O‘zbekiston JST a’zosi bo‘lishiga uzog‘i 1 yil qolgani aytildi
“Qaror qat’iy, 2026 yilga ko‘p vaqt qolmadi”, dedi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotidagi bosh muzokarachisi Azizbek Urunov. A’zolik jarayoni 2026 yil mart oyi oxirigacha rasman yakunlanishi aytilmoqda.

JSTning Jyenevadagi bosh shtab-kvartirasi / Foto: Kun.uz
18-19 fevral kunlari Jyenevada Jahon savdo tashkiloti bosh kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda tashkilot bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala 2024 yilda Timor-Leste va Komor orollari JST a’zosi bo‘lishgani, endilikda 2026 yil 26-29 mart kunlari Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JST sammitiga qadar O‘zbekiston, Bosniya va Gersegovina hamda Efiopiyaning tashkilotga qo‘shilishiga e’tibor qaratishni taklif etgan.
Bu masala yuzasidan JSTning 26 a’zosi o‘z fikrini bildirgan. Xususan, 16 a’zo mamlakat O‘zbekistonni aniq va qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Azizbek Urunov ushbu mamlakatlarga minnatdorchilik bildirib, ularning ro‘yxatini keltirdi: Argentina, Braziliya, Botsvana, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Pokiston, Filippin, Janubiy Afrika, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston.
“Qaror qat’iy, 2026 yilga ko‘p vaqt qolmadi”, deya yozdi Urunov LinkedIn sahifasida.

“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, 20 fevral kuni Azizbek Urunovning Londonga tashrifi doirasida Buyuk Britaniya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Tashrif davomida Britaniya biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
“Uchrashuvlarda Britaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qildi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Britaniya Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘sish va rivojlanish dasturi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, dastur doirasida mutaxassislarning institutsional salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kelishib olindi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish sari qadamlari
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024 yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yili may oyidagi yig‘ilishda O‘zbekiston ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid

13:29 / 08.02.2025
“Utilizatsiya qarori ortidan O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lolmaydi” – ekspertlar bilan suhbat

12:14 / 27.01.2025
Saida Mirziyoyeva Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni haqida ma’lumot berdi

12:14 / 07.01.2025
Eksportni qo‘llab-quvvatlash choralari JST talablariga muvofiqlashtiriladi

15:55 / 28.12.2024