20 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qidiruvga berilgan diniy bloger, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga mukofotlar, imtiyozdan mahrum qilinadigan ekinsiz tomorqa egalari va davlat ulushi xususiylashtirilgan «Trest-12» — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Mubashshir Ahmad qidiruvga berildi
O‘zbekiston huquq-tartibot organlari diniy bloger Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ni qidiruvga berdi. U Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi birinchi qismi – taqiqlangan tashkilotlar tuzish va ularda ishtirok etish ayblovi bilan tergov qilinmoqda.
Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Shohrux G‘iyosov uning qidiruvga berilganini tasdiqladi, biroq qachon va qanday ayblovlar asosida tergov boshlanganini ochiqlamadi.
Mubashshir Ahmad O‘zbekistonda diniy ma’rifiy loyihalar, bir nechta diniy kitoblar muallifi sifatida tanilgan. U 2023 yilda Turkiyada qo‘lga olingan, biroq dalillar topilmagani sabab qo‘yib yuborilgan edi.
Urush qatnashchilariga 10 ming dollardan mukofot
Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, urush qatnashchilari va nogironlariga 10 ming dollar, ularga tenglashtirilgan shaxslarga 25 mln so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 mln so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi.
Hujjatga ko‘ra, 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.
Mukofotlar respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Davlat organlari va jamoat tashkilotlari bu mablag‘larning tantanali tarzda topshirilishini ta’minlaydi. Farmon ijrosi bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi.
Tomorqasiga ekin ekmaganlar imtiyozlardan mahrum bo‘ladi
O‘zbekistonda aholini tomorqalaridan samarali foydalanishga undash uchun yangi choralar e’lon qilindi. Tomorqasida ekin ekmaganlar uchun yer solig‘i 3 barobar oshiriladi, imtiyozli kreditlar berilmaydi va kambag‘allar reyestridan chiqarilishi mumkin.
Mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari har chorakda tomorqalar holatini tekshirib boradi.
Qayd etib o‘tish joizki, O‘zbekistonda 2018 yildan beri tomorqasini ishlatmaganlar uchun yer solig‘ini oshirish tartibi amal qilib kelgan. 2020 yilda tomorqadan foydalanmaganlarni javobgarlikka tortish haqida qonun taklif etilgan, biroq Senat uni rad etgan edi.
O‘zbekiston va Ozarboyjon ID-kartalarni tan oladi
O‘zbekiston va Ozarboyjon fuqarolariga chet el pasportisiz chegarani kesib o‘tish imkonini beruvchi ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasi muhokama qilinmoqda.
Ikki davlat vazirlik va idoralari vakillari elchixona ko‘magida onlayn uchrashuv o‘tkazib, ID-kartalarni rasmiy hujjat sifatida tan olish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu qadam fuqarolar harakatini soddalashtirish, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va migratsiya siyosatida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
ID-kartalardan foydalanish sayohatlarni yengillashtirish bilan birga savdo-iqtisodiy, madaniy va sayyohlik aloqalarini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
«Trest-12»dagi davlat ulushi xususiylashtirildi
O‘zbekistondagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri «Trest-12» AJ ustav kapitalidagi 51,1 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi. Bitim qiymati 111 mlrd so‘m bo‘lib, xaridor Delta Global Dynamics MChJ kompaniyasi bo‘ldi.
Bu kompaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi, O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodi, UNG Petro zapravkalar tarmog‘i hamda Chinoz neftni qayta ishlash zavodini sotib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
«Trest-12»dagi davlat ulushini sotib olish uchun 4 ta kompaniya qiziqish bildirgan, ammo faqat 2 tasi rasmiy taklif taqdim etgan. Xususiylashtirish jarayonida Deloitte konsalting kompaniyasi ishtirok etgan. Delta Global Dynamics 111 mlrd so‘mlik eng yuqori taklifni berib, g‘olib deb topilgan. Xaridor 2 yil davomida korxonadagi ish o‘rinlarini saqlab qolish, ish haqi fondini kamaytirmaslik va jamoa shartnomalarini o‘zgartirmaslik majburiyatini olgan. Bitim Xususiylashtirish davlat komissiyasi tomonidan ma’qullangan.
Delta Global Dynamics MChJ 2022 yil yanvarda Toshkentda ro‘yxatga olingan bo‘lib, asosiy faoliyati tijorat va boshqaruv maslahatlari bilan bog‘liq. Kompaniyaning ustav fondi 200 mln so‘m bo‘lib, 100 foiz ulushi Doniyor Komilovga tegishli.
Mavzuga oid

00:19 / 08.03.2025
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:30 / 06.03.2025
6 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:22 / 05.03.2025
5 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:10 / 04.03.2025