O‘zbekiston | 14:27 / 14.02.2025
4241
6 daqiqa o‘qiladi

«Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlar ovozini eshitishga majbur» - prezident

Yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda.

Davlat rahbari so‘zining avvalida azm-u shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi. 

«Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. 

Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz. Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? 

Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar», - dedi prezident.

Yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.

«Hozirgi vaqtda dunyodagi «top» oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik. Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topildi. 

Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda», - dedi prezident. 

Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlardan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi. 

«Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q», - dedi prezident.

Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.

Bu davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi. 

Bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi. Birgina «Yoshlar daftari» orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda.

Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi. 

Shu bilan birga, Sho‘rchi, Buvayda, Furqat, Kasbi, Forish tumanlarida ishsiz yoshlar ko‘pligi u yerdagi rahbarlarning mas’uliyatsizligidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.

Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi. 

«Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz», - dedi prezident.

O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

Endi, Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.

Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan  Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘pladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.

Yana bir ibratli misol – «Kitobsevar millat» g‘oyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan «Yosh kitobxon» tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetdi.

Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan «Mutolaa» loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga kirdi.

Hozirgi tezkor axborot almashinuvi davrida yosh avlod, ayniqsa, bolajonlarimiz uchun milliy kontentlarni yaratish dolzarb vazifadir. Bunday kontentni bog‘cha va maktabdagi ta’lim jarayonlarida namoyish etish orqali yanada ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid