Tramp Ukraina bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lganini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainani Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan mablag‘larni qaytarish imkonini beradigan nodir metallar bo‘yicha kelishuvni buzishda aybladi.

Foto: AFP
«Bizda nodir metallar va boshqa narsalar bo‘yicha kelishuv bor edi, ammo ular ikki kun oldin bu kelishuvni buzishdi», — dedi Tramp Mayamidagi investitsiya forumida.
O‘z nutqida Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga hujumlarni davom ettirdi va AQSh Kiyevga yordam berish uchun 350 mlrd dollar sarflagani, biroq Yevropa davlatlaridan farqli o‘laroq, evaziga hech narsa olmaganini aytdi.
«AQSh buning evaziga hech narsa olmagan bir paytda, ular [Yevropa] o‘z pullarini qaytarib olmoqda», — degan u.
Fevral oyi boshida Tramp Kiyevga yordam evaziga Ukrainaning foydali qazilmalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishni istayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ukrain zamini nodir yerosti metallari nuqtayi nazaridan juda katta qiymatga ega».
«Men pullarimiz xavfsizlikda bo‘lishini istardim, chunki biz yuzlab milliard dollar sarflaganmiz», — degandi Tramp.
O‘tgan hafta AQSh moliya vaziri Skott Bessentning Ukraina poytaxtiga tashrifi chog‘ida Kiyevga foydali qazilmalarga sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasi loyihasi taqdim etilgan. Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Ukraina hukumati uni o‘rganish niyatida.
OAV xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida Zelenskiy AQSh Ukrainaning foydali qazilmalaridan 50 foizini so‘ragani aks etgan hujjatni imzolashdan bosh tortgani haqida xabar tarqatgan.
Volodimir Zelenskiy ham o‘tgan hafta oxirida mazkur hujjat imzolash uchun tayyor bo‘lmaganini aytdi.
Reuters o‘z manbalariga tayanib tayyorlagan eksklyuziv materialida keltirilishicha, Oq uy Ukraina bilan soddalashtirilgan bitim tuzishga urinib ko‘rishi va keyinroq kelishuvning batafsil shartlarini muhokama qilishi mumkin.
Agentlik Volodimir Zelenskiy Vashingtonning Ukrainaning grafit, uran, titan va litiyni o‘z ichiga oluvchi o‘ta muhim mineral resurslarining 50 foizini olish haqidagi taklifini rad etganini tasdiqlagan.
Litiy elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishda muhim komponent hisoblanadi.
19 fevral kuni Kiyevdagi brifingda Zelenskiy AQSh bilan resurslarga kirish bo‘yicha bitim tuzishga tayyorligi, lekin buning evaziga Kiyev xavfsizlik kafolatlari talab qilayotgani, AQSh taklif qilgan hujjatda esa bu haqda hech narsa yo‘qligini ta’kidladi.
«AQSh nodir metallar bo‘yicha noaniq taklif berdi. Hech qanday xavfsizlik kafolati ko‘rsatilmagan. Birgina aniq narsa — ular barcha metallarning yarmiga ega bo‘lishni xohlaydi. Men «Kelinglar, foizlarni yozamiz. Men Ukrainani himoya qilyapman, davlatni sotolmayman», dedim. Hammasini shu. Ijobiy tomondan qarash uchun men: «Siz qandaydir kafolatlar yozasiz, biz esa qandaydir foizlar yozamiz», dedim. Menga «faqat 50 foiz», deyishdi. Men esa: «Okay, no» dedim. Endi bu masalani yuristlar muhokama qiladi. Aslida, biz bundan qo‘rqmaymiz va bu hujjatni jamoatchilikka taqdim qilishga tayyorman», — dedi Zelenskiy.
Shu kunlarda Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kiyevda bo‘lib turibdi, u payshanba kuni Zelenskiy bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
AQSh rasmiylari kelishuvga erishish uchun harakat qilishda davom etadimi, degan savolga javob berar ekan, Trampning maslahatchilaridan biri anonimlik sharti bilan Reuters’ga shunday dedi: «Albatta, biz bu yigitni reallikka qaytarishimiz kerak».
Ehtimoliy kelishuvni muhokama qilish tafsilotlari, jumladan, Amerika ma’muriyatida kelishuv loyihasini tayyorlashda kimlar ishtirok etgani haqidagi ma’lumotlar noma’lumligicha qolmoqda, deya ta’kidlagan agentlik.
Mavzuga oid

16:59
Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

23:40 / 09.03.2025