Korrupsiyaga qarshi kurash: iqtisodiy yondashuv
“Mansabdor yer sotdi”, “davlat mablag‘lari talon-toroj qilindi” – kunora shunaqa xabar o‘qiymiz. Lekin bu korrupsionerlarning qo‘lga tushgani, tushmaganlari qancha? Hammasini aniqlash qiyin, murakkab. Lekin jinoyatchilarning xulq-atvoriga qanday omillar ta’sir qilishini avvaldan bilish mumkin.
Nega ayrim shaxslar o‘z mansabini suiiste’mol qiladi? Ular yomon insonlarmi yoki korrupsiya ularning qon-qoniga singib ketganmi? Yo‘q, aslida, ular shunchaki iqtisodiy hisob-kitob orqali, kutilmalar ijobiy bo‘lgani uchun jinoyat qilish qarorini qabul qilishadi.
Har bir shaxs biror ishga qo‘l urar ekan, uning foyda va zarari, ehtimoliy manfaat va xavflarini hisobga oladi.
Ba’zan jinoyatchilikni kamaytirish uchun asosan qattiqroq jazolarni joriy etish, umrbod qamoq yoki o‘lim jazosini qo‘llash taklif qilinadi. Lekin og‘ir jazo belgilash muammoni hal qila olmaydi. Masalan, Shimoliy Koreyada korrupsiya uchun og‘ir jazo – uzoq muddatli qamoq va hatto o‘lim jazosi ham qo‘llanadi. Shunga qaramay, Transparency International’ning 2023 yilgi korrupsiyani qabul qilish indeksida Shimoliy Koreya 180 mamlakat orasida 172-o‘rinni egallagan. Bu esa jazolarning qattiqligi jinoyatchilikni kamaytirishda yetarli emasligini ko‘rsatadi. Xo‘sh, qaysi omil jinoyatchilikning kamayishiga turtki bo‘ladi?
Jinoyat va jazo: iqtisodiy yondashuv
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Geri Bekker 1968 yilda chop etilgan “Jinoyat va jazo: Iqtisodiy yondashuv” nomli maqolasida jinoyatchilikni iqtisodiy model sifatida tahlil qilgan.
Uning fikricha, jinoyatchilar oddiy iqtisodiy agentlar singari, o‘z manfaatlarini maksimal darajada oshirishga harakat qiladi. Ular jinoyat sodir etish yoki qilmaslik haqidagi qarorlarini ehtimoliy foyda va xarajatlarni tahlil qilish orqali qabul qilishadi. Bekker jinoyatchilarni ratsional agentlar deb hisoblaydi. Ya’ni ular jinoyatdan oladigan manfaat bilan jazoga tortilish ehtimoli va jazoning og‘irligini solishtirib qaror qabul qiladilar.
Model quyidagi asosiy elementlardan iborat:
1. Jinoyatdan olinadigan foyda (B – benefit): Jinoyatchi sodir etgan jinoyat natijasida oladigan moddiy yoki nomoddiy manfaat.
2. Jazoga tortilish ehtimoli (p – possibility): Hukumat tomonidan jinoiy faoliyatga qarshi choralar qanchalik samarali ekanini ifodalaydi. (0 < P < 1)
3. Jazoning qattiqligi (F – failure cost): Agar jinoyatchi qo‘lga tushsa, unga beriladigan jazoning og‘irlik darajasi.
Jinoyatchining qaror qabul qilish jarayoni quyidagi formula orqali ifodalanadi:
- EU = (1 – p) * B – p * F
Bu yerda EU – jinoyatchining kutilayotgan foydasi (expected utility). Agar EU musbat bo‘lsa, jinoyat sodir etish iqtisodiy jihatdan foydali deb topiladi. Agar EU manfiy bo‘lsa, jinoyatchi jinoyat sodir etmaydi. Tushunganingizdek, p bu jazolanish ehtimolligiga teng bo‘lsa, demak (1 – p) jinoyatchining jazolanmaslik ehtimoliga teng.
Misol uchun, tasavvur qiling, tuman hokimiga $25 000 pora taklif qilindi. Xo‘sh, hokim qanday qaror qabul qilishi mumkin:
- Agar poraxo‘rlik “muvaffaqiyatli” o‘tsa, $25 000 foyda oladi (B = $25 000).
- Agar qo‘lga tushsa va 10 yilga qamalsa, bu davrda yo‘qotadigan daromadi (agar oylik maoshi $800 bo‘lsa), F = 800 * 12 * 10 = $96 000.
- Jazolanmaslik ehtimoli yuqori deb hisoblasak, p = 0,2
Bu holda kutilayotgan foyda quyidagicha hisoblanadi:
- EU = (1 – 0.2) * 25 000 – 0.2 * 96 000
- EU = 20 000 – 19 200 = 800
Natija musbat bo‘lgani uchun, jinoyat qilish iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lib chiqadi.
Yuqoridagi modelning mohiyatini tushunib olgan bo‘lsak, keling, endi potensial jinoyatchilarning jinoyat qilmaslik qarorini tanlashiga turtki bo‘luvchi omillarga to‘xtalib o‘tamiz.
Korrupsiyani kamaytirishning ikki usuli
Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining 2024 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashish harakatlari 100 balldan 32 balga baholangan, bu esa hali ham korrupsiya yuqori ekanini bildiradi (100 ball – eng past korrupsiya darajasi, 1 ball – eng yuqori korrupsiya darajasi). Umuman olganda, nafaqat korrupsiya darajasi, balki umumiy jinoyatchilik darajasi ham 2019-2023 yillarda 2,3 barobarga (46 mingdan 104 mingtaga) oshgan.
