Muzokarami yoki gurung: AQSh va Rossiya bosh diplomatlari uchrashuvi haqida
Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh delegatsiyalari Ukrainadagi urushni tugatishni muhokama qilish bo‘yicha ilk rasmiy uchrashuvni o‘tkazdi. Bu urushni tugatish yo‘lidagi jiddiy qadam deyish mumkin. YouTube-kanaldagi navbatdagi videomizda ushbu uchrashuvga oid asosiy xabarlarni keltiramiz.
Ikki tomonda ham bosh diplomatlar
Har ikki tomondan o‘z mamlakatining asosiy diplomatlari ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasini Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshqardi. Unga Yuriy Ushakov hamrohlik qildi. Lavrovni ko‘pchiligingiz taniysiz, lekin Ushakov degan odam haqida unchalik ko‘p eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Eslab qoling, u juda katta odam, Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi, amalda Rossiya tashqi siyosatining kuratori. Byurokratik jihatdan Lavrov undan kattaroq, lekin Amerika vakillari bilan uchrashuvda ruslarning asosiy odami katta ehtimol mana shu Ushakov bo‘lgan. Darvoqe, bu diplomat naq 10 yil Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan.
Amerika delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qildi. Unga Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols hamroh bo‘ldi.
Ushakov muzokara qanday o‘tdi degan savolga yomon emas, deb javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda juda jiddiy masalalar muhokama qilingan. Shuningdek, Tramp va Putinning o‘zaro uchrashuvi masalasi haqida gaplashishgan. Ushakov bu uchrashuv kelasi haftada o‘tkazilmasligi aniqligini aytgan. Avvalroq Bloomberg Tramp va Putin 24 fevraldan 2 martgacha uchrashishi mumkinligini yozgandi.
Hozircha Rossiya va Ukraina diplomatlari aynan nimalarni gaplashgani haqida gapirishmadi. Anig‘i shuki, ular ikki tomonlama muloqot doimiy davom etishi va buning mexanizmlari borasida kelishib olgan. Reuters uchrashuv yakunlari bo‘yicha qiziq ma’lumot e’lon qildi. AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusga ko‘ra, Vashington va Moskva urushdan keyin ham hamkorlikni davom ettirishga kelishib olibdi. Qiziq, hali urush tugagani yo‘q, lekin amerikaliklar va rossiyaliklar urushdan keyingi masalalarni muhokama qilib yurishibdi. Demak ular har ikki davlat hududida bo‘lmayotgan urushni tugatishga shunchalik ishonyapti.
«Biz hech qanday muzokarani qabul qilmaymiz»
Shu o‘rinda Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi uchrashuv Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha rasmiy muzokara emasligini eslatish kerak. Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus va Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog buni ta’kidlab aytdi. Ularga ko‘ra, bu uchrashuvdan maqsad Rossiya hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni tiklab olish. Shu sabab unga Ukraina vakillari taklif qilinmagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ar Riyozda Rossiya va AQSh urush bo‘yicha qandaydir kelishuvga erishsa, Kiyev uni aslo qabul qilmasligini ko‘p marta takrorladi.
Rossiya «plankani ko‘tarmoqda»
Endi gapimizning asosiy joyiga keldik. Saudiyadagi uchrashuvdan keyin ma’lum bo‘ldiki, Rossiya urush bo‘yicha talablarni ko‘paytira boshlagan. Axir Amerika prezidenti Tramp kelganidan buyon Putinni tanqid qilgani yo‘q, o‘zaro uchrashuvda ham uni maqtab qo‘ygandir balki. Putin Oq uydagi yangi ma’muriyat uning siyosatiga qarshi chiqmayotganini ko‘rgach, tabiiyki, Ukrainaga ko‘proq shart qo‘yishga kirishdi.
Endi Ukraina NATOga kirmasligi Putin uchun yetarli bo‘lmaydi. Fox News telekanaliga ko‘ra, Rossiya uch bosqichdan iborat tinchlik rejasi talab qilmoqda. Ya’ni avvalo o‘t ochishni to‘xtatish, keyin Ukrainada prezidentlik saylovi o‘tkazish, shundan keyin oxirgi kelishuvni imzolash. Rossiya Ukrainada prezidentlik saylovi o‘tkazilishini eng asosiy talab deb hisoblamoqda. Shuningdek, respublikachilarni qo‘llovchi ushbu kanal jurnalistlariga ko‘ra, Putin va Tramp o‘zaro suhbat vaqtida ham Ukrainadagi saylovlar masalasini muhokama qilib, Zelenskiyning imkoniyatlarini past baholagan.
Ma’lumot uchun, Kiyev mamlakat urush holatida bo‘lgani uchun o‘tgan yil o‘tkazilishi lozim bo‘lgan prezidentlik va parlament saylovlarini qoldirgandi. Ukraina hukumati hozir mamlakatning katta qismi Rossiya nazoratiga o‘tib ketgani, juda ko‘p erkaklar jang maydonida ekani va mamlakat saylov o‘tkazadigan holatda emasligi, shuningdek, qonundagi cheklov sabab prezidentlik saylovi bo‘lmasligini ma’lum qilgan.
AQSh davlat kotibi Rubio Tramp Ukrainadagi urushni 2-3 yilga emas, butunlay tugatmoqchi ekanini aytdi. Ko‘ramiz, voqealar rivoji AQSh Ukrainaning kapitulyatsiyasini istayotganiga ishora qilmoqda. Tramp Ukraina yerlarini Rossiyaga qo‘shqo‘llab topshirishini istayotgani ko‘rinib turibdi.
Myunxen konferensiyasida chiqish qilgan amerikaliklar urush muzokaralarida Yevropani ochiqchasiga chekkaga chiqarib qo‘ydi. Bundan 87 yil avval aynan Myunxenda bir davlat boshqa bir davlatga o‘z yerlarini topshirishga majburlangandi. Bu borada butun boshli kelishuv ham imzolangan. Bir yil o‘tib esa insoniyat tarixidagi eng mash’um qirg‘inbarot boshlangan. Umid qilamiz, insoniyat o‘sha dahshatli xatoni qaytib takrorlamaydi. Oxiri baxayr bo‘lsin.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid

23:36
Ukraina va AQSh Jiddada muzokaralarni yakunladi. Kiyev 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi

19:53
Yevropa nimadan qo‘rqmoqda: mintaqa o‘zini himoya qila oladimi?

18:09
Trampni qo‘llab-quvvatlagan biznes elita milliardlab dollar yo‘qotdi

17:26