mlrd dollardan ziyod suveren aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Reuters manbalariga ko‘ra, Rossiya tinchlik sulhi doirasida ushbu mablag‘lardan Ukrainani tiklashda foydalanilishiga ruxsat berishi mumkin.

Foto: AFP/Getty Images
Rossiya muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlari Ukrainani qayta tiklash uchun yo‘naltirilishiga rozi bo‘lishi mumkin, biroq mablag‘larning bir qismi RF nazorat qilayotgan hududlarga sarflanishini talab qiladi. Bu haqda uchta manbasiga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu g‘oya hozircha dastlabki bosqichda. U Rossiya va AQShning Saudiya Arabistonidagi muzokaralarida muhokama qilingan yoki qilinmagani ham noma’lum.
Moskvadagi munozaralardan xabardor manbalardan birining ma’lum qilishicha, Rossiya muzlatilgan mablag‘larining uchdan ikki qismi tinchlik sulhi doirasida Ukrainani qayta tiklashga, qolgan mablag‘lar esa Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarni tiklash uchun yo‘naltirilishiga rozi bo‘lishi mumkin. Reuters suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, qayta tiklash bo‘yicha bo‘lajak shartnomalarni qaysi kompaniyalar qo‘lga kiritishi muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Kremlga yaqin, ammo muzokaralarda bevosita ishtirok etmayotgan manbaga ko‘ra, Rossiya sanksiyalarning bosqichma-bosqich yumshatilishi doirasida baribir aktivlarining blokdan chiqarilishini talab qiladi.
2022 yilda RF qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin G‘arb davlatlari Rossiyaning 300 milliard dollardan ziyod suveren aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Mablag‘larning katta qismi Yevropa depozitariylarida saqlanadi. Ukraina ittifoqchilari urush boshlanganidan beri muzlatilgan Rossiya mablag‘larini musodara qilish va uni Kiyevga yordam uchun yuborish imkoniyatini muhokama qilib keladi.
2024 yil iyunda G7 davlatlari yetakchilari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadlar hisobidan Ukrainaga 50 milliard dollar taqdim etishga kelishib olgandi. O‘z navbatida Kreml G‘arbning Rossiya aktivlarini musodara qilish rejasini davlat va xususiy mulkka tajovuz, shuningdek, noqonuniy harakat deb atagan.
Jahon bankining baholashicha, Ukrainani qayta tiklash uchun 486 milliard dollar talab etiladi.
Mavzuga oid

10:25
Kurskdagi qurbonlar - komendantlik soatini buzganlar, vayronalar ostida qolganlar va yuragi dosh bermaganlar

08:30
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni kuchaytirmoqchi

00:18
Shveytsariya 30 mingdan ortiq ukrainalikni qochoq maqomidan mahrum qildi

20:56 / 17.03.2025