Jahon | 08:03 / 20.02.2025
17123
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: «Amerikaning pragmatizmidan umid qilaman»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi reyting va saylov o‘tkazish zarurati haqidagi bayonotlaridan so‘ng videomurojaat yo‘lladi.

Foto: TETIANA DZHAFAROVA | AFP / SCANPIX

Bu 13 fevraldan beri Zelenskiyning ilk videomurojaati bo‘ldi. Prezidentning nega uzoq vaqt video chiqarmagani rasman izohlanmagan, ammo u shu davrda xalqaro safarlarda bo‘lgani ma’lum.

Zelenskiy o‘z murojaatida Trampning maxsus vakili Kit Kellogning Kiyevga tashrifi, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muloqoti haqida so‘zladi. Shuningdek, u «Amerikaning pragmatizmi» va dunyo tinchlik uchun birlashishiga umid qilib qolishini ta’kidladi.

«Bugun Ukrainadaman. Harbiylardan frontdagi vaziyat, Kursk operatsiyasi haqida ma’lumot oldim. Yigitlarimiz pozitsiyalarni saqlab turibdi va shu orqali davlatimiz suverenitetini himoya qilinmoqda.

Bugun armiyamiz uchun yangi buyurtmalar ustida ko‘p ish olib borildi. Bu bizning ichki ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan — yangi shartnomalarni ishlab chiqmoqdamiz.

Siyosiy jihatdan ham muhim kun bo‘ldi: armiya qo‘mondonligi, razvedka va vazirlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar AQSh prezidenti vakili — general Kellog bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish uchun muhim edi. General Kellog Kiyevga allaqachon yetib kelgan va Bosh qo‘mondon Sirskiy, maxsus xizmatlar rahbarlari hamda Prezident ma’muriyati vakillari bilan uchrashdi.

Ertaga mening general Kellog bilan uchrashuvim rejalashtirilgan. Bu uchrashuv va umuman, AQSh bilan hamkorlik konstruktiv bo‘lishi juda muhim. Amerika va Yevropa bilan birgalikda tinchlikni mustahkamlash mumkin va bu —bizning maqsadimiz. Eng muhimi, bu maqsad nafaqat bizniki, balki hamkorlarimizniki ham bo‘lishi lozim.

Biz bu urushni ilk soniyalaridanoq tugatishni xohlaganmiz. Men aniq ishonaman, biz urushni yakunlaymiz — va bu mustahkam tinchlik bo‘ladi. Rossiya Ukrainaga yana hujum qila olmasligi, asirlikdagi fuqarolarimiz qaytishi va mamlakatimiz kelajagi ta’minlanishi kerak. Bu har qanday millat uchun tabiiy istakdir.

Bugun NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan gaplashdim. Biz o‘tgan voqealar va yaqin orada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlarni muhokama qildik. Uning maslahatlari va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorman.

Amerika senatori Lindsi Grehem bilan ham muloqot o‘tkazdim. U juda konstruktiv inson va uning yordami juda muhim. Amerikadagi ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlovi uchun tashakkur. Biz bu hamkorlikni davom ettiramiz.

Bugun, shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan gaplashdim. U menga hamkorlar bilan yangi muloqotlari va kelishuvlari haqida ma’lumot berdi. Biz uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini shakllantirish juda muhim. Bu hamkorlarimizning umumiy vazifasi va har bir yetakchining faoliyati biz uchun qadrli.

Ayni paytda Odessada Rossiya hujumidan keyin ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Hanuz 80 mingdan ortiq odam elektr ta’minotisiz qolmoqda, shuncha odam issiqlikdan ham ayrilgan. Biz barqarorlikni tiklash uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz va bu muammo bartaraf etiladi. Mamlakatimiz va xalqimiz uchun mehnat qilayotgan har bir kishiga minnatdorchilik bildiraman.

Men Ukraina birligiga, jasoratiga, hamkorlar bilan munosabatlarimizga, Yevropa birligiga va Amerikaning pragmatizmiga ishonaman. Xuddi bizga zarur bo‘lganidek, Amerikaga ham muvaffaqiyat kerak.

Muvaffaqiyat — birlashtiradi. Bizning birga ekanligimiz –kelajagimiz uchun eng muhim himoyadir. Biz kelajakni Putin bilan emas, tinchlik bilan ko‘ramiz.

Bu — butun dunyo uchun tanlov: kuchlilar Putinni tanlaydimi yoki tinchlikni? To‘g‘ri yo‘l — tinchlikni tanlash.

Barcha qo‘llab-quvvatlayotganlarga rahmat!» — dedi Zelenskiy o‘z murojaatida.

Avvalroq, Tramp jurnalistlarga Zelenskiyning ishonch reytingi 4 foizni tashkil etishi, bu so‘rov natijalariga tubdan zid ekanini aytdi. Ukraina prezidenti bu dezinformatsiyani «Rossiyadan kelgan» deb atadi. Zelenskiy Tramp «dezinformatsiya makonida» yashayapti, degan xulosaga kelgan.

Bunga javoban AQSh prezidenti Zelenskiyni «saylovsiz diktator», deb atab, Ukrainada urush boshlanishiga sababchi qilib ko‘rsatdi.

AQSh vitse prezidenti Jyey Di Vens esa Zelenskiyga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Donald Trampni omma oldida tanqid qilmasligi kerak edi, deya ta’kidladi.

Vensga ko‘ra, Zelenskiyga AQShning yangi ma’muriyati bilan muloqot qilish bo‘yicha «yomon maslahatlar» berishgan. U haqorat qilish orqali Trampning fikrini o‘zgartirishga bo‘lgan urinishni «jirkanch muloqot usuli», deb atagan.

Mavzuga oid