Bu ko‘rsatkichlardan taxmin qilish mumkinki, O‘zbekistonda potensial jinoyatchining jinoyat qilishidan oldin jazolanish ehtimoli to‘g‘risidagi kutilmalari juda ijobiy, ya’ni p 1 dan ancha uzoq va 0 ga juda yaqin bo‘lishi mumkin.
Demak, jazolanish ehtimolini oshirish – jazoning muqarrarligi ta’minlanishi bilan amalga oshishi kerak.
Buning uchun, sudning de-fakto musstaqilligini va demokratiya darajasini oshirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlash zarur. Shu yo‘l bilan, jazolanish ehtimoli (p) ni oshirish, ya’ni 1 ga yaqinlashtirish hamda jazolanmaslik ehtimoli (1 – p)ni kamaytirish, ya’ni 0 ga yaqinlashtirish mumkin. Natijada kutilayotgan foyda (EU) aksariyat hollarda manfiy bo‘ladi.
Albatta, bu eng muhim va qilinishi shart bo‘lgan ishlardan bo‘lsa-da, qo‘shimcha sifatida F ni, ya’ni jazoning og‘irligini ham oshirish mumkin. Ammo bu jazo sifatida uzoq muddatli qamoq yoki o‘lim kabi og‘ir jazo belgilanishi kerak degani emas. F ni boshqa, ya’ni oylik daromadlarni oshirish yo‘li bilan ham kattalashtirish mumkin. Misol uchun, hokimning maoshi yuqoridagi kabi $800 emas, $2000 bo‘lsa, keyingi 10 yilda topishi mumkin bo‘lgan kattaroq foyda yo‘qotilishi va kutilayotgan foyda manfiy chiqishi mumkin edi. Biroq, muammo shundaki, oylik daromadlarni oshirish oson ish emas. Muhim davlat amaldorlariga qo‘shimcha pul berish uchun boshqa joydan pul olishga to‘g‘ri keladi. Ammo qayerdan, buni qanday amalga oshirish mumkin?
Yaponiyalik olimlar o‘tkazgan, 82 ta mamlakatni qamrab olgan tadqiqotda, demokratiya darajasi past mamlakatlarda iqtisodiyotda davlat ulushining kengayishi korrupsiya darajasining oshishiga olib kelishi o‘rganilgan. Demak, davlat apparatini qisqartirish iqtisodiyotda davlat ulushining qisqarishiga hamda o‘z-o‘zidan korrupsiya darajasining tushishiga olib keladi. Bundan tashqari, davlat apparatida qolgan xodimlarning oylik maoshlarini oshirishga imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu orqali jinoyat uchun jazoning og‘irligi ham oshadi (F kattalashadi).
Bu borada Gruziya tajribasi yaqqol misol bo‘la oladi. Saakashvili hokimiyatga kelgach, ma’muriy islohot va xususiylashtirish orqali iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirgan edi. Natijada korrupsiya manbasi bo‘lmish ko‘plab lavozimlar yo‘qolib ketgach, korrupsiya darajasi ham sezilarli pasaydi.
Gruziya 2003 yilda Korrupsiyani qabul qilish indeksida 124-o‘rinni egallagan bo‘lsa, islohotlardan so‘ng, 2010 yilda Transparency International Gruziyani “dunyodagi eng yaxshi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi davlat” deb e’tirof etdi. 2014 yilga kelib, Gruziya 51-o‘ringa ko‘tarilib, Yevropa Ittifoqining ayrim rivojlangan mamlakatlarni ham ortda qoldirdi.
Iqtisodchi Larisa Burakovaning “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi” nomli kitobida, Gruziya korrupsiyaga qarshi kurash kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Vato Lejava shunday degan edi:
“Agarda davlat xizmatchisining maoshi 20 dollar bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurashishni qanday qilib unga ishonib topshirish mumkin? Yaxshisi bu xodimning o‘zi ham, bu kabi vazifa ham bo‘lmagani ma’qul. Ya’ni xodimlar sonini kamaytirish, ularning maoshlarini bir necha marta oshirish va hatto nazariy jihatdan ham keraksiz bo‘lgan bu kabi vazifalarga barham berish kerak”.
Xulosa
Jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishda jazolarning qattiqligidan ko‘ra, ularning muqarrarligi muhimroq. Jazo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, jazolanish ehtimolligi past bo‘laversa, korrupsiya va shu kabi jinoyatlarning oldini olish imkonsiz bo‘lib qolaveradi.
Jinoyatchilar ratsional qaror qabul qiluvchi agentlar bo‘lib, ular ehtimoliy foyda va yo‘qotishlarni hisobga oladi. Shu sababli, korrupsiyani kamaytirish uchun jazolanish ehtimolini oshirish hamda davlat xizmatchilarining maoshlarini ko‘tarish orqali jinoyatni iqtisodiy jihatdan foydasiz qilish zarur.
Muhammad Turniyozov
Mavzuga oid

14:04 / 05.03.2025
Prezident amaldorlarning hashamat va dabdabaga intilishini korrupsiyaning ildizi deb atadi

13:43 / 05.03.2025
Prezident advokatlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish topshirig‘ini berdi

12:21 / 05.03.2025
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti keldi - prezident

12:10 / 05.03.2025